Линклар

Samarqand shahrining Sartepa mavzesida yashaydigan aholi ularning kvartiralarini qish faslida issiq suv bilan ta’minlaydigan quvurlar kesilib, bozorda sotib yuborilganini iddao qilmoqda. Aholi vakillariga ko‘ra, sotilgan quvurlar korxona kassasiga kirim qilinmagan, prokuratura esa aholining arzini javobsiz qoldirmoqda.

Ozodlik tahririyatiga Samarqand shahrining Sartepa mavzesi Zargartepa mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi aholi nomidan kelib tushgan shikoyatda, issiq suv quvurlari viloyat “Issiqlik manbai” korxonasi tomonidan asossiz kesib ketilgani haqida yoziladi:

“Biz 2015-2016 kuz-qish mavsumida issiq suv bilan ta’minlangandik. Ammo shu yilning fevral oyida korxona rahbari Yoqub Qurbonovning buyrug‘i bilan 75, 76, 77, 78-uylar oralig‘idagi 200DM markali issiqlik quvurlari kesib ketildi. Taxminan ming metrlik truba kesildi. Bunga aholi norozilik bildirgan edi, lekin rahbarlar quvurlarni domni orqasidan o‘tkazamiz deb, aldadi. Bu quvurlarni rahbarlar o‘z manfaatlari uchun qora bozorda sotib yuborishdi. Bu haqda prokuraturaga ariza bilan murojaat qilganmiz, lekin natija bo‘lmadi”, deb yoziladi shikoyat maktubida.

Mahalla rasmiylari va fuqarolar ishtirokida tuzilgan dalolatnoma nusxasi

Mahalla rasmiylari va fuqarolar ishtirokida tuzilgan dalolatnoma nusxasi

Aholi vakillari bu shikoyatga rasmiylar va xolislar ishtirokida tuzilgan dalolatnoma va kesilgan quvurlar suratlarini ham ilova qilgan.

“Issiqlik manbai” korxonasining ismi sir qolish sharti bilan gapirgan mulozimlaridan biri, quvurlar kesib ketilganini va bozorda sotib yuborilganini tasdiqladi:

“Rahbarimiz Yoqub Qurbonov bu quvurlarni ikkilamchi metall qabul qiladigan qora bozorda sotib yubordi. Har bir metri 50 ming so‘mdan sotildi. Bu taxminan 50 million so‘m bo‘ladi. Qurbonov “men boshliqman, men javob beraman”, deb hech kimning gapiga quloq solmaydi. To‘g‘ri, u quvurlarning bir ikki joyida remonttalab ishlari bor edi. Lekin uni ta’mirlab, yana uzoq yillar ishlatsa bo‘lardi. Yangi quvur tortishga esa mablag‘ yo‘q”, deydi mulozim.

Samarqand, kesilgan quvurlar

Samarqand, kesilgan quvurlar

Uning aytishicha, korxona rahbariyati obodonlashtirish o‘rniga buzg‘unchilik bilan shug‘ullanmoqda:

“E, aka, bu birinchisi emas. Qanchadan qancha trubalarni sotib, yeb yuborishdi bular. Masalan, bizda Geofizika qo‘rg‘oni bor. O‘sha yerda ikki kilometr quvurlarni kesib sotishdi. Sanjara qo‘rg‘oni o‘tgan yili 400 million so‘m pul ajratdi. Lekin besh yildan beri hali ham suv olgani yo‘q. Aholi bu haqda rosa ko‘p shikoyatlar yozadi, lekin rahbarlar hamma tekshiruvchilarni og‘zini moylab qo‘yayapti”, deydi mulozim.

Mulozim, aholi uylaridan kesib olingan quvurlar bozorda pullanganiga guvoh bo‘lganini aytadi.

Samarqand viloyati “Issiqlik manbai” korxonasi rahbari Yoqub Qurbonovning telefoni kun davomida javob bermadi. Odamlarning aytishlaricha, boshliq e’tiroz va shikoyatlardan qo‘rqib, notanish nomerli qo‘ng‘iroqlarga javob bermaydi.

Samarqand shahar prokuraturasi tergovchisi Alisher Shamsiqulov aholi shikoyatlari bo‘yicha mazkur ishni o‘rganayotganini Ozodlikka aytar ekan, tafsilotlarga to‘xtalmadi:

“Men telefonda sizga hammasini aytolmayman, lekin albatta chora ko‘ramiz”, dedi tergovchi Alisher Shamsiqulov.

Sartepaliklarning aytishlaricha, agar quvurlar qaytarilib o‘z joyiga o‘rnatilmasa to‘rtta uyda joylashgan 160ta xonadon bu yil issiq suvsiz va issiqliksiz qoladi.

O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi taqchil bo‘lgan bugungi sharoitda, aholi uylarining ishlab turgan issiqlik manbalaridan judo qilish, samarqandliklarga ko‘ra, ularning ijtimoiy ahvolini yanada og‘irlashtiradi.

XS
SM
MD
LG