Линклар

Moskvadagi Mosfilm ko‘chasidan taniqli aktyor Yevgeniy Leonov bronza haykalini o‘g‘irlab ketgan o‘zbek muhojirlari ustidan hukm o‘qildi. Nikulinsk tuman mahkamasi ettovlonni o‘g‘irlikda aybdor deb topdi va ularni qamoqqa jo‘natdi.

O‘tgan yil oktyabrida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Mosfilm kinostudiyasi yonidagi “Yulduzlar alleyasidan” “Omad jentlmenlari” filmi qaxramoni "Dotsent" haykalini Gazel avtomashinasi yordamida ag‘darib olib ketgan edi.

E.Leonov haykali o‘g‘irlanishidan oldin

E.Leonov haykali o‘g‘irlanishidan oldin

Omadsiz “jentlmenlar” 300 kilolik bronza haykalni kesib, metallolom qabul qilish shohobchasiga 39 ming rublga sotgan. Bu vandalizm Rossiya jamoatchiligi orasida katta tortishuvlarga sabab bo‘ldi: kimdir bu yodgorlik yo‘qotilganidan quvonganini bildirsa, boshqalar o‘g‘rilarni qattiq jazolanishni talab qildi.

Moskva shahar Nikulinsk tuman sudi Abduhalim Rafiev, Behzod To‘raev, Fazliddin Shermatov, Usmonjon Umarov, Sardor Rafiqaliev, Asqarbek Abduxalilov va Bekzod To‘ychiboevni o‘g‘irlikdan bir kun o‘tib hibsga oldi.

Sud zalida o‘g‘irlikni tashkillashtirganlikda ayblanayotgan Rustam Istamatovgina yo‘q edi – xalqaro qidiruvga berilgan bu yigitning jinoyat ortidan darhol O‘zbekistonga chiqib ketishga ulgurgani aytilmoqda. Dastlabki tergov chog‘ida besh O‘zbekiston fuqarosi Yevgeniy Leonov sharafiga o‘rnatilgan haykalning me’moriy qiymatini bilmaganliklarini aytgan.

Tergov davomida sudlanganlar yaqinlarining "Dotsent" haykalini tiklashga 500 ming rubl yig‘ib bergani ma’lum bo‘ldi.

"Dotsent" yodgorligi hozirgacha o‘rniga qaytarilgani yo‘q. Ayni paytda, Yevgeniy Leonov obrazini qayta tiklash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Bronza monumenti Jukovskiy shaharchasida qayta quyiladi va yodgorlik muallifi Yelena Chernishova yaqin orada "Dotsent"ni deyarli o‘zgarishsiz yana o‘z joyiga qaytarishga va’da berdi.

Rossiya teatri va kinosining taniqli namoyandasi Yevgeniy Leonov haykali 2001 yilda Moskvadagi "Yulduzlar xiyoboni"ga o‘rnatilgan edi.

"Omadli jentlmenlar" sovet davrida suratga olingan eng ommabob komediya filmlari sirasiga kiradi.

O‘zbek muhojirlari qo‘l urgan vandalizm bu film shuhartini yana qayta tikladi - 1971 yilda suratga olingan ushbu filmni o‘g‘irlikdan keyingi bir yil ichida 65 milliondan ko‘proq odam tomosha qilgan.

XS
SM
MD
LG