Линклар

Sankt-Peterburgning Kolpino shaharchasida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 32 yashar ayol 4 qavatdan yiqilib tushdi va og‘ir jarohatlar bilan mahalliy shifoxonaga olib ketildi. Politsiya mast holatda bo‘lgan bu ayol arqon qilib bog‘langan choyshablarga osilib kvartiradan chiqib ketayotib yiqilganini aniqladi.

20 may kuni Peterburgning Kolpino mavzesida 4 qavatdan yiqilib tushgan ayol 32 yashar O‘zbekiston fuqarosi ekani ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shu kuni 22:50larda bir nechta choyshabni bir-biriga bog‘lab, kvartira derazasidan pastga tushayotgan ayol o‘zini tutolmasdan 12 metr balandlikdan tushib ketgan.

Hodisa joyiga qo‘shnilar tomonida chaqirtirilgan tez yordam shifokorlari o‘zbekistonlik ayol katatravma olgani, tos suyagi, chap yelka suyagi singanini aniqladi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, g‘aroyib holatda og‘ir jarohat olgan o‘zbekistonlik muhojir ayol Oktyabrskiy ko‘chasidan shaharning 33-sonli shifoxonasiga keltirilgan.

Kolpino shahar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limi xodimlari Ozodlik so‘roviga ayol o‘rta og‘irlikdagi holatda qolayotganini bildirishdi.

- Ismi-sharifi N.A. U travmatologiya bo‘limi palatasiga yotibdi. Umumiy holati – qoniqarli, temperaturasi – normal. Uni allaqachon reanimatsiya bo‘limidan umumiy palataga o‘tkazishdi,- dedi 33-sonli shifoxona vrachi.

Ozodlik Nasiba B. ismli 32 yoshli bu ayol Samarqand shahridan ekanini aniqladi. Kolpino Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari Nasiba kimdan qochib, derazadan pastga arqonga osilib tushishga qaror qilgani aniqlanayotganini bildirishdi.

Politsiya, shuningdek, Nasiba pastga tushayotganida mast holatda bo‘lganini aniqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, u Peterburgda migratsiya qaydiga turmasdan yashab kelgan. Huquq-tartibot organi taftishchilari tergov-surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda.

Qurilishda yana bir fojea

Sankt-Peterburgning Sovetskiy prospektida 22 may kuni yana bir o‘zbekistonlik mehnat muhojiri 10 qavatdan tushib ketdi. Tonggi sahar 6:30 larda derazadan tushib ketgan ishchi 39 yoshda ekani va shu qurilishda montajchi bo‘lib ishlab kelgani ma’lum bo‘ldi.

Hodisa joyiga yetib kelgan tergovchilar sudoldi taftish ishlarini olib bormoqda, hodisa sabablari aniqlanmoqda. Marhum bilan birga ishlab kelgan yurtdoshlari u 10 qavatdan texnika xavfsizligiga rioya qilmagani bois qulab tushganini bildirishgan. Ma’lumki, qurilishda o‘lgan o‘zbek muhojiri Peterburgda rasman qaydda turgan, shimoliy poytaxtga ishga joriy yilning mart oyida kelgan.

Muhojir jasadi mahalliy sud-tibbiy ekspertiza laboratoriyasiga jo‘natildi.

XS
SM
MD
LG