Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:41

“Jizzax haqiqati” gazetasi birinchi oila tanazzulini bashorat qildi


Islom Karimov va Imomali Rahmon o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqligi ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi sovuqlikning bosh omili sifatida ko‘riladi.
Islom Karimov va Imomali Rahmon o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqligi ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi sovuqlikning bosh omili sifatida ko‘riladi.

Jizzax viloyat hokimligi rasmiy nashri bo‘lgan “Jizzax haqiqati” gazetasining so‘nggi sonida bosilgan “Urug‘-aymoqchilik avj olganda...” sarlavhali maqola¸ mahalliy mushtariylar tomonidan “sensatsiya” deb baholandi. Jizzaxdagi rasmiy yig‘inlaru gullab-yashnayotgan tadbirkor-fermerlar haqida yozib kelayotgan hokimlik gazetasi to‘satdan qo‘shni Tojikiston prezidenti Rahmonning hokimiyatni o‘z bolalari va “traktorchi” qarindoshlariga bo‘lib bergani haqida yozdi.

Fuqarolarning faoliyatsizligi odatda hokimiyatning zulmkorligidan kelib chiqadi. Tojikiston prezidenti I.Rahmonning ish tutumi buni yaqqol isbotlaydi. U odatda bilimli¸ aqlli kishilarni yoqtirmaydi. Ularni iloji boricha chetlatishga¸ kerak bo‘lsa xalos bo‘lishga intiladi. I.Rahmon butun mahoratini o‘z urug‘-aymog‘ini davlat boshqaruviga jalb etishga¸ boshqalarni esa boshqaruvdan uzoqroq tutib turishga harakat qiladi. Shuning uchun ham bugungi kunda mamlakat boshqaruv apparatini uning yaqinlari¸ aniqrog‘i¸ farzandlari yoki muayyan hududlarning odamlari tashkil etadi. Mamlakatda prezidentning yaqinlari “Ko‘lob elitasi” deb nom olgan.”

(Maqolaning birinchi bandidan iqtibos)

Maqola davomi Rahmon o‘z qizi¸ o‘g‘li va hatto traktorchi akasini yuqori lavozimlarga tayinlaganiyu¸ prezident qarindosh-urug‘lariyu “yog‘li joylar”ni egallagan ko‘loblik yurtdoshlarining poraxo‘rligiga bag‘ishlanadi.

Muallif nomi o‘rniga “Internet manbalari asosida tayyorlandi” degan izoh bilan yozilgan maqolaning so‘nggi bandi¸ bashorat bilan tugaydi:

“Mamlakatning bir guruh to‘ralar qo‘lida yig‘ilib qolganligi Tojikistonning iqtisodiy inqirozdan boshi chiqmasligiga¸ aholining ko‘pchiligi o‘ta faqirlikda kun kechirishiga olib kelmoqda. Ertangi kunga ishonchi bo‘lmagan kishilar o‘z yurtlaridagi urug‘-aymoqchilik illatlaridan bezor bo‘lib¸ norozilik bildirishmoqda. Natijada¸ hozirgacha haq-huquqini talab qilmayotgan kishilar aqlan va ma’nan uyg‘onmoqda. Bu esa hademay “Ko‘lob elitasi” tanazzulga yuz tutishini ko‘rsatadi”, deb xotimalanadi “Jizzax haqiqati” gazetasining so‘nggi sonida bosilgan maqola.

O‘zbek tilidagi nusxasi 7183 nusxa¸ rus tilidagi “Djizakskaya pravda” esa 1228 nusxada chiqadigan Jizzax viloyat hokimligi gazetasining to‘satdan qo‘shni davlat birinchi oilasi kirdikorlarini fosh qilgani¸ bu maqolani o‘qigan jizzaxliklardan biriga ko‘ra¸ hayratga sabab bo‘lgan.

“O‘zi bu gazetani byudjet tashkilotlariga majburan o‘tkizishadi. Birov xohishi bilan o‘qiydigan gazeta emas¸ chunki o‘qiydigan narsaning o‘zi yo‘q unda. Nuqul hokimlik majlislariyu¸ falon fermerning qanday qilib muvaffaqiyatga erishgani haqida safsata sotishadi. Gazetaning so‘nggi soni qo‘limga tasodifan tushib qoldiyu¸ Rahmon haqidagi maqoladan hayratga tushdim. Birinchi gapini qayta-qayta o‘qidim. Tushunmadim. Gazetani hokimlikdagi¸ SNBdagi kuratorlar necha marta o‘qib¸ keyin tirajga bersa kerak. Bular bunaqa maqolani yo gazetani sal o‘qimishliroq qilish xayolida¸ yo o‘sha qotib qolgan “qo‘shnilarimizda ahvol chatoq¸ bizda zo‘r” degan aqidadan kelib chiqib uyushtirishgan shekilli”¸ deydi Jizzax rasmiy idoralaridan birida ishlovchi mas’ul xodim.

“Jizzax haqiqati” gazetasidagi manbaning mikrofonsiz suhbatda aytishicha¸ “Urug‘-aymoqchilik avj olganda...” maqolasi tahririyatga rus tilida tushirilgan matnning tarjimasi¸ xolos. Bu manba rus tilidagi matnning kim tomonidan tushirilganini ayta olmasligini bildirdi. Ayni paytda qo‘shni davlat prezidenti oilasining hokimiyatni o‘z oilasi va hamyurtlari ichida bo‘lishib olgani haqidagi maqola "tepadan berilgan zakaz asosida chiqarilganini bilvosita e’tirof etdi va maqola kerakli idoralar bilan maslahatlashib¸ chop qilingani"ni bildirdi.

O‘zbekistonning qo‘shni Tojikiston bilan munosabatlari mustaqillikdan beri murakkabligicha qolmoqda.

Mintaqadagi suv resurslarini taqsimlash¸ xususan¸ Dushanbe hukumatining Rog‘un GESi qurish rejasi ikki hukumat orasiga sovuqchilik solayotgan asosiy omillardan biri sifatida ko‘riladi.

Ayni paytda¸ kuzatuvchilar¸ qo‘shnilar o‘rtasidagi sovuqchilik bosh manbasi Islom Karimov va Imomali Rahmon o‘rtasidagi shaxsiy ziddiyat¸ degan fikrni ham ilgari suradi.

O‘zbekiston prezidenti Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanlaridan birida hokimiyatga kelgach¸ bosar-tusarini bilmay qolgan Imomali Rahmonga “kimning tanklarida hukumat binosiga kirib kelganini unutmaslik”ni tavsiya qilgan edi.

Joriy oy boshida Fransiyada chiqadigan “Le Point” jurnali Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning Samarqand ustida o‘zbekistonlik hamkasbi Islom Karimov bilan mushtlashishgacha borgani haqidagi bir necha yil oldin qilgan ochiqlamasini e’lon qildi.

Frantsuz nashriga ko‘ra, 2009 yilda Rahmon matbuot uchun bo‘lmagan, lekin jurnalistlar ham taklif etilgan uchrashuvdagi chiqishida:

“Men u (O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov) bilan bir necha marta tortishganman, bir martasida masala mushtlashuvgacha borgan, Nazarboev (Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev) o‘rtaga tushib ayirgandi. O‘shanda men unga: “Samarqand va Buxoroni baribir qaytarib olamiz!”, deganman”, - deya xotirlagan Imomali Rahmon 2005 yilda Qozog‘istonda bo‘lgan Karimov bilan uchrashuvini.

Tojikiston birinchi oilasi va Rahmon yaqinlari-yurtdoshlarining xalqni qashshoqlashtirib¸ mamlakatni tanazzulga tortayotgani haqidagi Jizzax gazetasidagi maqola Imomali Rahmon kelasi oy Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida qatnashishi uchun Toshkentga kelishi arafasida chop etildi.

XS
SM
MD
LG