Линклар

logo-print

Qashqadaryolik tillafurush ayol uyida o‘ldirib ketildi. Toshkentda qalbaki 5000 so‘mlik chiqargan guruh ushlandi. Andijonda elektromobil ixtiro qilindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Toshkentda qalbaki pul chiqargan guruh ushlandi

Toshkentda O‘zbekiston milliy valyutasi – 5000 so‘mlik kupyurani qalbakilashtirgan guruh qo‘lga olindi (“Huquq olamida”, 14-son). To‘rt kishidan iborat guruh tarkibida Toshkent axborot texnologiyalari kollejini bitirgan mutaxassis ham bo‘lgan. Guruh a’zolari rangli printerda chiqarilgan 10 million so‘m miqdoridagi qalbaki pulga 3 bosh novvos sotib olgan hamda ularni so‘yib, go‘shtini pullagan. Qayd etilishicha, qalbaki pul ishlab chiqargan sudlanuvchilar tegishli jazoga tortilgan.

Elektromobil ixtiro qilgan andijonlik yigit moddiy imkoniyati yo‘qligi bois mashinasozlik institutida o‘qiy olmayapti

Elektromobil ixtiro qilgan andijonlik 27 yoshli Oybek Umarov moddiy imkoniyati yo‘qligi bois oliy o‘quv yurtida tahsil ololmayapti (“Darakchi”, 19 may). U bir necha bor Andijon mashinasozlik institutiga hujjat topshirgan va shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Gazeta viloyat mas’ullarini yosh ixtirochining talabalar safiga qabul qilinishiga e’tibor qaratishga chaqirgan. O. Umarov 2014 yili elektr yordamida harakatlanadigan avtomobilь ixtiro qilgan. “Qaldirg‘och” deb nomlangan elektromobil uzluksiz 4 soat quvvatlantirilgach, 100 km masofani bosib o‘tadi. Tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmagani bois texnik pasport va davlat raqami talab etilmaydi, A toifadagi haydovchilik guvohnomasi kifoya. O. Umarov grant olib, mashinalarni tizimli ishlab chiqarish umidida. U elektromobilga patent olish uchun 2015 yilda hujjatlar topshirgan, ammo xarajatlar ko‘pligi bois ishni oxiriga etkazolmagan.

Toshkentdagi nasroniy ruhoniylari axloqsizlikda ayblandi

Toshkentda Mufassal Injil nasroniylari cherkovi (Elliginchilar) oqimi missionerlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda, deb xabar beradi “Darakchi” nashri. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Masih cherkovida tub aholi vakillarini mazkur oqimga og‘dirish uchun muntazam mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Prozelit guruhga esa O‘zbekistondagi “Elliginchilar” episkopi Sergey Nechitaylo va uning muovini Oleg Vorojtsov boshchilik qilmoqda. Qayd etilishicha, S. Nichitaylo 1990-yillarda Qozog‘istonda yashagan kezlari voyaga etmaganlarga nojo‘ya munosabati – pedofilligi bois sudlangan. Gazetada chop etilgan maqolada ikki ruhoniy noan’anaviy jinsiy yondashuv – o‘zaro ishqiy munosabatda ayblangan.

Qashqadaryolik tillafurush ayol uyida o‘ldirib ketildi

Qashqadaryolik tillafurush ayol o‘z uyida to‘nab, so‘ng o‘ldirib ketildi (“Huquq”, 19 may). Qashqadaryo viloyati prokurori yordamchisi Lutfiya Bozorovaga ko‘ra, u bozordagi eng olg‘ir tillafurushlardan biri bo‘lgan. Ismi oshkor etilmagan ikki yigit tillafurushning oldiga dastlab xaridor qiyofasida kelib, qancha tilla buyumlari borligini bilib olgan. Keyinroq esa tunda uning uyiga bostirib kirib, qotillik va o‘g‘rilikka qo‘l urishgan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan. Qotillar sud hukmi bilan qilmishiga yarasha jazolangani xabar qilingan.

Xususiy tashkilotlarda homilador ayollar ishga qabul qilinmayapti

Ayrim xususiy tashkilotlarda homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lashdan bosh tortish, yosh bolali yoki homilador ayollarni ishga qabul qilishdan bosh tortish holatlari kuzatilmoqda (“Oila davrasida”, 19 may). O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi yuridik bo‘limi mudiri Diyorbek Kimsanovga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini ish beruvchi to‘lashi shart. Shuningdek, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollarni ishga qabul qilmaslik jinoiy javobgarlikka olib keladi. Bu kabi muammolar yuzasidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etish tavsiya qilingan.

Qoraqalpog‘istonda buxanka non vaznidan urib qolish holati qayd etildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida buxanka non vaznidan urib qolish holati qayd etildi (“Iste’molchi”, 18 may). “Shaffof-Xo‘jayli” xususiy korxonasi 500 gr. deya ko‘rsatilgan qolipli nonni 425 gr.dan ishlab chiqarib kelgan. Qayd etilishicha, korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan va kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan majburiy ko‘rsatma berilgan.

XS
SM
MD
LG