Линклар

logo-print

O‘zbekiston hukumati Rossiyada o‘tmayotgan GM Uzbekistan mashinalarini mamlakatga qaytarishga harakat qilayotgani aytilmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, buning uchun “O‘zavtosanoat” davlat shirkati Rossiyaga bir guruh mutaxassislarini yuborgan. Gap qancha avtomobillar to‘g‘risida borayotgani aniq emas. Rossiyaga eksport qilinadigan o‘zbek avtomobillarining Ravon brendi dilerlik vakolatxonasi bu xabarni izohsiz qoldirdi. O‘tgan oyda GM Uzbekistan mashinalari eksporti bilan bog‘liq jinoiy sxema fosh bo‘lishi ortidan korxona rahbari hibsga olingan edi.

GM Uzbekistan ishlab chiqarilgan mashinalar savdosi Rossiyada so‘nggi ikki yil davomida keskin qisqarib ketishi va O‘zbekiston-AQSh korxonasi rahbariyati qalloblikda ayblanib, tergovga tortilishi bilan bog‘liq janjal ortidan “O‘zavtosanoat” Rossiyada o‘tmay qolgan mashinalarni mamlakatga qaytarib olib kelishga harakat qilayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.

Bir- biridan mustaqil manbalarga ko‘ra, hozirda bu vazifani bajarish uchun Rossiyaga bir guruh mutaxassislar jo‘natilgan.

“O‘zavtosanoat” uyushmasi tasarrufidagi yirik va o‘rta korxonalar GM Uzbekistan eksport qilgan avtomashinalarning nosoz qismlarini ta’mirlash va O‘zbekistonga qaytarib, ichki bozorga sotish uchun o‘z mutaxassislarini Rossiyaga xizmat safariga jo‘natmoqdalar”, deya bildirdi Asaka avtozavodiga yaqin Ozodlik manbasi 11 may kuni.

U gap nechta avtomobilni qaytarish haqida ketayotganini aniqlashtirmadi, lekin bu qaror GM Uzbekistan korxonasiga yangi rahbar tayinlanishi ortidan qabul qilinganini qo‘shimcha qildi.

Ayni mazmundagi xabarni eltuz.com mustaqil nashri ham o‘z manbasiga tayanib tarqatdi.

Rossiyaga “safarga ketgan xodimlar Rossiya avtosalonlarida o‘tmay yotgan buzuq mashinalarni ta’mirlab, O‘zbekistonga qaytarish bilan shug‘ullanishadi”, deya iqtibos keltiradi nashr o‘zini GM Uzbekistan zavodi muhandisi, deb tanishtirgan manbadan.

Eltuz.com nashri manbasi ham GM Uzbekistan qo‘shma korxonasiga yangi bosh direktor etib tayinlangan Rustam Rajabovga Rossiyada o‘tmay qolgan “o‘zbek mashinalarini O‘zbekistonga qaytarib olib kelib, aholiga sotish” vazifasi yuklanganini aytadi.

GM Uzbekistan Rossiya bozori uchun ishlab chiqaradigan Ravon brendining Rossiyadagi dileri bu ma’lumotni na tasdiqladi va na inkor qildi. Lekin Ravon mashinalarining Rossiyadagi diler vakolatxonasining bildirishicha, GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi Rossiyaga Ravon R2 rusumidagi avtomobillarni yetkazib berish jarayonini boshlagan. Joriy yil oxiriga qadar korxona 2500ga yaqin Ravon R2 mashinalarini sotishni rejalashtirmoqda, deyiladi rasmiy xabarnomada.

Bu degani Rossiyaga yuborilgan mutaxassislar guruhi keyingi 2 yil davomida eksport qilingan, lekin sotilmay qolgan mashinalarni qaytarish topshirig‘ini bajarayotgan bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yil oxirida Rossiyada o‘zbek avtomobillari savdosi 51 foizga qisqargani to‘g‘risida xabar qilingan edi. Yevropa biznesi uyushmasining avtomobil ishlab chiqaruvchilar qo‘mitasi bergan raqamlarga ko‘ra, 2015 yilda Rossiyada sotilgan o‘zbek avtomobillari soni 16 mingdan kamroqni tashkil etgan. Ayni uyushma 2014 yilda ham Rossiyada o‘zbek avtomobillari uchdan bir hissaga kamroq sotilganini bildirgan edi.

GM Uzbekistan Rossiyaga eksport qiladigan mashinalar bilan bog‘liq janjal o‘tgan oyda prezident Islom Karimovning Moskvaga safaridan keyin avj oldi.

Prezident Karimov Moskvadan qaytishining ertasigayoq GM Uzbekistan bosh direktori va ayni paytda “O‘zavtosanoat” boshqaruv kengashi raisining o‘rinbosari Tohir Jalilov hibsga olindi. Rossiyaga eksport qilishga mo‘ljallangan mashinalarni O‘zbekistonga qayta olib kirib sotish sxemalari yordamida katta miqdordagi pullarni o‘zlashtirganlik aybi bilan o‘ndan oshiq odam, jumladan, Jalilovning o‘g‘li va MXX xodimlari qo‘lga olinganini Ozodlik manbalari bildirishgan edi.
Buning ortidan GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida boshlangan tergov jarayoni bois Bosh vazir o‘rinbosari va ayni paytda “O‘zavtosanoat” boshqaruv kengashi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov vaqtincha ishdan chetlatilgani to‘g‘risida ma’lum bo‘ldi. "Ro‘ziqulov GM Uzbekistan shirkatida olib borilayotgan tergov ishi davomida so‘roq berayotgani bois o‘z arizasiga ko‘ra, vaqtincha ishdan ozod qilingan", deya bildirishdi Ozodlik manbalari.

GM Uzbekistan rahbariyatining qamoqqa olinishiga Rossiyaga mashinalarni eksport qilishdagi janjal sabab bo‘lganini Ravon brendining Rossiya vakolatxonasi rasmiysi Yelena Kuznetsova ham Ozodlikka tasdiqladi.

XS
SM
MD
LG