Линклар

logo-print

Qirg‘iziston Davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq rahbari, hozirda prezident maslahatchisi bo‘lgan Busurmanqul Tabaldievning rossiyalik biznesmen Musa Bajaev bilan Jeruy oltin konidagi vaziyat bo‘yicha telefon suhbati yozuvi matbuotga oshkor bo‘lgach, jamoatchilikda norozilik uyg‘ondi. Suhbatda kondagi norozilikni bostirish masalasi muhokama qilingan. Hukumatdan suhbatni kim, nima maqsadda yozib oldi va amaldorga qanday chora ko‘riladi, kabi savollarga javob berish talab qilinmoqda.

Audioyozuv mazmuni

Audiosuhbatdagi Tabaldievnikiga o‘xshagan ovoz sohibi go‘shakning u tarafidagi suhbatdoshiga Qirg‘iziston prezidenti Jeruy oltin koni tegrasidagi vaziyatni kuzatib turishni unga topshirganini aytadi.

Tabaldiev ekani iddao qilinayotgan ovoz sohibi, shuningdek, konda ishchilar miting rejalayotgani va xavfsizlik xizmatini safarbar qilishdan boshlash kerakligini aytadi. Hatto, kon bo‘yicha ishlarga o‘zining sobiq o‘rinbosari, MXQ generali Musaev nomzodini taklif qiladi.

Rossiyalik biznesmen Musa Bajaevga ekani iddao qilinayotgan ovoz sohibi esa prezident yordami uchun tashakkur bildirib, MXQ bilan yaqin hamkorlikka tayyorligini bildiradi.

Shu bilan yozib olingan telefon suhbati tugaydi.

Bosh prokuraturaga ariza

Bu audioyozuv jamoatchilikka oshkor bo‘lgach, fuqarolik jamiyati faollari prezident va Qirg‘iziston MXQ sobiq raisiga o‘z xizmat vazifasini suiste’mol qildi, deya jiddiy e’tirozlar bildira boshladi.

Faollardan biri Adil Tursunov yozuvning asl yoki soxtaligini aniqlab berishini so‘rab, Bosh prokuraturaga ariza kiritdi:

- Garchi biz huquq-tartibot idoralariga ishonmasak-da, bu holda qonun asosida harakat qilishimiz kerak. Darhol, prezident va xavfsizlik xizmati xorijga josuslik qilayapti, deb ayblov yog‘dirmasdan, bu yozuvning haqiqiyligini aniqlashimiz kerak, - deydi faol.

Investor manfaatlari himoyasi

Qirg‘iziston Davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari, hozirda prezident maslahatchisi bo‘lgan Busurmanqul Tabaldiev hozircha bu borada biror izoh bergani yo‘q. Ammo, prezident devonidagi ayrim rasmiylar shunday suhbat bo‘lgani va muloqotdan maqsad xorijlik sarmoyador manfaatlarini himoya qilish bo‘lganini aytmoqdalar.

Hozirda Jeruy konida ish olib borayotgan «Alyans Altin» shirkati vakili Daniyar Janikulov esa aslida bu konda ishlash loyihasi uchun o‘tgan tender ham adolatli bo‘lgani va hukumat ishtirokchilardan birortasiga yon bosmaganini iddao qilmoqda:

- Qirg‘iziston tarixida ilk bor hukumat konda ishlash haqqini tanlov natijalari asosida berdi.Ochiq tanlov bo‘ldi. Bizga hukumat yon bosgani haqidagi gaplar esa bo‘hton, - deydi mojarolar markazida qolayotgan konda ishlayotgan shirkat vakili.

Milliy xavfsizlik muammosi

Yozib olingan telefon suhbati matbuotga oshkor bo‘lgach, jamoatchilikda buni kim va nima maqsadda yozib oldi, degan yana bir jiddiy savol ko‘tarildi.

«Butun Qirg‘iziston» partiyasi lideri Adaxan Madumarovga ko‘ra, MXQ sobiq rahbarining telefon suhbatining eshitilishi - mamlakat xavfsizligiga tahdid borligiga jiddiy ishoratdir:

- Agar, bu mulozimning suhbati eshitilayotgan bo‘lsa, u holda boshqa rahbarlar, prezident suhbati eshitilmayotganiga kim kafolat beradi? Bu yerda muxoliflar o‘rtasidagi kurashgina emas, balki butun boshli mamlakat xavfsizligi haqida gap bormoqda, - dedi siyosatchi.

Jeruy oltin konidagi mojaro

Bu kondagi oltinni qazib olish bo‘yicha loyiha o‘tgan yili may oyida tenderga chiqarilgan va «Alyans Altin» shirkati unda g‘olib chiqib, hukumatga 100 million dollar to‘lagan edi.

Bundan tashqari, investorga kon tegrasidagi aholi punktlarida 100 ta maktab qurish va yana 100tasini ta’mirlash, zavod qurib, aholini ish bilan ta’minlash sharti qo‘yilgan edi.

Ammo kon joylashgan Talas viloyati aholisi Jeruy konidagi ishlar va sarmoyadorning va’dalari ijrosidagi sustligidan norozi bo‘lib, bir necha por miting o‘tkazdi. «Alyans Altin» shirkati esa ayblovlarni inkor qilmoqda va kon yaqinida joylashishi rejalangan oltinni qayta ishlash zavodi shu yil yakunidan qurila boshlashini va’da qilmoqda.

Jeruy - Qirg‘izistonda Qumtor konidan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan yirik oltin konidir. Unda zahira 84 tonna atrofida, deb baholangan.​

XS
SM
MD
LG