Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 04:41

Odamlarni oyog‘i bilan davolaydigan “tabib” hibsga olindi


Zamonaviy tibbiyot nomidan taklif qilinayotgan sifatsiz¸ ammo qimmat xizmatdan bezgan o‘zbekistonliklar har xil "tabib"larga yuzlanmoqda.
Zamonaviy tibbiyot nomidan taklif qilinayotgan sifatsiz¸ ammo qimmat xizmatdan bezgan o‘zbekistonliklar har xil "tabib"larga yuzlanmoqda.

Buxoro viloyati Olot tumanining Quyi Burjoq qishlog‘ida istiqomat qiladigan Qahramon mulla ismli “tabib” hibsga olindi. Oddiy traktorchidan chiqqan bu “tabib”, Ozodlik manbalariga ko‘ra, oyog‘idan tarqaladigan biotoklar bilan odamlarni davolagan. Uning oldiga hatto qo‘shni davlatlardan ham odamlar shifo izlab kelishgani aytilayapti.

Olot tumanining Quyi Burjoq qishlog‘ida yashovchi 62 yashar “tabib” Qahramon Po‘latov 16 may kuni hibsga olindi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan olotlik manbaga ko‘ra, Qahramon Po‘latov pasport tekshirish bahonasida borgan hokimiyat vakillariga "qarshilik ko‘rsatganlik” vaji bilan hibsga olingan:

“​Viloyat prokuraturasi vakillari militsiya xodimlari bilan tabibning uyiga bostirib kelishdi va uning qo‘liga kishan solib, olib ketishdi”, dedi manba.

Manbaga ko‘ra, asli kasbi traktorchi bo‘lgan Qahramon mullaning dovrug‘i so‘nggi ikki yil ichida atrofga tarqalgan edi:

“Bu odam asli traktorchi bo‘lgan. Keyin fermerlik qildi. Ishlari yurishmadi, shekilli, fermerlikni ham topshirib yubordi. Pensiyaga chiqib, uyida uymalanib yurardi. Menimcha, to‘rt-besh yil oldin u oyog‘ida biotok paydo bo‘lganini aytib, kasallarni “davolay” boshladi. Avval odam kam kelardi, lekin so‘nggi ikki yil orasida hovlisidan odam uzilmay qolgan edi”, dedi manba.

Burjoq qishlog‘ida istiqomat qiladigan o‘qituvchi ham Ozodlik bilan suhbatda Qahramon mullaning uyi kichik shifoxonaga aylanganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytadi:

“Hamqishloqmiz, bir kuni nima qilyapti ekan deb, uyiga bordim. Borsam, Qahramon mulla odamlarni yotqizib qo‘yib, ularning og‘rigan joylarini oyog‘i bilan silayapti. O‘sha paytda u bir odamning boshiga oyog‘ini qo‘yib turgan ekan. Yonida ikkita shogirdi ham bor. Ular yordam beryapti. Bilsam, u kasallarni uyiga bir necha kunlab yotqizib qo‘yib, davolar ekan. Uch mahal ovqat ham qilib berar ekan. Odamlar o‘zlari ko‘nglidan pul chiqarib tashlab ketar ekan”, dedi o‘qituvchi.

Qahramon mulladan shifo izlab qo‘shni respublikalardan ham bemorlar kelgani aytiladi.

Ozodlik Qahramon Po‘latov davosidan aniq shifo topgan yoki firibgarlik qurboni bo‘lgan shaxslar haqida ma’lumotga ega emas.

Ba’zi xabarlarga ko‘ra, Qahramon mullaning uyidan 15 qop o‘zbek so‘mi va o‘nlab sigirlar musodara qilingan.

Biroq, Olot tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bu iddaolarni inkor qildi:

“Qahramon Po‘latovning uyidan buncha qop pul chiqdi, o‘nlab moli bor ekan, toshkentlik tansoqchilari bor ekan, deganlari yolg‘on. Mening bilishimcha, u hech qaysi bemorga buncha pul berasan deb aytmagan. Kimdir ixlos qilib shifo topgan bo‘lsa, o‘z ixtiyori bilan pul tashlab ketgan. Ayni paytda uni Buxoroga olib ketishgan. Bu ish bilan viloyat prokuraturasi shug‘ullanyapti. Mening eshitishimcha, unga firibgarlik va litsenziyasiz faoliyat yuritish ayblari qo‘yilgan”, dedi mulozim.

O‘zbekistonda Xalq tabobati akademiyasining litsenziyasisiz odamlarni davolash noqonuniy hisoblanadi.

Shuning uchun, litsenziyasiz faoliyat yuritgan tabiblarning hibsga olinish holatlari uchrab turadi.

Jumladan, o‘tgan yilning may oyida Shahrisabz tumanining Ommog‘on qishlog‘ida yashovchi 15 yashar "tabib" Miraziz To‘xtavishev (Ommog‘on mahallasi faoli Mirazizning familiyasi To‘xtavishev dedi, lekin rasmiy manbalarda uning familiyasi Sanaev ekanligi aytiladi - tahririyat)ning faoliyatini MXX to‘xtatgan edi.

Surxondaryoda “Doktor Maksim” degan xalq tabobati shirkati ochib, odamlarni Tibet tibbiyoti uslubida davolashni yo‘lga qo‘ygan tabib Xoliqul Yusupov 15 yashar qizni zo‘rlaganlikda ayblanib qamalgan va 2014 yilda qamoqdan uning o‘ligi chiqqan edi.

XS
SM
MD
LG