Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:19

Afg‘on rasmiylari Toliblar yetakchisi Axtar Mansur o‘lganini tasdiqladi


Axtar Mansur va uning haydovchisiga oid ko‘rilgan jasadlar shifoxonaga keltirildi
Axtar Mansur va uning haydovchisiga oid ko‘rilgan jasadlar shifoxonaga keltirildi

Afg‘onistonda Xavfsizlik masalalari bo‘yicha boshqaruv kengashi Toliblar yetakchisi mulla Axtar Mansurning o‘lganini tasdiqladi. Rasmiy xabarga ko‘ra, Axtar Mansur 21 may kuni Pokistonning Balujiston viloyatida AQSh dronidan otib o‘ldirilgan. 22 may kuni Pentagon matbuot xizmati Toliblar yetakchisi Afg‘oniston-Pokiston chegarasiga yaqin hududda o‘ldirilganini xabar qilgan edi.

Pentagon matbuot kotibi Piter Kuk ayni paytda dron hujumi natijalari o‘rganilayotgani, ammo ushbu hujumda Axtar Mansur va uning haydovchisi o‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan edi.

Shuningdek, Pentagon rasmiysi bu hujum Balujistondagi Ahmad Val shaharchasida amalga oshirilgani, amaliyotni AQSh prezidenti Barak Obama shaxsan nazorat qilganini aytdi.

Associated Press agentligi ham Toliblar qo‘mondoni mulla Abdul Raufga tayanib, Axtar Mansurning dron hujumida o‘ldirilganini xabar qilmoqda. Vaholanki, Toliblarning boshqa yetakchilari rahbarining o‘ldiriliganini hanuz inkor qilmoqda.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani ma’muriyati Ozodlik radiosi Afg‘on xizmatiga dron hujumi bo‘lganini tasdiqladi va ayni paytda hukumat Toliblar etakchisi o‘lganiga oid xabarlarga aniqlik kiritayotganini aytdi.

Xususan, prezident matbuot kotibi Said Zafar Hoshimiy Axtar Mansur o‘ldirilgani ehtimoli katta ekanini ta’kidladi.

AFP agentligining mahalliy rasmiylariga tayanib xabar qilishicha, hujumda o‘lgan ikki kishining jasadi tanib bo‘lmas darajada kuyib ketgan. Hozirda jasadlar Kvetta shifoxonasiga olib ketilgan.

Afg‘oniston hukumati ijroiya raisi Abdulla Abdulla Mansurning o‘limi Toliblar va Afg‘on hukumati o‘rtasidagi sulh muzokaralariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytdi.

Uning aytishicha, aynan Axtar Mansur jangarilarni hukumat bilan sulh tuzmaslikka chaqirib kelayotgan edi.

Ayni paytda, Pentagon matbuot kotibi Kuk ham mulla Mansurning sulh muzokaralariga to‘sqinlik qilib kelganini ta’kidladi. Shuningdek, Axtar Mansur Afg‘oniston bo‘ylab tinch aholi vakillari o‘ldirilgan hujumlarga mas’ul ko‘riladi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bu hujumdan Afg‘oniston va Pokiston rahbarlari ogohlantirilganini aytib o‘tdi.

Mulla Mansur 2015 yilning 31 iyulida jangari guruh rahbari etib tayinlangan. Toliblar o‘tgan yili iyulda o‘z etakchisi mulla Umar ikki yil muqaddam o‘lganini ma’lum qilgan edi.

O‘shanda aksar Tolib qo‘mondonlari va jangari guruhlar yetakchining o‘limi 2 yil sir saqlangani, bu muddat ichida uning nomidan yolg‘on bayonotlar berilganiga norozilik bildirgan.

Natijada, ayrim qo‘mondonlar bu yolg‘onning boshida turgan mulla Axtar Mansur guruhga yetakchi etib tayinlanganidan norozi bo‘lgan va guruh ichida ziddiyatlar, qurolli nizolar boshlangan.

Xususan, Toliblar safida kurashgan o‘zbek jangarilari guruhi - sobiq O‘zbekiston islomiy harakati yetakchisi Usmon G‘oziy yangi amirga bay’at bermagan, aksincha, Iroq va Suriyada hukm surayotgan "Islomiy davlat"ga bay’at berganini bildirgan edi.

"Islomiy davlat"ga bay’at bergan Afg‘onistondagi boshqa tajribali Tolib qo‘mondonlari - mulla Muhammad Rasul va mulla Dodullohga qarshi mulla Axtar Mansur jangchilari o‘rtasidagi yirik to‘qnashuv noyabrь oyi o‘rtalarida Zobul viloyatida kuzatilgan.

Endilikda mulla Axtar Mansurning o‘limi jangari guruh ichida yetakchilik uchun o‘zaro janglarni yana yuzaga chiqarishi mumkinligi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG