Линклар

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 1-maktabning 6-sinfida o‘qiyotgan ikki dugona 20 may¸ juma kuni maktabdan chiqib¸ uyiga qaytmadi. Ertasiga qizlardan birining¸ yakshanba esa ikkinchisining jasadi shahardan o‘tuvchi katta kanaldan topildi. Taxminlarga ko‘ra¸ ota-onasi 6 yildan beri Rossiyada ishlayotgan qiz o‘zini suvga tashlagani ortidan¸ uni qutqarmoqchi bo‘lgan dugonasi ham cho‘kib ketgan.

Ozodlikka yetib kelgan xabarga ko‘ra¸ 20 may kuni Romitan tumanidagi 1-maktabning 6-sinfida o‘qiyotgan ikki qiz soat 4 larda maktabdan chiqib ketguncha¸ uyiga bormagan. (Har ikkala qizning ismi-shaifi Ozodlikka ma’lum¸ axloq nuqtai-nazaridan¸ ular oshkor etilmayotir – tahr.) Ko‘p o‘tmay maktab va mahalla¸ shuningdek mahalliy militsiya bo‘limi ularni qidirishga kirishgan.

“Qizlardan biri (SG‘)¸ oilasidan qattiq siqilgan ekan. Ota-ona olti yildan beri Rossiyada ishlab yurgan. Bu qizni erga tekkan katta opasiga tashlab ketgan. Opasi yaqinda tuqqan¸ uning eri ham Rossiyada ekan. Qaynota-qaynonasi bilan yasharkan. Opa-singil har kun janjallashar ekan¸ singlisini qattiq tergar ekan. Qizcha buni maktabdagi o‘rtog‘iga (SF) aytar ekan. Bir kun oldin ham opasi bilan urush qilgan. Maktabdan chiqib¸ ikki qiz ketgan¸ o‘rtog‘iga hasrat qilmoqchi bo‘lganmi. Romitandan Xayrobod degan katta kanal o‘tadi¸ hozir suvi lopillab turipti.Shunga tashlagan. Bittasining o‘ligi ertasiga topildi¸ boshqasi bozor kuni (yakshanba¸ 22 may – tahr.) topildi. Darrov ko‘mishdi”¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda voqea tafsilotlariga yaqin manba.

Romitan ichki ishlar bo‘limida borayotgan jarayondan xabardor manbaning aytishicha¸ voqea yuzasidan jinoiy ish ochilmagan. Ayni paytda¸ militsiya va tuman prokuraturasining voyaga yetmaganlar bilan shug‘ullanuvchi xodimlari surishtiruv olib bormoqda¸ maktab mutasaddilaridan tushuntirish xatlari olingan.

Voqeaga yaqin manbaga ko‘ra¸ ikkinchi qiz hurmatli oilaning so‘nggi farzandi bo‘lgan. Xulqi va o‘qishi bo‘yicha sinfdoshlaridan ancha oldinda bo‘lgan ikkinchi qizning o‘rtog‘ini qutqaraman deb cho‘kib ketgani taxmin qilinmoqda.

“Tafsilotlarni hech kim bilmaydi. Birinchi qiz jonidan to‘yib¸ o‘zini otgan bo‘lsa¸ bu uni qutqaraman deb tashlaganmi o‘zini suvga. Yo ikki dugona kelishib suvga otganmi o‘zini¸ hech kim bilmaydi. Ikki dugonani ketma-ket tuproqqa qo‘yishdi. Birinchi qizning ota-onasiga xabar berishibdi¸ keldi Rossiyadan”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan romitanliklardan biri.

Boshqa bir romitanlikning Ozodlikka yozishicha¸ ikkala qiz ham metallolom sabab¸ suvga cho‘kkan. Maktab tugashi arafasida metallolom bo‘yicha topshiriqni bajarmagan o‘quvchilarga bosim kuchaygan¸ ularni o‘qituvchilar yana hammaning oldida izza qilgan. Shundan bezor bo‘lgan qizlar¸ kanal bo‘yidan metall olamiz deb¸ suvga toyib ketgan¸ degan iddaoni ilgari surdi Ozodlikka romitanliklardan biri.

“Ikki qizaloq iflos metallomchilarni deb katta ariq kanalga tushib halok bo‘lishdi... Qizchalar katta ariq-kanal yoqasidan metallolom olamiz deb tushib ketishgan”¸ deb yozdi bu manba.

Hozircha qizlar o‘limiga metallolom yig‘imining aloqadorligi haqidagi bu iddao tasdiqlanmadi.

Ikkala qiz o‘qigan maktab¸ qolaversa¸ Romitan ichki ishlar tizimiga aloqador manbalar bu iddaoni mutlaq inkor qildilar.

“Maktabning bu voqeaga aloqasi yo‘q. Aksincha¸ ular qizlarning uyiga bormaganini eshitib¸ oyoqqa turgan. Ikkala qizning oilasi hech kimga e’tiroz bildirmagan. Taqdir shu ekan¸ deb o‘tirishibdi yig‘lab-dodlab”¸ dedi voqeaga aloqador rasmiy manbalardan biri.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ qizlar o‘limiga asosiy sabab qilib¸ ota-onasi Rossiyada yurgan qizning depressiyaga tushib¸ o‘z joniga qasd qilgani taxmin qilinmoqda. Ikkinchi qiz¸ tasodifiy qurbon sifatida ko‘rilmoqda.

Mart oyida O‘zbekistondagi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati tarqatgan hisobotda Samarqanda viloyati misolida o‘z joniga qasd qilish hollarining ko‘paygani aytilgan edi.

Hisobotda¸o‘z joniga qasd qilish xolatlarining aksari maktab, litsey va kollej o‘quvchilari orasida sodir bo‘lgani alohida ta’kidlangan edi.

O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish hollari¸ xususan¸ voyaga etmaganlarning o‘zi o‘ldirish hollariga oid rasmiy statistika ham¸ xudkushlik motivlari haqidagi tahlil ham jamoatchilikka e’lon qilinmaydi.

XS
SM
MD
LG