Линклар

Afg‘oniston: Tolibon rahbari Pokistonda halok etildi


Mullo Axtar Mansur bir yilcha muqaddam Tolibon rahbari etib e’lon qilingandi

Mullo Axtar Mansur bir yilcha muqaddam Tolibon rahbari etib e’lon qilingandi

Afg‘oniston hukumatining aytishicha, Tolibon rahbari Mullo Axtar Mansur AQSh dron hujumida Pokiston ichkarisida halok bo‘lgan.

Afg‘oniston Milliy xavfsizlik idorasining 22 may kuni ma’lum qilishicha, Mullo Mansur va boshqa jangarilar bo‘lgan avtomobil Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh Balujiston viloyatida nishonga olingan.

Afg‘oniston ijrooiy raisi Abdulloh Abdullohning aytishicha, Mansur 21 may kuni Afg‘oniston bilan chegaradosh Dahl Bandin tumanida dron hujumida halok bo‘lgan.

Avvalroq Pentagon Mullo Mansurga Afg‘oniston va Pokiston chegara hududidagi ovloq mintaqada havo hujumi uyushtirganini e’lon qilgandi.

AQSh mulozimi mashinada borayotgan Mansur va uning bir qurolli sherigi o‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirgandi.

Pokiston xavfsizlik rasmiylari Balujistonda sodir etilgan dron hujumida ikki odam halok bo‘lgani, halok bo‘lganlar tanib bo‘lmas darajada kuyib ketganini ma’lum qilganlar.

Axborot agentliklarining Tolibon qo‘mondoni Mullo Abdul Raufga iqtibosan ma’lum qilishlaricha, Mansur “Afg‘oniston-Pokiston chegara hududida” dron hujumida halok bo‘lgan, ammo Tolibon qo‘mondonlari bu xabarni asossiz, deya inkor etganlar.

Tolibon rahbariyati Mullo Mansurni Tolibon rahbari etib 2015 yil iyulida e’lon qilgandi.

Tolibon rahbariyati o‘shanda Tolibonning ilk rahbari Mullo Muhammad Umar Pokistonning Karachi shahrida ikki yil muqaddam vafot etganini tasdiqlagan edi.

Tahlilchilarga ko‘ra, agar Tolibon rahbari, Mullo Axtar Mansurning o‘limi tasdiqlansa, Tolibon va Afg‘oniston hukumati o‘rtasidagi tinchlik muzokaralariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

XS
SM
MD
LG