Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:15

Pensiyasini to‘liq plastik kartaga o‘tkazmaganlar bir necha oylab pensiya ololmayapti


Chirchiq shahridagi aloqa bo‘limi
Chirchiq shahridagi aloqa bo‘limi

Chirchiq shahrilik bir guruh pensionerlar Ozodlikka maktub yo‘llab, mart oyidan buyon pensiyalarining naqd pulda beriladigan qismini ololmayotganidan shikoyat qildi. Qariyalarning aytishlaricha, rasmiylar shu yo‘l bilan ulardan pensiyalarini to‘laligicha plastik bank kartlariga o‘tkazishga majburlashga harakat qilishmoqda.

Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi pochta aloqasi bo‘limlari pensiya so‘rab ularning eshigini qoqqan pensionerlarga “pul yo‘q”, deb javob bermoqda.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan qariyalarning yozishlaricha, ularga mart, aprelь va may oyining pensiyalari hanuz berilgani yo‘q:

“Pochta xodimlari pensionerlarga pulingizni plastik kartochkaga o‘tkazsangiz, pensiyangizni o‘z vaqtida olasiz. Aks holda, bundan keyin naqd pul yo‘qligi bois pensiyalarning uch-to‘rt oyga cho‘zilishi tabiiy hol bo‘lib qoladi, deb aytmoqda. Lekin, pochta xodimlari aprel oyining pensiyasini tanish-bilishlariga navbatsiz berayotgani haqida faktlar bor”, deb yozadi pensionerlar.

Chirchiq shahridagi Avtomobilchilar ko‘chasida istiqomat qiladigan pensioner Gulchehra opaning aytishicha, agar ular pensiyalarini to‘liq plastik bank kartasiga o‘tkazishga rozilik bersa, pensiyasining 10-15 foizini kartochkadagi pulni naqdlash uchun sarflashiga to‘g‘ri keladi:

“Turmush o‘rtog‘imning pensiyasi plastikka o‘tkazilgan. Kommunal to‘lovlar va aptekadan dori-darmonni erimning kartochkasiga olamiz. Mening naqd puldagi pensiyamni esa bozor-o‘charga, yo‘lkiraga ishlatardik. Endi men ham pensiyamni plastikka o‘tkazishlariga rozilik bersam, uni naqd qilish uchun 10-15 foizidan voz kechishimga to‘g‘ri keladi, Kartochkani naqdlashtirishning boshqa iloji yo‘q, chunki, bankomat degan narsaning o‘zi yo‘q, bankka borganingiz bilan naqd qilib bermaydi. Pensiyam esa bor-yo‘g‘i 250 ming so‘m. Og‘ir kunlarga qoldik”, deydi Gulchehra opa.

Chirchiq shahridagi pochtalardan birining o‘zini tanishtirmagan operatori Ozodlik bilan suhbatda, pensionerlarning arzi to‘g‘ri ekanligini tasdiqladi, biroq bunda pochta xodimlarining aybi yo‘qligini ta’kidladi:

“To‘g‘ri, naqd puldagi pensiyalarni berish uch oyga cho‘zildi. Axir bizga naqd pul berishsa beramizda, bo‘lmasa biz qaerdan olamiz. Qariyalar esa bu narsani yaxshi tushunishmaydi, ya’ni faqat pul beradigan joy aybdor deb hisoblashadi. Banklardan naqd pul tushumi o‘tgan yildagidan ancha pasayib ketdi. Bizga ertalab kelgan puldan kechga borib kassada bir so‘m ham qolmaydi. Ro‘yxat qilib, navbatma-navbat, ko‘chama-ko‘cha tarqatyapmiz”, dedi pochta operatori.

Pochta bo‘limi xodimi, qariyalarga pensiyalarini plastik kartochkaga o‘tkazishlari haqida tavsiya berishayotganini inkor qilmadi:

“Ba’zan ularning ahvolini ko‘rib, bizning ham rahmimiz kelib ketadi. Shunda “hoy, otaxon, pensiyangizni plastikka o‘tkazsangiz bunaqa bo‘lmaydi, o‘z vaqtida pul hisobingizga tushadi”, deb aytyapmiz. To‘g‘ri, plastikning yomon tomoni ham bor, uni naqdlashtirish qiyin. Lekin asta-sekin yaxshi bo‘lib ketadi, degan umidamiz”, deydi operator.

Naqd pul taqchilligi bois pensiya va maoshlarning bir necha oylab kechikishi viloyatlardagi davlat korxonalari va byudjet tashkilotlari xodimlari hamda pensionerlar uchun keyingi ikki yilning hodisasiga aylangan.

O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekiston Markaziy banki Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga taqdim etgan ichki bildirishnomada mamlakat iqtisodida vujudga kelgan naqd pul taqchilligi hal etilmasa “avvaldan aytib bo‘lmaydigan oqibatlar”ga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

Bu ogohlantiruvdan o‘tgan bir yil davomida hatto ichki ishlar va bojxona tizimlari xizmatchilarining maoshlari vaqtida berilmayotgani bilan bog‘liq holatlarni Ozodlik tez-tez yoritmoqda.

XS
SM
MD
LG