Линклар

"Elektron kadastr tizimi O‘zbekistonda shaffoflikni oshira olmaydi"


Gulnora Karimovaga qarashli Parijdagi qimmatbaho kvartirani jurnalistlar elektron kadastrdan aniqlashgan

Gulnora Karimovaga qarashli Parijdagi qimmatbaho kvartirani jurnalistlar elektron kadastrdan aniqlashgan

O‘zbekiston elektron kadastr tizimini yaratish uchun Jahon bankidan 20 million AQSh dollariga teng kredit olmoqda. JBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bu haqdagi qarorni e’lon qilarkan, yer va ko‘chmas mulk kadastrini qog‘oz shaklidagi hujjatlardan kompyuterlashtirilgan tizimga o‘tkazish mulkdorlik masalalarida shaffoflikni oshirishga yordam beradi, deya bildirdi. Mahalliy nashrlar esa, bu qadam joriy asr o‘rtalariga borib O‘zbekistonni taraqqiy etgan mamlakatlar qatoriga qo‘shilishiga hissa qo‘shadi, deya xabar qilmoqda. Bu qay tarzda amalga ko‘chishi hozircha aniqlashtirilgani yo‘q, lekin shaffoflik masalasi O‘zbekistondek mamlakat uchun hal bo‘lishiga kuzatuvchilar shubha bilan qaramoqda.


O‘zbekistonda yer va ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish va kadastrlash tizimini modernizatsiyalash loyihasini amalga tadbiq etish uchun Xalqaro rivojlanish uyushmasining 20 million dollarlik kreditini ajratish qarori Jahon banki boshqaruv kengashi tomonidan ma’qullandi.

Jahon banki qarorini e’lon qilgan O‘zbekistondagi vakolatxona rahbari Jungxun Cho ko‘chmas mulk kadastri va reestrini yaratish elektron hukumat loyihasini amalga tadbiq etish tashabbusning asosiy qismi ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, “mamlakatning qog‘oz hujjatlardan kompyuterlashgan tizimiga o‘tishi mulk va ko‘chmas mulk ustidagi shartnomalarga oid shaffoflikni oshiradi”, bu esa jamoatchilikning onlayn tarzda bu ma’lumotlarni ko‘ra olishlari imkonini beradi hamda O‘zbekistonda invetitsiyaviy muhitni yaxshilashga xizmat ko‘rsatadi.

Elektron kadastr va reestr tizimi yordamida O‘zbekiston “joriy asr o‘rtalariga” borib darajasiga erishmoqchi bo‘lgan mamlakatlarda bu kabi elektron tizimlar haqiqatan shaffoflik vositasi sifatida investitsiya muhitidagi havoni doimiy tozalab turadi.

Har qanday sarmoyador alohida bir mamlakat bozoriga sarmoya yotqizishdan avval u yerdagi sharoitni jumladan ana shunday tizimlar yordamida tahlil qilish imkoniga ega.

Kaliforniya shtati reestridagi ma’lumotga ko‘ra, Lola Karimova-Tillyaeva oilasi mana shu qasrni 32 million dollarga sotib olgan

Kaliforniya shtati reestridagi ma’lumotga ko‘ra, Lola Karimova-Tillyaeva oilasi mana shu qasrni 32 million dollarga sotib olgan

Shu bilan birgalikda bunday tizimlar korrupsiyaning oldini olish vositasi hamdir. Har qanday fuqaro maxsus Internet resurslari orqali istalgan odam, jumladan, hukumat amaldorlari, jamoat arboblari, mashhur kishilarga qarashli ko‘chmas mulk to‘g‘risidagi ma’lumotlarni topishi mumkin.

O‘zbekistonda bunday ma’lumotlar, ayniqsa amaldor yoki jamoatchilik qiziqishini uyg‘otishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxsga qarashli ko‘chmas mulkga oid ma’lumotlar mutlaqo sir saqlanadi.

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich kadastr va reestr tizimini elektronlashtirish tashabbusi amalga ko‘chadigan taqdirda ham, shaffoflikka hissa qo‘shishiga shubha bilan qarashini aytadi.

- Bizda bu tizim to‘la yopiqdir. Amaldor yoki boshqa odam to‘g‘risidagi ma’lumotni sizga hech kim berib qo‘ymaydi. Balki kimdir qattiq harakat qilsa, aytaylik notarius, qora rieltorlar yoki kadastr idoralariga pora berib bunday ma’lumotlarni qo‘lga kiritishi mumkindir. Lekin O‘zbekiston amaldorlari sovet davridan qolgan odatga ko‘ra barcha mulklarini qarindoshlari nomiga rasmiylashtiradi va tizimni elektronlashtirish O‘zbekistondek mamlakatda shaffoflik kafolati bo‘lolmaydi,- deydi Aleksey Volosevich.

Jurnalist O‘zbekistonda amladorlar oilasiga qarashli mulklar haqidagi ma’lumot jamoatchilikka bir marta oshkor bo‘lganini eslashini qo‘shimcha qiladi.

- Bizda afsuski, bunday ma’lumotlarni sir saqlash davlat siyosatidir. Birovning ko‘chmas mulkiga oid ma’lumotning oshkor bo‘lganiga bitta misol bor xolos. U ham bo‘lsa, ikki yilcha oldin xorijda Gulnora Karimovaga aloqador ko‘chmas mulk ob’ektlari borligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning Internetga sizdirilishi bo‘ldi. Undan keyin bunday ma’lumotlar paydo bo‘lgani yo‘q. Hammasi mutlaqo sir bo‘lib qolmoqda, deydi mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich.

O‘zbekiston prezidentining ikkala qiziga qarashli ko‘chmas mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar xorij matbuotida tez-tez paydo bo‘lib turadi.

Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Jeneva, Parij, Sen Trope kabi shaharlarda o‘nlab million dollar turadigan uylarga egalik qilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jurnalistlar aynan elektron kadastr tizimlari yordamida aniqlagan.

Prezidentning kenja qizi Lola Karimova-Tillyaeva ham Jeneva va Los Anjelesda ko‘p million dollarlik bir nechta qasrga egalik qilishi aniqlangan.

2015 yilning dekabrida New York Times gazetasi jurnalistlari Karimova-Tillyaeva oilasi Los Anjelesning hashamatli Bel Air mahallasida to‘rtta villasi borligini aniqladi. Birgina 2013 yilda sotib olingan Le Palais qasrini prezident qizining oilasi 32 million AQSh dollaridan ortiqroqqa sotib olgan.

Opa-singlining Jenevadagi hovlilari ham hasham va narxda qolishmaydi. Shveytsariya reestrlariga ko‘ra, Gulnora 2008 yilda Jeneva sohilidagi mahalladan 20 million dollarlik villa sotib olgan. Singlisi Lolaga qarashli qasr uchun 40 million dollardan oshiqroq pul to‘lagani oshkor qilingan. Lola Karimova-Tillyaeva Bi-Bi-Siga bergan intervьyusida Jenevadagi hovlini ipotekaga sotib olganini iddao qilgan edi.

XS
SM
MD
LG