Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:50

Rassomlarning "prezident trassasi"ga qaragan ustaxonalari tortib olinmoqda


Toshkent shahri Nukus ko‘chasida joylashgan uylar fasadi.
Toshkent shahri Nukus ko‘chasida joylashgan uylar fasadi.

Toshkentlik rassomlar "prezident trassasi"¸ qolaversa Shanxay hamkorlik tashkiloti prezidentlari avtokarvoni o‘tadigan ko‘chalardagi ustaxonalaridan mahrum bo‘lmoqda.

Toshkentning "Buyuk ipak yo‘li" metro bekati yonidagi xalq orasida "Gorkiy uyi" nomi bilan mashhur binoning yuqori qavatida joylashgan rassomlar ustaxonasining ko‘chaga qaragan qismi tunuka bilan yopib qo‘yildi.

Bundan tashqari¸ Buyuk Ipak yo‘li metrosini Qurolli kuchlar muzeyi bilan bog‘laydigan Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasidagi rassomlarning ustaxonalarini yopish haqida TSJ ( Binolar boshqaruv idorasi) vakillari qog‘oz olib kelib berishgan.

Bu ko‘chada taniqli o‘zbek rassomlari Ne’mat Qo‘ziboev¸ Isfandiër Haydarov va Lekim Ibrohimov ustaxonalari bor.

Bundan oldin derazalari "trassa" ga qaragani sababli O‘zbekiston Xalq rassomi G‘afur Qodirov¸ Ronald Kleyer, Xurshid Ziyoxonov kabi 12 nafar rassom o‘z ustaxonasidan mahrum qilingan edi.

Ozodlik manbasining aytishicha¸ rassomlik ustaxonalarini katta ko‘chadan siqib chiqarish bir yildan beri davom etmoqda va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida yanada kuchaygan:

- Bugun ShHT deb kelishdi. Kecha esa qandaydir sammitga tayyorgarlik degan bahonada, lekin aslida IShID kirib keladi, degan vahimada "trassa" (prezident harakatlanadigan yo‘lning shartli nomi -tahr.) bo‘ylab qo‘shimcha choralar nuqtai nazaridan, "perestroyka" ketayapti. Ustaxonani bo‘shatinglar¸ustaxona shaharni portit qilayapti¸ deb rassomlarga tazyiq qilishmoqda. "Gorkiy-Dom"ning tepasidagi to‘rtta blokning har birida rassomlar ustaxonalari mavjud. Derazalari "trassa" ga qaragani sababli G‘afur Qodirov ustaxonasining hamma oynalarini alyukabond bilan qoplab tashlashdi. Rassomga nur kerak¸ tabiiy quyosh nuri. Mulozimlar buni tushunmaydi¸" deydi manba.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyatiga yaqin Ozodlik manbasining bildirishicha¸ aslida sammit va xavfsizlik bahonasida¸ rassomlik ustaxonalari joylashgan joyga xaridor chiqqani bois har xil bahonalar bilan ularni siqib chiqarish ishlari ketmoqda:

- Shahar markazidagi Diplomatiya instituti yonida rassomlik ustaxonalari bor. Elitniy joylar bular. TSJ ham¸ arxitektura ham o‘sha yerni sotib olmoqchi bo‘lgan boyvachchalarni obslujivat qiladi. Shu paytgacha chet elga ko‘chib ketgan yoki o‘lib ketgan rassomlarning ustaxonalarini tortib olib¸ buzib o‘rniga boshqa bino qurishdi. ShHT¸ yoki prezident trassasi¸ degan gap bahona¸ deydi suhbatdosh.

Penoplast ko‘zbo‘yamachiligi

ShHT sammiti arafasida nafaqat rassomlar¸ balki derazasi ko‘chaga qaragan oddiy shaharliklar ham TSJ mulozimlari xarxashasini bajarish majburiyatida qolmoqda.

ShHT tadbirlari arafasida binolarning tashqi ko‘rinishini qayta rekonstruksiya qilish ishlari boshlanib, turar joy va tashkilotlar binolarining qoraytirilgan oynalari, konditsioner va sun’iy yo‘ldosh antennalari oldirib tashlandi.

Ozodlik manbasining aytishicha Nukus ko‘chasining Bobur ko‘chasidan boshlab Abdulla Qodiriy ko‘chasigacha bo‘lgan hududi, so‘ngra Mustaqillik ko‘chasigacha bo‘lgan hududdagi uylar fasadi penoplastdan yasalgan dekorativ bezaklar bilan qoplangan.

Mirobod tuman hokimligidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ bu ko‘chani keng ko‘lamli obodonlashtirish borasida Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori mavjud:

- ShHT tadbiri asosiy sabab emas. Umuman prezident trassasidagi ko‘chaga yondosh hududlarning arxitektura qiyofasi yangilash¸ ko‘chaning yoritish tizimlari, trotuarlari, favvoralarini ta’mirlash haqida qaror bor¸ deydi Ozodlik manbasi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ gap Vazirlar mahkamasining “Toshkent shahri magistral ko‘chalarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 227-sonli qaror haqida ketmoqda.

Ana shu qarorni tez bajarish uchun ko‘p qavatli sovet uylarining fasadi penoplast modullar bilan xo‘jako‘rsinga bezatilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatlashgan toshkentlik dizayner Renat Abdullaev vaziyatning kulgili tarafiga e’tibor qaratdi:

- Diplomatiya instituti yonidagi uyni penoplast bilan bezatib qo‘yishibdi. Agar bilsangiz ilgari uning pastida “Turkuaz” do‘koni bor edi. Do‘kon egalari qamalib¸ bino bo‘sh yotgan edi. Xullas¸ o‘sha bino derazalarining tagiga ham penoplast tokcha qilishib jigar rangga bo‘yab qo‘yishibdi. Xuddi marmardan qilingan¸ deganday. Kimdir uning ustiga gultuvak qo‘ygan ekan¸ sinib ketgan. TJK dan kelib¸ "tuzatib qo‘y"¸ deyishdi. PVA kley bilan yamab qo‘yishdi. Ertaga issiqda erib ketadi bu penoplast. Esingizda bo‘lsa¸ shu ko‘chaga soatlar o‘rnatushuvdi. Ko‘chada tik turadigan soat. O‘sha soatlar ham issiqda qiyshayib erib ketgan edi¸ deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG