Линклар

Shu kunda mahallalarda fuqarolik yig‘ini raislari saylovi qariyb yakuniga yetmoqda. Aksar mahallarda ayol nomzodlar saylanmagani, hokimiyat tasdiqlagan yosh-yosh erkaklar rais bo‘layotganini aytilmoqda. Bu yil hukumat mahalla raisligiga imkon qadar yosh, oliy ma’lumotli erkaklarni saylashni tavsiya qilgan. Ozodlik tinglovchilari mahallaga raislik yildan-yilga og‘irlashayotgani, buning yukini ancha-muncha erkak ham ko‘tarolmay qolganini aytmoqda.

Bu yil 9 ming 764 rais saylanyapti

Bu yil jami mahalla fuqarolar yig‘inlariga 9 ming 764 rais va ularning 99 mingdan ortiq maslahatchisini saylash rejalashtirilgan.

Hozir O‘zbekiston bo‘ylab may oyiga belgilangan mahalla fuqarolar yig‘ini raislari saylovi qariyb yakunlanmoqda. Oldinda mahalla raislari maslahatchilari saylovi bor. Mavjud tartibga ko‘ra, yangi saylangan raislar endi o‘ziga maslahatchilarni saylab-saralab oladi.

Ozodlikka turli viloyatlardan bog‘lanayotgan mushtariylar o‘z mahallasida o‘tayotgan saylovdan xabar bermoqda, Ayrim mushtariylar nomzodlar tanlanishi va saylanishidan norozi bo‘lmoqda, yana ayrimlari bu yil ayol nomzodlar qariyb saylanmayotganini aytmoqdalar.

Hokimiyat mulozimi rais bo‘ldi

Toshkent viloyatida yashaydigan tinglovchi G‘ofurjon aka o‘z mahallasiga tuman hokimiyatida ishlab kelgan yoshgina yigit rais bo‘lgani, uning saylanishidan rozi ekanini aytdi:

- Hokimiyatning tashkiliy qo‘mitasida ishlab kelgan, yoshi 40 lardan oshgan, har holda 50ga bormagan bir yigit rais bo‘ldi. Shu o‘zimizning mahallada yashaydi. Bu yil yaxshi bo‘ldi saylov, demokratichnыy bo‘ldi. Qani endi, hokimlarni ham shunaqa saylasak, fermerlarni quvalab yuradiganlarini saylamasdik, - deydi toshkentlik keksa tinglovchi.

Avval rais bo‘lgan ayol qayta saylanmadi

Uning aytishicha, shuncha yildan beri mahallasiga raislik qilib kelgan ayolning nomzodi ham bor edi, ammo hokimiyat tavsiyasi bilan bu ayol saylanmadi:

- Qo‘shni mahallada, shahardagi tanishlarim yashaydigan hamma mahallalarda erkak rais bo‘ldi, to‘g‘ri. O‘zi ayollarni saylamaslik tavsiyasi bo‘lganini eshitgan edim. Endi ayollar hokimlarning baqirig‘iga chidolmaydi, deyishgandir-da, - deydi tinglovchi.

Quyida u kishi bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Mahallada 25 yil ko‘rinmagan odam rais bo‘ldi

Ozodlikka bog‘langan yana bir tinglovchi esa Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi mahallalardan birida bo‘lgan saylovdan noroziligini aytdi.

Unga ko‘ra, bu mahallaga undan 25 yil avval chiqib ketgan 70 yoshlar atrofidagi sobiq amaldorlardan biri rais bo‘lgan:

- Bu nomzod hozir Farg‘ona shahrida yashaydi, So‘xga umuman kelmay qo‘ygan. Hayron bo‘ldik, kim uning nomzodini ko‘rsatdi va mahallada yashamayotgan, yoshi ham juda katta bo‘lgan kishi qanday rais bo‘ldi? Shu o‘zimining mahallada yashayotgan, Farg‘onaga yo‘l azobini tortayotgan yoshlardan biri rais bo‘lsa mayli edi, - deydi ismini oshkor qilmayotganimiz tinglovchi.

Quyida u kishining shikoyatini tinglashingiz mumkin:

Mahalla raisi hokimning yugurdagi

Buxorolik fermerlardan biri esa mahalla sayloviga chiqmagani, namoyishkorona tarzda bundan voz kechganini aytadi:

- Chiqmayman saylovingga, dedim. Bir safar hokimiyatda majlisda o‘tiribmiz, deng. Hokim hammaning ichida mahalla raisini turgizvolib: "He, onangni..., bor falonchini topib kel!" deb juda qo‘pol so‘kdi. Mening yonimda ayollar o‘tiribdi, kollejda o‘qiydigan qizlar o‘tiribdi. Haligi rais g‘iring demasdan, chiqib ketdi. Shundan keyin, mahalla saylovigayam, raisigayam qo‘l siltadim. Hokimiyatning ishchisi bo‘lsa ham mayli, mahallani oqsoqoli bo‘lib turib, shunchalik mute bo‘lsa, dedim-da, - deydi ismini oshkor etmaslikni so‘ragan buxorolik fermer.

Oqsoqol nomzodga qo‘yiladigan talablar

​O‘zbekistonda mahalla fuqarolar yig‘inlari shahar, posyolka, qishloq va ovullardagi mahallalarda tuzilgan. Bu yig‘inlarga raislik qiladigan shaxslar va ularning yordamchilari 2 yarim yillik muddatga mahalla ahli saylovi bilan saylanadi.

Mahalla oqsoqolligiga nomzodlar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi lozim. Nomzod oliy ma’lumotli bo‘lishi va mamlakat hududida besh yildan kam bo‘lmagan muddatda doimiy yashagan bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, tashkilotchilik qobiliyatini namoyish qilgan bo‘lishi va muqaddam davlat yoki nodavlat idoradalarda ishlab, tajriba orttirgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, mahalla ahli bu nomzodni yaxshi tanishi va hurmat qilishi lozim.

Saylanadigan oqsoqollar nomzodini esa amaldagi mahalla oqsoqoli ko‘rsatadi, tuman va shahar hokimliklari ko‘rsatilgan nomzodlarni saralab, tasdiqlab beradi. Bir oqsoqol ketma-ket cheklanmagan muddatga qayta saylanashi mumkin.​

XS
SM
MD
LG