Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:38

2010 sadosi: Botirovning yaqinlari mahalliy rasmiylar adolatsizligidan shikoyat qilmoqda


Bakievlar ega chiqayotgan uy.
Bakievlar ega chiqayotgan uy.

Botirovlarning Suzoq tumani Dmitrievka qishlog‘i Paxta ko‘chasida joylashgan uyi o‘tgan hafta oxirida tuman sud ijrochilari tomonidan Sanjar Bakievga o‘tkazib berildi. Qishloq hukumati rahbari Abduvahob Bobonazarovga ko‘ra, Sanjar Bakiev uy unga o‘tkazib berilgani to‘g‘risida sud qarorini ko‘rsatganidan so‘ng sud ijrochilari, organ odamlari bilan birga uyga kirilgan.

- “Sanjarbek Bakievga uy o‘tkazib berilsin”, degan qaror bor ekan. Qishloq hukumatidan kelgan mas’ul kotib, uchastka noziri va boshqa organ odamlari bilan uydagi mol-mulki olinib, protokol yozilib, protokol bilan qonun doirasida - o‘sha yerda akasi o‘g‘lining bo‘sh turgan uyi bor - o‘sha yerga olib chiqib qo‘ydik, - deydi Abduvahob Bobonazarov.

Qirg‘iziston sobiq prezidentining yaqinlari 2010 yil may oyida Suzoq tumani Teyit qishlog‘idagi Bakievlar uyi Qodirjon Botirov tarafdorlari tomonidan yondirib yuborilganini iddao qilib keladilar.

Qodirjon Botirov o‘sha paytdagi Qirg‘iziston muvaqqat hukumati tarafdori bo‘lgan va muvaqqat hukumatga Bakievga qarshi kurashida yordam bergan.

Bu voqeadan so‘ng Bakievning yaqinlari keltirilgan zararni undirish maqsadida Botirov ustidan sudga ariza bergan.

2011 yil aprelida Jalolobod shahar sudi Qodirjon Botirov ustidan berilgan 7,4 million so‘mlik da’vo arizasini ko‘rib chiqib, keltirilgan zararni undirib berish to‘g‘risida qaror chiqardi. So‘ngra mazkur hukmni viloyat sudi ham o‘z kuchida qoldirgan.

- Sud qarori bizga kelib tushgach, Qodirjon Botirovga tegishli mulk tekshirilgan. Natijada Suzoq tuman davlat qaydga olish boshqarmasi bergan xulosaga asosan Qodirjon Botirovga tegishli Suzoq tumani Dmitrievka qishlog‘i Paxta ko‘chasidagi134-uy ro‘yxatga olingani aniqlandi. Uy sud orqali hibs qilinib, sud qarori va da’voni qondirish maqsadida ish olib borilgan. Mustaqil ekspertlar tomonidan uy 7 million 451 ming so‘mga baholanib, sotuvga qo‘yilgan.Uy narxi arzonlatilib, ikkinchi marta sotuvga qo‘yilganidan keyin ham xaridor chiqmagach, viloyat sudi 2016 yil aprel oyida uyni Sanjar Bakievga o‘tkazib berish haqida qaror chiqardi, - deydi Suzoq tumani sudi ijrochi bo‘limi rahbari Dinislam Qo‘jo‘akmatov.

Ayni paytda Qodirjon Botirov qarindoshlari davlat tomonidan uning mulklarigina emas, yaqinlarining mulklari ham tortib olinayotganini aytmoqdalar. Ularga ko‘ra, sud qarori bilan Sanjar Bakievga o‘tkazib berilgan uy ham Qodirjon Botirovning uyi bo‘lmagan.

Bu uyda vaqtincha yashab kelgan Qodirjon Botirovning jiyani Gulchehra Alimovaga ko‘ra, amakisi otasidan qolgan bu uyni 1998 yili meros sifatida o‘g‘li Botirjon nomiga o‘tkazib bergan.

- U uy Botirov Botirjon Qodirjon o‘g‘lining nomida, 1992 yilda tug‘ilgan o‘g‘lining nomida. Uy masalasidan shuncha sud bo‘ldi. Bo‘layotgan sudlarning hech qaysinisida biz, javobgar tomonining vakili yo‘q bo‘lyapti. Sud ijrochilari: “Izveshenie kelishi kerak emas, nega keladi?” deydi. “Qanday qilib sizlar ogohlantirishsiz sud qilasizlar?” desak, “Biz buni o‘zimiz bilamiz”, deb javob berishadi. Bu uyda beshta bola bor, ular o‘qishni tamomlag anda keladigan uyi shu, hatto shu uyini ham olib qo‘yishayapti endi, - deydi Gulchehra Alimova.

Qodirjon Botirov o‘g‘lining uyiga ega chiqayotgan Sanjar Bakiev 2010 yili hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Qurmonbek Bakievning ukasi Jusup Bakievning o‘g‘lidir. U 2010 yil may oyida Jalolobodda tartibsizlik uyushtirgani, hukumat vakillariga qarshi qurol qo‘llaganlikda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Biroq keyinchalik Oliy sud quyi instantsiya sudining bu hukmini bekor qilgan va Sanjar Bakiev besh yilga qamalgan.

Sanjar 2014 yil noyabrida jazo muddati tugaganidan so‘ng ozodlikka chiqqan. Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan suhbatida u Qodirjon Botirovga tegishli bo‘lgan boshqa mulklarni ham olmoqchiligini aytgan.

- 2010 yil may oyida men turgan uyni, akamning va bobomning uyini Botirov boshchiligidagi separatistlar yondirib ketgan. O‘sha paytlarda xalqaro va parlament deputatlaridan iborat komissiya ham kelib, xulosa chiqargan. Yaqinlarim o‘sha paytlarda Botirov ustidan sudga murojaat qilib, keltirilgan zararni undirib berishlarini so‘ragan. Shahar sudi bizning foydamizga qaror chiqarib, uning mulkini olishni tavsiya qildi. Men rozi bo‘ldim. Hozir Davlat qaydga olish xizmati orqali uyga hujjat tayyorlanayapti. Bizga keltirilgan zarar shu bilangina qoplanmadi. Yaqin kunlarda Botirovga tegishli yer uchastkasini olish uchun ham sudga murojaat qilmoqchiman, - dedi Sanjar Bakiev.

2010 yil iyunь voqeasi bo‘yicha ayblanib, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Qodirjon Botirovning mulki 2011 yilda sud hukmi bilan davlat tasarrufiga o‘tkazilgan. Hujjatlarga asosan o‘shanda Qodirjon Botirov va uning turmush o‘rtog‘i Karomat Botirovaga tegishli 28 ob’ekt hibs etilgan.

2011 yildan so‘ng Qodirjon Botirovning o‘g‘li Botirjon Botirov va Karomat Botirovaning ishonchli vakili sifatida ular nomidan sudlarda ishtirok etgan, hozirda xorijda bo‘lgan Jasurbek To‘xtasinovning aytishicha, 1998 yili Qodirjon Botirov va Karomat Botirova rasman ajrashgan va birga yashashmagan. Lekin 2010 yil voqealaridan so‘ng Jalolobod prokuraturasi ularning ajrashgani to‘g‘risidagi hujjatlar qalbakilashtirilgani iddaosi bilan Karomat Botirova nomidagi ob’ektlarni ham davlat hisobiga musodara qilgan.

Jasurbek To‘xtasinovga ko‘ra, shu ro‘yxat ichida ham hozirda talash bo‘layotgan uy va bir bolalar bog‘chasi, sport zali kabi ob’ektlar bo‘lmagan. Bu ob’ektlar boshqa odamlarning mulki bo‘lgan. Biroq hozirda ular ham tortib olinayapti.

XS
SM
MD
LG