Линклар

Hind qamog‘ida qolayotgan o‘zbek ayol o‘zining o‘g‘irlab kelinganini iddao qilmoqda


37 yashar Barno Jo‘raevaning besh oydan beri Bhopal qamog‘ida saqlanayotgani aytilmoqda. Surat Hindustantimes.com saytidan olindi.

37 yashar Barno Jo‘raevaning besh oydan beri Bhopal qamog‘ida saqlanayotgani aytilmoqda. Surat Hindustantimes.com saytidan olindi.

Hindustan Times nashrining 23 may kuni yozishicha¸ 37 yashar O‘zbekiston fuqarosi Barno Jo‘raeva besh oydan beri Hindistondagi Bhopal qamoqxonasida saqlanmoqda. Mamlakatga noqonuniy yashaganlikda ayblanib¸ bir yarim yildan beri sud qilinayotgan bu ayol¸ o‘zining uxlatadigan dori berilib¸ so‘ngra Nepaldan Hindistonga o‘g‘irlab kelinganini iddao qilmoqda.

Hindistondagi yetakchi nashrlardan biri Hindustan Times nashriga ko‘ra¸ mahalliy tildan birortasini bilmaydigan o‘zbekistonlik ayol o‘ziga qo‘yilayotgan rasmiy ayblov mazmunidan yaxshi ogoh emas.

O‘zbekistonlik Barno Jo‘raeva 9 dekabr kuni Misrod tumanida Hindistonda qonuniy vizasiz yashashda ayblanib qo‘lga olingan va uning ishi shundan beri qayta-qayta tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda.

“Ayblanuvchi na hind¸ na ingliz tilini biladi. U faqat o‘zbekcha gapiradi. Politsiya uni o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni til to‘sig‘i bois yaxshi tushunmayotgan bir sharoitda qamab qo‘ydi. Uning pasportini ham politsiya musodara qilgan” deydi hind nashriga Barno Jo‘eraevga huquqiy maslahatchilik qilayotgan Manoj Shrivastava.

Politsiyaga ko‘ra¸ Jo‘raeva 2014 yil 26 iyulь kuni Hindistonga Nepaldan noqonuniy tarzda o‘tgan va shundan beri mamlakatda noqonuniy yashab kelgan.

“Aslida voqea boshqacharoq. Jo‘raevaning o‘zi politsiyaga uchrab¸ o‘zining aksil-ijtimoiy guruhlar tomonidan uxlatadigan dori berilib¸ Hindistonga olib o‘tilganini aytishga uringan. Doridan keyin o‘ziga kelganda¸ Jo‘raeva Dehlida bo‘lgan”¸ deydi Srivastava.

“Dehlida Jo‘raeva bhopallik Vikas Sarkar degan odam bilan tanishgan va u o‘zbekistonlik ayolni bu yerga olib kelgan. So‘ngra u Chhotu Shukla degan odam hamrohligida Bhopal politsiyaga uchragan”¸ deydi Hindustan Times gazetasiga Jo‘raevaning huquqiy maslahatchisi.

Advokatga ko‘ra¸ Barno 2014 yil 7 dekabrida mahalliy politsiya rahbarlaridan biriga uchragan¸ ammo til to‘sig‘i bois¸ vaziyatini to‘g‘ri tushuntira olmagan. Shundan so‘ng uni politsiya uchastkasiga¸ bu yerdan esa¸ qamoqxonaga jo‘natishgan.

Hozircha o‘zbekistonlik ayolning qachon va nima maqsadda Nepalga kelgani¸ uni aynan qanday “aksil-ijtimoiy guruhlar” Hindistonga o‘g‘irlab o‘tganiga oid tafsilotlar ochiqlanmadi.

Nashrning yozishicha¸ 2014 yilning 10 dekabridan beri Barno Jo‘raevaning ishi bo‘yicha sakkiz marta mahkama eshituvi bo‘lgan va ularning birortasida o‘zbekcha biladigan tarjimon qatnashmagan.

Hind nashrining yozishicha¸ hozirgacha Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi ham o‘z fuqarosi taqdiridan to‘liq xabardor qilinmagan.

Aytilishicha¸ elchixona xodimlari Jo‘raevaning O‘zbekiston fuqarosi ekanligini tasdiqlash yoki tasdiqlamaslik uchun¸ uning pasport nusxasi yuborilishini so‘ragan. Ammo mahalliy politsiya¸ xorij davlat elchixonalari bilan bevosita aloqa qilish o‘z vakolatiga kirmasligi bois¸ haligacha bu ishni qilmagan.

Na o‘zbekcha biladigan tarjimon va na o‘zbek elchixonasi vakillari o‘z ishiga aralashmayotgani bois¸ Barno Jo‘raeva o‘ziga nima ayb qo‘yilayotganini oxirigacha anglamagan holda¸ mahkama hukmini kutmoqda¸ deyiladi mahalliy nashrda chop etilgan maqolada.

Hindiston¸ aksar Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari kabi o‘zbekistonlik fohishalar¸ xususan¸ odam savdosi qurbonlari ko‘p uchraydigan davlatlardan biri.

Hind matbuoti¸ o‘zbek fohishalari guruhining qo‘lga olinib¸ qamalgani yoki deportatsiya qilingani haqida tez-tez xabar berib turadi.

XS
SM
MD
LG