Линклар

Binali Yildirim. Turkiyaning keyingi bosh vaziri bo‘lishga chog‘langan odam kim?


Turkiya transport va aloqa vaziri Binali Yildirim.

Turkiya transport va aloqa vaziri Binali Yildirim.

Turkiyaning iqtidordagi Adolat va taraqqiyot partiyasi ijroiya qo‘mitasi 19 may kuni amaldagi transport va aloqa vaziri Binali Yildirimni partiya raisligiga nomzod o‘laroq ko‘rsatdi. Yildirim nomzodi partiyaning 22 may kuni o‘tkazilajak qurultoyida ma’qullanishi kerak.

An’anaga muvofiq, Turkiyada mamlakat parlamentida ko‘pchilikni tashkil qilgan partiya vakili bosh vazir kursisini egallaydi.

Binali Yildirim joriy oy boshida Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi hamda bosh vazir lavozimidan iste’foga ketgan Ahmed Dovudo‘g‘lining o‘rniga kelishi kutilmoqda.

Yildirim Istanbul texnik universitetining Kemasozlik va dengiz fanlari fakultetini bitirgan, keyin esa Skandinaviya o‘lkalarida tajriba oshirgan.

Binali Yildirim Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning 22 yillik “qadrdoni” (Erdo‘g‘on Istanbul meri bo‘lib ishlab yurgan paytlardan beri) bo‘lib hisoblanadi. U Erdo‘g‘on tomonidan 2001 yilda tuzilgan Adolat va taraqqiyot partiyasining ham asoschilaridan biridir.

Binali Yildirim (chapda) "qadrdoni" Rajab Toyyib Erdo‘g‘on (markazda) va sobiq bosh vazir Ahmed Dovudo‘g‘li (o‘ngda) bilan.

Binali Yildirim (chapda) "qadrdoni" Rajab Toyyib Erdo‘g‘on (markazda) va sobiq bosh vazir Ahmed Dovudo‘g‘li (o‘ngda) bilan.

Yildirim 2002 yildagi saylovlarda Adolat va taraqqiyot partiyasi g‘alaba qozonib, parlamentda ko‘pchilik o‘rinlarni egallaganidan keyin transport vaziri etib tayinlangan. U o‘nlab naqliyot loyihalariga, shu jumladan, Bo‘g‘oz ko‘prigi loyihalariga rahbarlik qilgan.

2004 yili poezd izdan chiqib ketishi bilan bog‘liq fojea ortidan muxolifat uni iste’foga ketishga undagan, biroq Yildirim bu talabni rad etgan.

Binali Yildirim va bojasining ismi 2013 yil dekabridagi “katta pora janjali”da tilga olingan. O‘shanda ayrim prokurorlar Adolat va taraqqiyot partiyasiga mansub hukumat mulozimlarni korruptsiyada gumonlagandilar.

Bu janjaldan so‘ng prokurorlarning o‘zlari hibsga olingan, hukumat amaldorlariga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari esa to‘xtatilgandi. Erdo‘g‘on va uning partiyasi vakillari bu ayblovlar hozir AQShda yashayotgan din olimi Fathulloh Gulen boshchiligidagi “parallel davlat”ning uydirmasi ekanini iddao qilgan.

“Millionlar odami”

Muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi rahbari Kamol Qilichdoro‘g‘li 2014 yili Binali Yildirimni Adolat va taraqqiyot partiyasiga mablag‘ jalb qilish uchun tenderlarda g‘olib chiqqan pudratchilardan pul yiqqanlikda ayblagan.

Qilichdoro‘g‘li iddaosiga ko‘ra, Yildirim ATV telekanali va Sabah gazetasini sotib olish uchun pudratchilardan 630 million dollar undirgan. Keyinchalik prokurorlar bu pullar iqtidordagi partiya tomonidan noqonuniy yig‘ilgani va sarflanganini urg‘ulaganlar. Erdo‘g‘on va partiyadoshlari esa bu ayblovlarni rad etadilar.

Yildirim Turkiyada 2012 yildan joriy qilingan prezidentlik tizimining fe’lan ikkinchi bosh vaziriga aylanadi.

So‘nggi yillarda Erdo‘g‘on “prezidentlik ijroiya tizimi”ni yoqlamoqda. Bu tizim bosh vazirga ehtiyojni yo‘q qilib, mamlakat prezidentiga yanada kengroq vakolatlar berishi mumkin.

Bu ish amalga oshishi uchun uni referendumda ko‘pchilik yoqlashi kerak. Garchi Adolat va taraqqiyot partiyasi parlament saylovlarida 50 foizdan ko‘p ovoz olib kelgan bo‘lsa-da, bu miqdor hokimiyat tizimini almashtirishmaqsadida konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish uchun kifoya emas.

Muxolifat qarshiligi kuchayganiga qaramay, Erdo‘g‘on prezidentlik tizimini joriy qilish bo‘yicha rejasini amalga oshirishda qarorli. Bu Binali Yildirimning hammohiyatan salafi Ahmed Dovudo‘g‘li kabi Turkiya hukumatida katta ta’sirga ega bo‘lolmasligini anglatadi. Erdo‘g‘on esa avvalgidek barcha muhim qarorlarni qabul qiladigan va mamlakat boshqaruvi uchun javobgar bo‘lgan asosiy shaxs bo‘lib qolaveradi.

Binali Yildirim tarjimai holiga oid tafsilotlarni (turk tilida) bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Abbos Javodiy maqolasi

XS
SM
MD
LG