Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 21:06

Xaridorlar Urgutning axlat bosgan yangi bozoridan norozi


Samarqand viloyati Urgut tumanida ishlab turgan ulgurji bozori va uning tegrasidagi abgor sanitariya-gigiena sharoiti haqida Ozodlikka shikoyat keldi. Maktubga tirkalgan o‘ndan ortiq suratda axlat bosgan anhor, tosh bosgan o‘ydim-chuqur yo‘l va devori ko‘chgan yangi namunaviy uylar aks etgan. Ozodlik bog‘langan xaridorlarga ko‘ra, 5 yil muqaddam ochilgan bozor hanuz chala qurilgan, pala-partish ahvolda qolmoqda, uning ortida esa ulkan axlatxona paydo bo‘lgan.

Ozodlikka yo‘llangan shikoyatda nafaqat Samarqand balki qo‘shni viloyatlardan ham xaridorlar boradigan ulgurji bozordagi sado do‘konlarining aralash joylashgani, aksar do‘konlar chala bitganicha qolayotgani, oshxonalarda esa tozalik umuman talabga javob bermasligi aytilgan:

"... bozordagi sotiladigan mollarning turli joyda joylashgan... ko‘ylak sotib olish uchun bozorni hamma joyini aylanib chiqishga to‘g‘ri keladi... ayrim oshxonalar juda iflos, kirgan xo‘rrandaning ishtahasi bo‘g‘ilishi tayin... yerga yotqizilgan beton plitalar bozor qurilgan vaqtlari sinib yaroqsiz holga kelgan edi... bozor hududi va bozorning atrofiga umuman qarab bo‘lmaydi, hamma joy iflos, qaerga qaramang axlat, har xil chiqindilar..."

Shuningdek, asosiy urg‘u bozorning orqa tarafidagi kattagina maydonda hosil bo‘lgan axlatxona masalasi tilga olingan:

"... Urgut yangi bozorining orqa tarafiga o‘tsangiz, bozordagi barcha chiqindilarni orqa tarafga tashlashadi... axlatlar uyum-uyum... bozorning orqa tarafida tsement kanal bor. Barcha chiqindilar shu kanalcha va shu kanalchaning atrofiga tashlanadi. Yozda sasib, xar xil kasalliklar tarqaladi.

Yana eshitishimcha bozor hududida joylashgan tualetlarning oqova suvlari ham shu kanalchaga tushar ekan, bu yog‘ini o‘zingiz tasavvur qilavering endi..." deyiladi shikoyat maktubida.

Maktubda ulgurji bozorga eltuvchi yo‘llar va uning yaqinidagi namunaviy uylarning ahvoli ham abgor ekanidan arz qilingan:

"Ushbu yerda ya’ni axlatxona atrofida Mirzaqishloqlik fermerlarning yerlari joylashgan. Bu yerda axlat bilan suv aralashib, ekin maydonlari sug‘oriladi... Yuqoridagi faktlarni bozor rahbariyati va ma’muriyati juda yaxshi biladi, lekin bunga e’tibor qaratishmaydi... bozor atrofida yangi kottejlar qurilgan... qarab bo‘lmaydi devorlari yorilgan, plitalar joyidan ko‘chib tushgan. Hamma hammasi nomigagina qilingan ishlar. Na yo‘llari asfalьt qilingan, na montaj qilingan elektr simlari...
Urgut yangi bozoriga Mirzaqishloqdan keluvchi asosiy yo‘l juda achinarli holatda, yo‘l balchiq bo‘lib mashinalar botib qoladi".

​Ozodlik bu maktubda tilga olingan muammolarga "Urgut savdo kompleksi" rahbariyatidan hozircha javob olishga muvaffaq bo‘lmadi.

Ammo, urgutlik bir necha tinglovchi maktubda tilga olingan muammolarni tasdiqladi.

Bu bozorni nisbatan arzon bozor, deb ta’riflagan tinglovchi o‘tgan 5-6 yil ichida yangi bozorda tartib shakllanmaganini aytdi:

- Kiyim-kechak qismi aralash-quralashligi rost. O‘zi bozorlarda bo‘lingan bo‘ladiku, bu bozorda unaqamas. Yozgi kiyim, qishki kiyim, oyoq kiyim, kostyum-shim - hammasi aralash. Buning ustiga ovqat-oziq ham kiyim do‘konni yonidan sotilaveradi. Chala bitgan joylari ham shunday qolgan. Tozaligi ham yaxshimas, bu to‘g‘ri. Lekin, bu bozor ulgurja bozor bo‘lagani uchun tovar ko‘p va arzon - shunga odamlar boradi, qadimdan o‘zi Urgut bozori shunaqa bo‘lgan, - deydi urgutlik ayol.

U ham bozor tegrasidagi yo‘llarning asfalьt yotqizilmagani, yozda chang-tuproq, qishda loyga botishini tasdiqladi.

Bu bozorda o‘tgan hafta xarid qilgan urgutlik bir fermer esa bozor yonidagi axlatxonadan xabari borligini aytdi:

- Bozordagi oshxonalar tashlaydida axlatni. Orqasida yig‘ilib ketgan. O‘zi shu yangi bozor toza joymas, hammasi aralashib yotibdi. Endi optoviy bo‘lgani uchun boramiz, arzon boshqa bozorlardan. Lekin, juda katta u bozor, juda katta, - dedi urgutlik fermerlardan biri.

Bu "Urgut savdo kompleksi"dagi vaziyat ustidan Ozodlikka kelgan birinchi shikoyat emas. Bundan tashqari, yangi bozorning ochilishi va unga tumandagi boshqa bozorlarning ko‘chirilishida ham militsiya xodimlari ishtirokidagi janjallar kuzatilgan.

2011 yilning yozida Urgut tumani markazidagi “Yangi buyum bozori”, “Halim aka bozori” va yana 10 ta kichik bozorning hammasi yangi savdo kompleksiga joylangan edi. Yangi bozorda savdo nuqtalari etarli bo‘lmagani bois, tadbirkorlarning o‘zi vaqtinchalik savdo rastalari qurgan va bugun olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘sha omonat rastalarning aksari hanuz ishlab turibdi.

Bundan tashqari, 2011 yilning 23 iyun kuni rasmiylar militsiya maxsus kuchlari yordamida Urgut markazidagi buyum bozoridan tadbirkorlarni majburan yangi bozorga ko‘chirmoqchi bo‘lganida ikki tomon o‘rtasida janjal chiqqan edi.

XS
SM
MD
LG