Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:45

Moskvada reydlar davomida 200dan ziyod xorijlik hibsga olindi


Moskva politsiyasi noqonuniy faoliyat yuritgan to‘rtta tikuv tsexida ishlagan 200 dan ziyod xorijlik fuqaroni qo‘lga oldi. Xovanskiy qabristonidagi hodisadan keyin Rossiya poytaxtida nolegal muhojirlarni aniqlash bo‘yicha ommaviy tekshiruvlar va reydlar davom etmoqda. Ozodlikka murojaat qilayotgan muhojirlar reydlarlar qattiq aziyat chekayotganini bildirmoqda.

Noqonuniy tikuv sexida 200 ziyod odam ishlagan

Moskva politsiyasi shaharning janubi-sharqida joylashgan yashirin tarzda ish olib borgan tikuv sexi ishchilarini hibsga oldi.

Bu haqda ma’lumot tarqatgan Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva shahri bo‘yicha bosh boshqarmasi reyd davomida 206 nafar xorij fuqarosi ushlanganini aniqlashtirdi, biroq ular qaysi davlatlar fuqarolari ekanini ochiqlamadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur sexlarda jahonga dong‘i ketgan brendlar logotipi tushirilgan sport kiyimlari ishlab chiqarilgan. Tayyor mahsulot ulgurji bozorlarda sotilgan.

Politsiya bosgan binolarda korxona ishchilari yashashiga moslashtirilgan xonalar ham topilgan. Moskva politsiyasiga ko‘ra, reyd chog‘ida 491 ta tikuv mashinasi, trafaretlar, kiyim tikish uchun lozim bo‘lgan materiallar hamda mashhur brendlarning tovar belgisi tushirilgan 216 dona tayyor mahsulot musodara qilingan.

Qo‘lga tushirilgan migrantlarning 108 nafariga Rossiyada migratsiya qonunlarini buzgani uchun, 98 nafariga nisbatan esa noqonuniy mehnat faoliyati yuritgani uchun ma’muriy protokol tuzilgani aytildi. Joriy yilning fevral oyida Moskvaning yerto‘la tikuv fabrikalarida 200 ziyod Vyetnam fuqarolari ushlangan edi.

Moskvada reydlar davom etmoqda

Ayni paytda, politsiya reydlari va “zachistkalari” Moskva shahrining barcha tumanlarida davom etmoqda.

Ozodlik tahririyatiga Xamovniki politsiya bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilgan vodiylik Muhammad hamma hujjatlari joyida bo‘lishi va rasman ishlayotganiga qaramasdan 10 soatdan beri ushlab turilganini ma’lum qildi.

U reyd davomida 150 yaqin odam yotoqxonalardan olib ketilganini gapiradi:

- Biz yotoqxonada turib, soat beshda ishga jo‘nab ketayotuvdik. 5:20larda Lujnik oldidagi yotoqxonamizda oblava qilib, Arbat va Xamovniki tuman dvorniklari, farroshlarini avtobuslarga bosib olib kelishdi ertalabki 6:20da mana shu yerga. 3 avtobus odam keltirildi! Ertalabdan beri o‘tiribmiz – 10cha odamni olib chiqib ketgan,darak yo‘q. Melisalar majlislar zaliga hammamizni qamab qo‘ygan. Ikkita rayondan taxminan 150 odam keltirilgan. Men hozir ikkita o‘g‘lim va jiyanim bilan o‘tiribman. O‘zimiz Arbat rayonida ishlayotganimizga 1 yil bo‘ldi yaqinda. Hujjatlarimiz, shartnomalarimiz bor, patent va to‘lovlarimiz, registratsiyamiz bor. Bizga hech nima tushuntirmayapti, boshliqlarimiz ham kelib-ketdi... Ertalabdan beri och o‘tiribmiz, yaxshi ham qirg‘iz bollar derazadan somsa-pomsa olib kelib berdi. Mana 9-10 soatdan beri ushlab turishibdi. Dokumentimiz bo‘lsa, aybimiz nimada?! – dedi Muhammad.

Moskvaning Markaziy okrugiga qarashli Xamovniki Ichki ishlar bo‘limida Ozodlik so‘roviga tong saharda Lujnikidagi ushlangan mehnat muhojirlari tekshiruvdan o‘tkazilayotganini tasdiqlashdi.

O‘zini tanishtirmagan bo‘lim navbatchi ofitseri migrantlar “reja asosida olib borilayotgan reyd davomida ushlangani”ni ma’lum qildi:

- Migratsiya rejimi tekshirilayapti. Axir tushuning: ular 100 kishidan ortiq keltirilgan va guruh-guruhga ajratilib tekshiruvdan o‘tkazilayapti. Aniqrog‘i, 120 kishi olib kelingan. Odamlarni asta-sekin qo‘yib yuborayapmiz. Deyarli yarmisini qo‘yvordik. Siz xavotir olmang – hujjatlari joyida bo‘lsa ular albatta qo‘yib yuboriladi, dedi politsiya xodimasi.

Bir oz vaqtdan so‘ng Muhammad deyarli barcha ushlanganlar politsiya bo‘limidan chiqarib yuborilganini Ozodlikka xabar berdi.

MChS, migratsiya xizmati va politsiyaning hamkorlikdagi amaliyotlari shu yilning 14 mayida Moskvaning Xovanskoe qabristonida kavkazlik va markaziy osiyolik mehnat muhojirlari o‘rtasida sodir bo‘lgan qonli to‘qnashuvdan keyin boshlanib ketdi. Shahar hukumati va qabriston ma’muriyati janjalni boshlashda qabristonda ishlayotgan go‘rkov-muhojirlarni ayblashga shoshildi.

Bundan oldinroq, 30 yanvarda, Moskvada tikuv tsexida chiqqan yong‘in oqibatida markaziy-osiyolik 12 muhojir, jumladan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani ortidan mer Sergey Sobyanin xufyona va oshkora tarzda ishlayotgan tikuv fabrikalarini tekshiruvdan o‘tkazishni buyurgan edi.

XS
SM
MD
LG