Линклар

Qozoq vazirining qirg‘izlar haqidagi bayonoti noroziliklarga sabab bo‘ldi


Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediuli.

Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediuli.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediulining “qirg‘izistonliklar Moskvada hojatxona tozalab yuribdi”, degan bayonotidan norozi bo‘lib, Astanaga rasmiy nota jo‘natdi. Bu gap uchun qozog‘istonlik madaniyat, san’at va sport arboblari qirg‘izistonliklardan uzr so‘radilar.

Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediuli 23 may kuni Astanada o‘tgan yig‘inlardan birida buyuk qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov o‘z asarlarida qirg‘iz xalqi kelajagini bashorat qilgan, degan fikrni bildirgan.

O‘z so‘zida davom etar ekan, vazir: “Rossiyada qirg‘iz qizlar xojatxona tozalab yuribdi, ular vatanida ish yo‘qligidan shunga majbur bo‘lishayapti. Aytmatov bu haqda ularni o‘z asarlarida avvaldanoq ogohlantirgan”, deb Aytmatovning “Oq kema” asarini misol keltirgan.

Vazirning ushbu bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Mazkur bayonotdan so‘ng Qozog‘iston san’at, madaniyat va sport arboblari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida qirg‘izistonliklardan vazir so‘zlari uchun uzr so‘radilar.

Masalan, "Bolotxan Tayjan" jamg‘armasi prezidenti Muxtar Tayjan o‘z facebook sahifasida: “Qo‘shni qirg‘iz xalqidan vazirning so‘zlari uchun uzr so‘rayman. Ilojimiz qancha, shunday madaniyatsiz vazirlar ham bo‘lar ekan”, deb yozdi.

Qirg‘izistonlik siyosatchilar Qozog‘iston vazirining bunday bayonotini mamlakatda yuzaga kelgan vaziyat bilan bog‘lamoqdalar. Qozog‘istonda yerni xorijliklarga sotish imkoniyatini beruvchi qonun qabul qilinishi ortidan o‘nlab mitinglar bo‘lib o‘tgan, 21 may kuni esa hukumat muxolifatning ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazish chaqiriqlari ortidan mamlakat xavfsizlik kuchlari yuzlab huquq himoyachilari va fuqarolik jamiyati faollari, o‘nlab jurnalistni hibsga oldi.

Qirg‘iziston parlamenti deputati Almazbek Baatirbekov bu boradagi fikrini quyidagicha bildirdi:

-“Urushda hamma vositalar yaxshi”, degan gap bor. Qozoq hukumati mamlakatdagi ichki noroziliklarni bostirish uchun Qirg‘izistondagi vaziyatni qiyoslashmoqda. Buning ortida “Agar noroziliklar davom etaversa, qirg‘izlarday bo‘lib qolasizlar”, degan ma’no bor, -dedi Almazbek Baatirbekov.

24 may kuni esa Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Aristanbek Muxamediulining bayonotidan norozi bo‘lib, Astanaga rasmiy nota jo‘natdi.

Notada “Aristanbek Muxamediulining gaplari Qirg‘iz Respublikasining qadr-qimmatini paymol qiladi va uning o‘ylanmay turib aytilgan so‘zlari ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga to‘g‘ri kelmaydi”, deb aytilgan.

Ayni paytda qirg‘iz jamiyatida qozoq vaziri rost gapni aytdi, “Rost gap esa onangga ham yoqmaydi”, deb fikr bildirayotganlar ham bor.

-Qizlarimiz farroshlik qilib yurgani yolg‘onmi? Ochig‘ini aytishimiz kerak, bizda yana avtoritar hokimiyat tiklandi, tizmda islohotlar o‘tkazilmadi. Shuning uchun odamlarimiz ishsizlikdan xorijga ketishga majbur bo‘layapti, -deydi parlament deputati O‘murbek Abdraxmanov.

Qozoq vaziri Aristanbek Muxamediulining hatti –harakatlari bir necha yillardan beri qozog‘istonliklar orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lib keladi. Masalan, 2008 yilda u familiyasini Nazarboevning kuyovi Rohat Aliev familiyasiga o‘xshashib ketgani uchun o‘zgartirib olgan.

O‘tgan yili esa u madaniyat vaziri sifatida “Qozog‘istonni xorijda uyatga qo‘ymoqda”, degan bahona bilan qator qozoq kinolari namoyishni taqiqlagan edi.

XS
SM
MD
LG