Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:57

O‘zbekistonda ko‘mirni chapga sotgan “jinoiy guruh” jarima bilan qutuldi


Energetika tanqisligi ko‘mirga ehtiyojni ko‘paytirdi
Energetika tanqisligi ko‘mirga ehtiyojni ko‘paytirdi

Toshkent viloyatida minglab tonna ko‘mirni o‘marib¸ briket qilib sotgan guruh jarimaga tortilganidan keyin ham ayni sohadan chetlashtirilmagan.

Bu borada “O‘zbekko‘mir” shirkati ishchilari Ozodlikka murojaat qilishdi.

Ularning yozishicha¸ “Ko‘mir o‘g‘irlab ishdan ketishga majbur bo‘lgan mansabdorlar ham yana aylanib kelib baribir “O‘zbekko‘mir” korxonalarining birida yoki ko‘mir atrofida korxonalarda” ishlab yurishibdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ joriy yil boshida “O‘zbekko‘mir” tizimlarida keng ko‘lamda olib borilgan prokuratura taftishi ortidan “jinoiy sxema tuzib ko‘mir o‘g‘irlagan” mulozimlar davlat hisobiga 1,8 milliard so‘m jarima to‘lashgan.

O‘tgan oy mamlakatni tark qilgan Angrenlik inson huquqlari faoli Dmitriy Tixonovning o‘z tasarrufidagi moliyaviy hujjatlarga tayanib bildirishicha¸ mamlakatda ko‘mir qazib olish 2016 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,5 foizga kamaygani jinoiy sxemalar bilan bog‘liq.

-Men bilgan bitta xolatni o‘zida sakson vagon ko‘mir o‘g‘irlangani tergov qilindi. Bunday faktlar o‘nlab. Endi o‘zingiz tasavvur qilib olavering o‘g‘irlik ko‘lamini¸ deydi suhbatdosh.

Qora ko‘mirning qora bozori

Tixonov iddaosiga ko‘ra¸ “qazib olingan ko‘mirning bir qismi davlat tarozisini chetlab o‘tib qora bozorda sotilgan”

-Azaldan, ochiq ko‘mir konlaridagi o‘g‘irlik katta bo‘lib kelgan va yaqinlargacha bu o‘g‘irlik bilan konlar yaqinida yashovchi aholi shugullaanar edi. Ammo bir necha yil oldin konlarni qo‘riqlash Ichki ishlar vazirligiga berilib keskin kuchaytirildi va aholi tomonidan o‘g‘irliklar kamaydi deyiladi, ammo bu bilan o‘g‘irlik kamaymadi. Aksincha bugungi o‘g‘rilar “O‘zbekko‘mir” rahbariyatiga yaqin, kon va uni qo‘riqlashga aloqador odamlardir¸ deya iddao qiladi suhbatdosh

Tixonovning aytishicha¸ “Davlat tarozisini aylanib o‘tgan ko‘mir briket ishlab chiqaruvchi korxonalarga etkazilgan”

-Ko‘mir o‘g‘irlashning yangi va markazlashgan sxemalari paydo bo‘ldi. Bu sxemaga ko‘ra qayd qilinmagan davlat ko‘miri briket ishlab chiqariladigan hususiy shirkatlar yetkazilmoqda¸ deya gapirgan manbaning iddaosiga ko‘ra “O‘g‘irlanayotgan ko‘mir ortida aynan “O‘zbekko‘mir” rahbariyatidagi guruh turibdi.”

-Rahbariyat sifatli ko‘mirni briket shirkatlariga berib sifati yaroqsiz bo‘lgan ko‘mirni vodiy aholisiga davlat belgilagan narxdan 2-3 baravar qimmatga, taroziga tortmasdan, olsang shu, olmasang katta ko‘cha, deb o‘tkazayapti. deya iddao qildi manba.

Briket tujjorlari qo‘lida ko‘mir changi oltinga aylandi

Tixonovning aytishicha Angrenda ish olib boraëtgan 3 ta briket shirkati ko‘mir changidan pul qilish yo‘liga o‘tgan:

-Ular hech qanaqa briketni ishlab chiqarib ham o‘tirmaydi. Kon rahbariyati bilan kelishib yuqori sifatli ko‘mirni ko‘mir changi deya rasmiylashtirib arzonga olib aholiga sotishmoqda deya iddao qildi manba.

Bu gaplar to‘g‘ri¸ ammo...

“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati e’lon qilgan so‘nggi bayonotga ko‘ra, 2016 yilning birinchi yarim yilida jami 806,9 ming tonna ko‘mir qazib olingan va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,0 foizga kam.

“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ ko‘mir qazilishining kamaygani “Faqat ko‘mir o‘g‘rilariga bog‘liq emas”

Manbaning aytishicha¸ “Ko‘mir o‘g‘rilari davlatga keltirgan ziyonni qoplashgan”

-Ularga nisbatan sud ko‘mir sohasida ishlamasin deb ajrim chiqarmagan¸ shu bois ularning yana ko‘mir ta’minoti sohasida ishlashiga huquqiy to‘siq yo‘q. Ko‘mirni kamayishiga o‘g‘irlik asosiy sabab emas. Xavfsizlik va texnologik jihatdan muammolar paydo bo‘lgani bois qazib chiqarish siz aytgandek 12 foizga emas baliki 7 foizga kamaydi. Shaxta ichini qiyaligi normaga ko‘ra etti foiz bo‘lishi kerak. Angrendagi shaxtalarda esa qiyalik 35 foiz. Bu taxlikali. Shaxta o‘pirilib odamlarni bosib qolishi mumkin. Shu bois qazish hajmi kamaygan deydi “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatidagi Ozodlik manbasi.

Texnologik tanazzul

Angrenlik inson huquqlari faoli Dmitriy Tixonov Angren konini ochish jarayonida texnologiyani jiddiy buzilishi rasmiylar aytganidan ancha katta ko‘lamda ekanligini ta’kidladi:

Ikki yil ichida bir necha bor ko‘chkilar o‘pirilib, ikkita ekskavatorni bosib qoldi, bitta mashinist nobud bo‘ldi. Bitta ekskavatorni arang chiqarib olishdi, ikkinchisi butunlay yaroqsiz holga keldi. Konini texnologiyasining buzilishi xech kimni bezovta qilmayotganligi kishini vaximaga soladi¸ deydi suhbatdosh.

Tixonovning ishonishicha¸ ko‘mir konlaridagi texnologik tanazzul ko‘mir tijratidagi korruptsiyaga esh bo‘lmoqda.

Yana Husan Moskovskiy

Maqolani yozish asnosida O‘zbekiston ko‘mir sanoatidagi jinoyatlarga xozir qidiruvga berilgan tadbirkor Husan Ziyomuhammedovning aralashgani o‘rtaga chiqdi.

Ziyomuhammedov Angrendagi past sifatli ko‘mir kukuniga Qozog‘istondan keltirilgan yuqori sifatli ko‘mir qo‘shib briket yaratish bilan bog‘liq sxemalarda qatnashganini Ozodlik manbasi bildirdi.

Manbaning aytishicha¸ 2014 yilda import ko‘mirni yetkazib berishni “Xusan Moskovskiy” degan amalga oshirgan.

-Aslida bu davlat valyuta zahiralarini o‘g‘irlash sxemasi edi. Moskovskiy go‘yoki Qozog‘istondan olib kelgan import ko‘mirdan xanuzgacha “O‘zbekenergo”ning valyuta qarzi mavjud¸ deydi manba.

XS
SM
MD
LG