Линклар

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha mutasaddisi Federika Mogerini ukrainalik uchuvchi Nadejda Savchenkoning Rossiya qamog‘idan ozod etilishini “uzoq kutilgan yaxshi xabar”, deb atadi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayer esa Savchenko ozod qilinganidan keyin ko‘nglida xursandchilik va yengillik his qilganini bildirdi. Shtaynmayerga ko‘ra, bu masala yuzasidan ko‘p ishlashga to‘g‘ri kelgan.

“Nihoyat!” deb yozdi Tvitter mikroblogidagi o‘z sahifasida Litva prezidenti Dalya Gribauskayte.

Savchenkoning ozod qilinishini AQSh rasmiylari ham olqishladilar. “Bu erkin dunyoning birgalikdagi harakati natija berishini isbotlaydi”, deb yozdi senator Rob Portman.

Kecha Kievdagi qarorgohida Savchenko bilan birga chiqish qilgan prezident Petro Poroshenko uchuvchi ayolni ozod qilishda ko‘rsatgan ko‘magi uchun Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tashakkur bildirdi.

Rossiya qamog‘idan ozod etilgan Nadejda Savchenko 25 may kuni Ukraina prezidentining uchog‘ida Kievga uchib keldi. Borispol aeroportida jurnalistlar qarshisiga chiqqan Savchenko vatani uchun kurash yo‘lidan qaytmasligini bildirdi.

Rossiya sudi Savchenkoni Ukraina sharqida ikki rus jurnalistining o‘ldirilishiga aloqadorlikda ayblab, 22 yillik qamoq jazosiga hukm etgan edi. Qamoqdaligida milliy qahramonga aylangan 35 yoshli uchuvchi ayol mazkur hodisaga aloqadorligini inkor qilgan va o‘zining o‘g‘irlanib, Rossiyaga noqonuniy tarzda olib kelinganini aytgan.

Savchenko ozod qilingan kuni Ukrainada ushlab turilgan rossiyalik ikki askar - Aleksandr Aleksandrov va Yevgeniy Yerofeev ham qo‘yib yuborildi. Kecha Moskvaga uchib ketgan bu askarlar Ukraina sharqidagi rossiyaparast ayirmachilar tomonida jang qilganlik aybi bilan 14 yildanga qamalgandilar.

Prezident Vladimir Putin Savchenkoni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirish masalasini qayta ko‘rib chiqishiga bir necha hafta qolganida ozod qildi.

XS
SM
MD
LG