Линклар

Xovansk qabristonidagi otishmadan so‘ng Moskvada politsiya va FMS reydlari avj oldi. O‘tgan hafta oxirida kuchaytirilgan maxsus amaliyotlar davomida politsiya bo‘limlariga ko‘plab muhojir fuqarolar keltirilayotgani aytilmoqda. Ozodlikka murojaat qilgan tinglovchilar hatto migratsiya hujjatlari joyida bo‘lganlar Rossiya poytaxtida ko‘chaga chiqishga qo‘rqib qolganidan arz qildi.

Moskvada reydlar avj oldi

2016 yilning 14 may kuni Moskvaning Xovansk qabristonidagi fojea ortidan shahar politsiyasi va boshqa nazorat idoralari faoliyati sezilarli darajada kuchaytirilgani ko‘zga tashlanmoqda.

Oxirgi haftada reydlar hamda “zachistka”lar tinimsiz tus oldi.

Bahriddin Moskvaning Tepliy Stan mavzesidagi politsiya tomonidan o‘ralgan bozordan Ozodlik redaktsiyasiga qo‘ng‘iroq qildi:

- Tepliy Stan bozorini FMS bosganini aytmoqchi edim. Bozor ichiga kirmoqchi edim, qarasam – 4-5 avtobus bilan kelib, to‘rt tomonidan o‘rab oldi. Hammani olib ketyapti, dokumenti bormi-yo‘qmi - qaramayapti. Faqat chetdan kelganlarni tiqayapti! Hamma to‘rt tomonga qochayapti. Hozir kuchaygan nazorat: metrolarda, chiqishda... Ilgari biz turadigan Novokosinoda hech qachon politsiya turmagan, hozir tashqarida ham turibdi. Kecha ikkita dokumentlari bor bola politsiya qo‘liga tushgan edi. Shulardan “10 mingdan olib kelasan!”, debdi. Tojik bollar aytayaptiki, bu qabristonda bo‘lgan janjal bilan bog‘liq. Chunki ko‘p tojik bollarni ushlayapti, dedi FMS va politsiya reydini kuzatib turgan Bahriddin.

Bahriddin politsiya reydida ushlanganlarning aksari Tojikiston fuqarolari ekaniga guvoh bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

O‘zini Sur’at deb tanishtirgan yana bir mehnat muhojiri “o‘t ketib, ho‘lu quruq bir yonayatgani”ni gapiradi. Uning fikricha, bu mahalliy politsiyaga juda yaxshi qo‘shimcha daromad:

- Moskvaga 4-5 yildan beri kelib ishlayman. Ilgarilari bunday bo‘lmas edi. 3-4 kun oldin qabristonda bo‘lgan hodisadan keyin ko‘chada notinch bo‘lib qoldi – umuman chiqib bo‘lmayapti! Militsiya juda ko‘p, ushlaganni deport qilayapti. Yonimdagi bollarni ushlab olibdi, kecha sud qilib, 5 mingdan shtraf qo‘yib, deport qilvorishibdi! Registratsiyasi, boshqasi – hammasi chisto edi. Ko‘chada PPSlar aylanib yuribdi, hozir FMS ham ko‘paygan. Tanishlarimga boshqa joylarga telefon qilib so‘rasam, “Biz tomonda ham shu - ko‘chaga chiqmayapmiz. 25 maygacha shu oblavalar bo‘lar ekan, ushlaganni deport qilar ekan”, dedi. Ko‘chaga chiqa olmayapmiz, patenti borlar ham o‘tiribdi. Ularni qo‘liga tushishdan Xudoning o‘zi saqlasin! Ular voobshe nagliy bo‘lib ketgan. “Deport qilamiz, u-bu qilamiz!”, deb qo‘rqitadi. Maqsad – pul olish. Narxi har biriga ming rubl, to‘rttasi o‘shlasa - to‘rt ming, dedi Sur’at.

Toshkentlik Zilola Tepliy Stan mavzesida bozorda ishlaydi.

U Ozodlik bilan suhbatda politsiya mehnat migrantlari tekshir-tekshiri bilan ovora bo‘lgan bir vaqtda, haqiqiy jinoyatchilar Moskvada bemalol yurganidan arz qildi.

- Soat 9larda ishdan dugonam bilan qaytayatuvdik. Yo‘limizda uchda bola pichoq tirab, “Sumkangdagi narsalarni chiqar!”, dedi.Galaksi telefonim, pullarim, dugonamni pasportini olib qo‘ydi. Dugonamda o‘zi 8-9 ming puli bor edi. Endi bo‘lsa telefon qilib bizga, “Pasportga pul tayyormi?” deyapti. O‘zi har kuni OMON bosib ketyapti, bitta ishga borib kelish ham muammo bo‘lib qoldi, dedi Zilola.

Yu.Chabuev: “Banditlarni muhojirlarning o‘zlari chaqirtirgan!”

Ozodlik so‘roviga Moskva shahar politsiyasida shahar rahbari va Ichki ishlar vazirligi talabi bilan noqonuniy mehnat muhojirlariga qarshi maxsus amaliyotlar avj olganini tasdiqlashdi.

Tojikiston, Rog‘un. O‘ldirilgan Suhrob Xushakovning onasi

Tojikiston, Rog‘un. O‘ldirilgan Suhrob Xushakovning onasi

Ayniqsa, FMS hamkorligidagi reydlar va “zachistkalar” Moskva ichkarisida joylashgan ettita yirik qabristonda va migrantlar kompakt yashayotgan bozorlarda har hafta olib borilishini bildirishdi.

Ta’kidlash joyizki, Vladimir Putinning maxsus qarori bilan Rossiyada Federal migratsiya xizmati tugatilib, uning vakolatlari Ichki ishlar vazirligi tarkibida yangi tuzilajak Migratsiya ishlari bo‘yicha boshqarmaga o‘tkazildi.

14 may kuni Xovanskoe qabristonida ishchi-muhojirlar va mahalliy kriminal guruhlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan janjaldan keyin 100 ortiq odam politsiya bo‘limlariga keltirilgan edi.

Tojikistonning Rog‘unida bu mushtlashuvda o‘ldirilgan uch nafar fuqaro kuni kecha dafn etildi. O‘ndan ziyod odam Moskva shifoxonalarida qolmoqda.

Muhojirlar tomonidan politsiyaga olib kelingan 42 o‘zbek va tojik muhojiri o‘z yurtlariga deportatsiya qilinishi aytildi.

Xovansk nekropoli direktori Yuriy Chabuev va kavkazliklar tomonidan jangda ishtirok etgan 14 kishi hibsga olindi va jinoiy javobgarlikka tortildi. Tergovchilar savollariga Chabuev “kavkazlik sportchilarni qabristonga migrantlarning o‘zlari chaqirtirgani”ni ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG