Линклар

Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti qatnashchilari foydalanishi uchun Toshkentga keltirilgani aytilayotgan Cadillac avtomobillari rasmlari Internetda paydo bo‘ldi. Xabarlarga ko‘ra, 50 dona qora rangli Cadillac XTS mashinalari kelasi oyda Toshkentda o‘tadigan ShHT sammiti qatnashchilariga xizmat qiladi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining “Voditeli Tashkenta” guruhida O‘zbekistonga olib kirilgan Cadillac rusumli avtomashinalar suratlarini ko‘rish mumkin.

Avtomobillar qaerdan olib kelingani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Cadillac XTS rusumli avtomobillarning o‘rtacha narxi 50 ming AQSh dollari atrofida.

Cadillac XTS rusumli avtomobillarning o‘rtacha narxi 50 ming AQSh dollari atrofida.

“Voditeli Tashkenta” guruhida yozib qoldirilgan izohlarda avtomobillarni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ko‘rishgani va Toshkent shahriga olib ketilayotgani aytiladi.

Avtomobillarning markasi esa Cadillac XTSdir.

Internet foydalanuvchilari bu avtomobillarning keltirilishi 23-24 iyun kunlari Toshkentda o‘tadigan ShHT Sammiti bilan bog‘liqligini, bu avtomobillar delegatsiya a’zolariga xizmat qilishi haqida taxmin qilishmoqda.

Bu avtomobillar ShHT sammiti mehmonlariga xizmat qilishi aytilmoqda.

Bu avtomobillar ShHT sammiti mehmonlariga xizmat qilishi aytilmoqda.

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda avtomobillarning ShHT sammitiga tayyorgarlik ishlari doirasida sotib olinishiga doir O‘zbekiston hukumatiga nisbat berilgan hujjat ham paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 17 may kungi qarori ilovasi ekani ishonilayotgan hujjatda Toshkentda o‘tadigan ShHT sammitiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekistonga 50ta Cadillac XTS rusumli yengil mashina hamda delegatsiyalarni olib yurish uchun 4ta Coach Higer mikroavtobuslari olib kelinishi to‘g‘risida topshiriq bayon etilgan.

Vazirlar Mahkamasiga nisbat berilayotgan hujjatda O‘zbekistonga 50ta Cadillac XTS rusumli yengil mashina hamda delekatsiyalarni olib yurish uchun 4ta Coach Higer mikroavtobuslari olib kelish topshirig‘i berilgan

Vazirlar Mahkamasiga nisbat berilayotgan hujjatda O‘zbekistonga 50ta Cadillac XTS rusumli yengil mashina hamda delekatsiyalarni olib yurish uchun 4ta Coach Higer mikroavtobuslari olib kelish topshirig‘i berilgan

Cadillac XTS rusumli avtomobillarning o‘rtacha narxi 50 ming AQSh dollari atrofida. Lyuks klassidagi avtomobillarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Cadillac AQShning General Motors kontserni tarkibiga kiradi, Cadillac XTS mashinalari Xitoyda ishlab chiqariladi.

ShHT sammiti oldida sotib olinayotgan Coach Higer mikroavtobuslari Xitoy shirkatida ishlab chiqariladi va har birining narxi 90 ming AQSh dollaridan sal ko‘proqni tashkil etadi.

O‘zbekistonda xorijdan keltiriladigan yangi avtomobillar bojxona qiymatining 30 foizi va dvigatel hajmining har bir kub santimetri uchun 2,5 AQSh dollari miqdorida import boji belgilangani e’tiborga olinsa bu avtomobillarning mamlakatga kelishi 35-40 foizga qimmatroqqa tushadi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining ayrim foydalanuvchilari bu avtomobillar O‘zbekistonga bojxona to‘lovlarisiz olib kirilganiga ishonishmoqda.

Xitoyning sovg‘asi?

Ayrim foydalanuvchilar bu mashinalar Xitoyning ShHT sammitiga bu yil mezbonlik qiladigan O‘zbekistonga beg‘araz yordami ekani haqda yozmoqda.

Tarmoqning Denis Xoroshilov ismli foydalanuvchisi: "Vazirlar Mahkamasi nakladnoyida shu mashinalarini kodlari ham keltirilgan. Shu kodlardan bu mashinalar Xitoyda ichki bozor uchun ishlab chiqarilgani ayonlashadi. Bu Xitoyning sovg‘asi bo‘lishi aniq", deb yozdi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining yana bir foydalanuvchi To‘lqin Umaraliev esa: “Negaligini bilmaymanu, lekin ShHT a’zolarining "Cadillac"larga ishtiyoqi baland. 2013 yilda Xitoy Qirg‘izistonga 50ta shunday qora “Cadillac XTS” mashinalarini ShHT sammiti uchun sovg‘a qilgan edi. Hozir shu kadilaklarni deputatlar minib yurishibdi. Balki Xitoy bu mashinalarni O‘zbekistonga ham sovg‘a qilgandir”, deb izoh qoldirdi.

2013 yilda Xitoy Qirg‘izistonga Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini o‘tkazish uchun 50ta Cadillac, 7ta BMW, 10ta mikroavtobus va MI-8 vertolyotlarini sovg‘a qilgani haqda qirg‘iz matbuoti xabar qilgan edi.

50ta Cadillac va 4ta mikroavtobusni O‘zbekiston hukumati ShHT uchun maxsus sotib olinganmi yoda bu Xitoyning sovg‘asimi, bu haqda Toshkent rasmiylaridan ma’lumot olish imkonsiz.

Mehmon otangdan ulug‘

Ayni paytda Facebook ijtimoiy tarmog‘ining Voditeli Tashkenta guruhida ShHT sammiti uchun O‘zbekistonga Cadillac mashinalari olib kelingani qizg‘in muxokama qilinmoqda.

“Hukumatimiz GM mashinalarini ko‘proq sotish uchun ataylab chetdan mashina olib kelishlarini qiyinlashtirib qo‘yibdi. Biz chetdan mashina olib kelish uchun otning kallasiday boj to‘lashimiz kerak. Hukumatimiz esa bir kunlik to‘y uchun mehmonlarga Cadillac XTS olib kelyapti. Bu mashinalar hech qanday boj to‘lovlarisiz kiritilyapti, bu aniq”, deb yozdi Vitaliy Terexov ismli Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi.

Tarmoqning Muzaffar ismli foydalanuvchisi esa: “Hukumatni ichidagi kimlargadir shu “Cadillac XTS” mashinalarini raztamojkasiz olib kirish kerak bo‘lgandirki shunaqa qilishyapti. To‘y o‘tgandan keyin o‘ziniki qilib olishadi”, deb yozdi.

Ayni paytda tarmoq foydalanuvchilari orasida "ShHT mehmonlariga O‘zbekistonni o‘zida chiqadigan GM mashinalarini berib qo‘ysa bo‘lmaydimi?" degan fikrlarni bildirgandar ham bo‘ldi.

“O‘zimizda chiqadigan Malibu mashinalari Cadillacdan sira qolishmaydi. Mehmonlarni o‘zimizni mashinalarda olib yurishsa bo‘ladiku”, deb yozdi Facebook tarmog‘ining Azamat Qo‘shboev ismli foydalanuvchisi.

Anvar Musaev esa "Mehmon otangdan ulug‘" deb javob qildi.

XS
SM
MD
LG