Линклар

logo-print

AQShda dunyo kleptokratiyalariga bag‘ishlangan internet resurs tashkil qilindi. Hukumatlari korruptsiya va o‘g‘rilikka mukkasidan ketgan davlatlar va shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlangan internet sayt qarorgohi Vashingtonda joylashgan nufuzli Hudson Institute tadqiqot markazining Kleptocracy Initiative loyihasi doirasida yo‘lga qo‘yildi.

Kleptocracyarchive.org manzili bo‘yicha joylashgan ma’lumotlar bazasining O‘zbekistonga oid qismi hozircha ikki shaxs bilan tamsil etilgan. Bular prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova hamda asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovlardir.

“Gulnora Karimova O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning qizidir. Transparency International tashkilotining 2015 reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi eng korrupsiyalashgan 10 mamlakatning biri bo‘lgan. 2012 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, uning boyligi 570 million dollar bilan 665 million dollar o‘rtasida bo‘lgan va bu boylikni Karimova “O‘zbekistondagi har qanday daromadli biznesdan ulush undirish orqali to‘plagani iddao qilinadi”. Karimova AQSh diplomatlari tarafidan “mamlakatdagi eng yomon ko‘rilgan shaxs”, deya ta’riflangan, aksar o‘zbekistonliklar uni “ochko‘z, hokimiyatga intiluvchi hamda mamlakatdagi tadbirkorlar yoki uning yo‘lida turgan har qanday shaxsni yo‘q qilish uchun otasining qudratidan foydalanadigan shaxs”, sifatida bilishadi”, deyiladi O‘zbekiston prezidentining qiziga berilgan tarjimai holda

Kleptocracyarchive.org sayti O‘zbekiston prezidenti qizini dunyoning eng ashaddiy o‘g‘rilaridan biri maqomiga loyiq topishiga Gulnora Karimova uchta yirik telekom shirkatidan yuzlab million dollar miqdorida pora undirgani bilan izohlaydi.

Kleptocracy Initiative mualliflari Karimovaning bugungi ahvoliga oid tafsilotlar juda ozligi, u oila a’zolari bilan Twitter orqali janjallashishi, xususan, singlisi Lola va onasi Tatyana Karimovani jodugarlikda ayblashi ortidan 2014 yil fevralida g‘oyib bo‘lganini eslatadi.

Rossiyaning eng badavlat kishilaridan bo‘lgan asli o‘zbekistonlik Alisher Usmonov tarjimai holida uning sobiq O‘zbekiston SSR sobiq prokurorining o‘g‘li ekani eslatiladi.

1980 yilda firibgarlik va tovlamachilikda ayblanib, qamoqqa hukm etilgan Usmonovning Rossiya va O‘zbekiston kriminal guruhlari bilan aloqasi bo‘lganiga doir iddaolar borligi ham eslatiladi. Xususan, uning mafiya to‘daboshisi G‘afur Rahimov bilan aloqalari bo‘lgani to‘g‘risidagi iddaolar bois Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreg Marreyning uni “olti yil qamoqda o‘tirib chiqqan bandit”, deya tasvirlashiga asos bo‘lgan. Usmonov bu ayblovlar ortidan sudlashuvlarni boshlagan, lekin bu ayblovlar hamon jamoatchilik muhokamasi kun tartibida qolmoqda, deyiladi tarjimai holda.

XS
SM
MD
LG