Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:59

Toshkent sammiti oldidan o‘zbek-qozoq chegarasidan deyarli o‘tib bo‘lmay qoldi


O‘zbekiston o‘z hududidan o‘tadigan tranzit avtomobillari tekshiruvini kuchaytirgani sababli o‘zbek-qozoq chegarasida o‘nlab yuk mashinalari to‘planib qolgan. Ayni paytda oddiy odamlar ham Qozog‘istondan O‘zbekistonga o‘tishga qiynalayotganliklarini aytishmoqda. O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi bu xolat Toshkentda o‘tkaziladigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti oldidan xavfsizlik choralarining keskin kuchaytirilishi doirasidagi amallarning biri o‘laroq ko‘rilmoqda.

Qozog‘iston Moliya vazirligiga qarashli Davlat kirimlari qo‘mitasining bildirishicha, 21 maydan buyon O‘zbekistonning Toshkent viloyatidagi "Yallama", Qozog‘istonning "Baurjan Ko‘nisbaev" chegara tekshirish nuqtasida yuzdan ziyod og‘ir yuk mashinasi tiqinga tushib qolgan.

Qo‘mita matbut xizmati rahbari Reyxan Sheripova Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek bojxonachilari O‘zbekiston hududiga o‘tuvchi tranzit avtomobillari va yuk mashinalarini tekshirishni qattiqlashtirgani sabab chegarada tiqilinch yuzaga kelganini aytadi:

– Hozir o‘nlab mashina O‘zbekistonga o‘tish uchun navbat kutib turibdi. O‘zbekistonda xavfsizlik choralarining kuchaytirilgani aytilayapti. Nima sababdan ekanini bilmaymiz. O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tayotgan yuk mashina haydovchilarining aytishicha, o‘zbek tomoni tekshiruvlarni kuchaytirgan. Shuning uchun chegarada yuk mashinalari to‘planib qolayapti. Biz tomonga o‘tish bemalol, O‘zbekistonga qiyin bo‘layapti, - dedi Qozog‘iston Moliya vazirligiga qarashli Davlat kirimlari qo‘mitasi matbuot vakili Sheripova.

Ozodlik bilan suhbatda qozog‘iston yuk mashinasi haydovchilaridan biri O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi tiqilinchni tasvirlashga urindi:

- Hozir juda ko‘p mashina yig‘ilib qolgan. "Yallama" chegara postidagi o‘zbek bojxonachilari har bir mashinani sinchiklab tekshirayapti. U tarafga o‘tgan tanishlarim aytdi. Bir kunda beshta-oltita mashina o‘tadi, qolganlar kunlab turib qolayapti, - deydi chegara posti yaqinida O‘zbekistonga o‘tish uchun navbat kutib turgan qozog‘istonlik yuk mashinasi haydovchisi.

Ayni paytda oddiy odamlar ham Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan o‘tib-qaytish nihoyatda qiyinlashganini aytmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi G‘ishtko‘prik o‘tish maskani.
O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi G‘ishtko‘prik o‘tish maskani.

Ozodlikka bog‘langan o‘zbekistonliklardan biri o‘zbek bojxonachilarining chegaradan o‘tayotgan har bir shaxs¸ tovar va avtomobilni nihoyatda uzoq tekshirishi sabab issiq va tiqilinchda hushdan ketaëtganlar ham borligini aytadi:

- Toshkent viloyatining bir nechta chegara postlariga bordik. “Navoiy”, “G‘ishtko‘prik”, “Mayskiy”, “Yallama” postlarida odam tiqilinch. O‘zbekiston tomoni har bir odamni sinchiklab o‘tkazayapti. Ayollar orasida tiqilinchda o‘zlarini yo‘qotib qo‘yganlar ham bo‘ldi, - deydi Ozodlik mushtariylaridan biri.

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi tekshiruv kuchaytirilgani sababi haqida tushuntirish bergani yo‘q.

Qozoq bojxonachilari Qozog‘iston hududida bir necha kunlab kutib qolayotgan avtomobil haydovchilariga qo‘llaridan kelgancha yordam berayotganlarini aytmoqdalar.

- Biz tarafdan muammo yo‘q. Biz bu yerda turib qolgan odamlarga lozim yordamni berishga harakat qilayapmiz. O‘zbekistondan o‘tadigan mashinalar maxsus jihozlar yordamida tez-tez tekshirilib, vaqtida o‘tkazilayapti, - dedi Qozog‘iston Moliya vazirligiga qarashli Davlat kirimlari qo‘mitasi matbuot vakili Reyxan Sheripova.

Norasmiy manbalar¸ O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegaradagi kirib-chiqishni cheklashi kelasi oy Toshkentda o‘tkaziladigan ShHT sammiti oldidan xavfsizlik choralarining keskin kuchaytirilishi doirasidagi harakat ekanini ta’kidlamoqda.

- Sammit o‘z yo‘liga, lekin bojxonachilar professional ishlashi kerak, yuk mashinalarining chegarada turib qolishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Biz ham istamaymiz mamlakatimiz tinchligini buzuvchilar kirib qolishini. Chegarada nazorat kerak, lekin bu chegarani yopish yoki tekshiruvlarni cho‘zish evaziga bo‘lmasligi lozim, - deydi qozog‘istonlik haydovchi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegara postlarida tiqilinch birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

O‘zbekiston chegara postlarida xavfsizlik va qonun ijrosi vajidan yo‘lovchilar soatlab tekshirilishi oqibatida yuzaga keladigan bunday tiqilinchlar va uzoqqa cho‘zilgan navbatlarda yosh bolali ayollar va qariyalar aziyat chekadi.

2013 yil noyabr oyida O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasining G‘ishtko‘prik chegara-nazorat o‘tkazish postida 40 yoshli o‘zbekistonlik ayol o‘tish uchun navbat kutib turgan payt yurak xurujidan o‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG