Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:46

Maktablarda bitiruv kechalari o‘tkazmaslik haqida "kafolat xatlari" olinmoqda


O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilarning bitiruv kechalarini o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymaslik, imtihonlar yoki boshqa tadbirlar uchun o‘quvchilardan pul yig‘ish, maktab rahbarlari yoki o‘qituvchilarga sovg‘alar taqdim qilishga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘qituvchilar, sinf rahbarlari hamda maktab direktorlaridan "kafolat xat"lari olinmoqda.

Toshkentdagi maktablardan birining rahbari Ozodlik bilan suhbatda bu haqda shahar xalq ta’limi boshqarmasidan qattiq topshiriq bo‘lganini aytdi.

- Bu yil juda qattiq bo‘lyapti. Kecha ota-onalar va o‘qituvchilarni yig‘ib bitiruv kechalarini o‘tkazmaslik to‘g‘risida “kafolat xat”larini oldik. Ularga aytdik, pul yig‘im-terimlari bo‘lmaydi. Bunga yo‘l qo‘ygan o‘qituvchi ishdan ketadi,- dedi ismi sir qolishini istagan toshkentlik maktab rahbari.

O‘zbekistonda taqiqqa qaramay bitiruv kechalari va o‘qituvchilarga sovg‘a berishlar davom etaverishi ortidan bu yil xalq ta’limi boshqarmalari huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda bunday holatlarning oldi olinishini qattiq nazorat ostiga olganliklarini aytishmoqda.

- Bu yil huquq-tartibot idoralari buni qattiq nazorat qiladi. Bitiruv kechalari bo‘layotgan bo‘lsa, taqa to‘xtatilib ota-onalari va o‘qituvchilariga tanbehlar beriladi. O‘qituvchilar va direktor buning uchun ishidan ayrilishlari mumkin. Chunki, bu yil qattiq qo‘yilyapti, maktablar rahbarlari bu haqda yozma ogohlantirildi,- deydi Samarqand viloyati Qo‘shrobod tumani Xalq ta’limi bo‘limi mulozimi.

Maktablarga maorif boshqarmalaridan jo‘natilgan xatda 9-sinf o‘quvchilari ishtirokidagi "So‘nggi qo‘ng‘iroq", “Hayr maktab – salom kollej” tadbirlarini maktab hovlisidagi ochiq maydonlarda, ko‘pi bilan bir soat davomida o‘tkazish tayinlangan.

- “Ohirgi qo‘ng‘iroq”da bitiruvchilar sinf rahbarlariga she’rlar aytib, ularni xursand qiladi. Gul berilishi mumkin. Oldingiday sovg‘alar berish man etilgan. Taqiqlangan tadbirlarning o‘tishiga yo‘l qo‘yilsa, ota-onalar Xalq ta’limi boshqaruv idoralariga shikoyat qilishlari mumkin,- deydi toshkentlik maktab rahbari.

Bitiruvchilarning ko‘ngilochar bog‘larda yoki restoranlarda yig‘ilib, yil yakunini o‘zaro nishonlash taqiqlanishiga ota-onalar turlicha munosabat bildirishadi.

Sirdaryolik Fazilat opa biritruv kechalari, o‘qituvchilarga sovg‘a-salomlar berilishining taqiqlanishi to‘g‘ri, deb hisoblaydi.

- To‘g‘ri qilishadi, nima keragi bor. Kimning qurbi yetadi, kimniki yetmaydi. Maktab chiroyli qilib bitiruv kechasini uyushtirib bersa bo‘ldi-da. Nima keragi bor dabdabaning,- deydi Fazilat opa.

Xorazmlik Muhabbat opa esa odam hayotida bir marta bo‘ladigan maktab bitiruv kechalarining taqiqlanishiga qarshi.

- Axir bu odam hayotidagi eng unutilmas voqeaku. Shuncha vaqt bir sinfda o‘qib, o‘quvchilar bir marta maktabni so‘nggi kuni mazza qilib o‘yin-kulgi qilsa, parkga borsa, restoranda o‘tirsa, nimasi yomon buning? Biz ham shunaqa kechalarni o‘tkazganmiz va hozirgacha eslaymiz,- deydi Muhabbat opa.

Ayni paytda mavjud taqiqqa qaramay ayrim shahar va tumanlarda bitiruvchilarning dabdabali kechalar o‘tkazishi to‘xtamagan.

- O‘tgan yili ham bor edi bu taqiq. Lekin o‘qituvchilarga ham, maktab direktorlariga sovg‘alar ham berildi. Kechalar ham bo‘lyapti, faqat yashirin. Qizim oldingi yili maktabni tugatdi. Sovg‘aga 50 ming so‘mdan yig‘ishgandi. Sinfdoshlar parkda yig‘ilishib, o‘tirishgan, suratga tushishgan, unga ham shuncha puldan yig‘ishgandi,- deydi samarqandlik Farmon aka.

Samarqand shahar xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi bu yil shunday harakat bo‘lsa, sinf rahbari hamda ota-onalar javobgar bo‘lishini aytdi, lekin rasmiy javobgarlik qay ko‘rinishda bo‘lishiga oydinlik kiritmadi.

Bu yil ham yarim millionga yaqin o‘quvchi maktabni tugatadi.

Bitiruvchilarning 450 mingdan ortig‘i kasb-hunar kollejlari, 50 mingga yaqini akademik litseylarda o‘qishni davom ettirish niyatini bildirgan.

XS
SM
MD
LG