Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:02

Toshkent hokimi pensiyani plastikka o‘tkazishning yangi yo‘lini topdi


Pensiya olish uchun navbat.
Pensiya olish uchun navbat.

Toshkent shahridagi pensiya jamg‘armalariga ma’lumot so‘rab borgan qariyalarga pensiyalarini plastik kartochkalarga o‘tkazish sharti qo‘yilmoqda. Jamg‘arma mulozimlari bu faktni tasdiqlar ekan, har bir pensiya jamg‘armasi qoshida tashkil etilgan maxsus shtab pensiyalarni plastik kartochkalarga o‘tkazish usullarini qidirib topish bilan mashg‘ulligini aytdi.

Toshkent shahar Yashnabod tumanida yashovchi 65 yashar pensioner Larisa Kuznetsova pensiyasining bir qismini plastik kartochkaga o‘tkazish sharti bilangina pensiya jamg‘armasidan o‘ziga kerakli ma’lumotnoma olishga muvaffaq bo‘ldi.

Larisa Kuznetsovaning Ozodlikka aytishicha, 10 foiz pensiyasini “o‘z ixtiyori” bilan plastik kartaga o‘tkazishga rozi bo‘lmaguncha, unga ma’lumotnoma berishdan bosh tortishgan:

- Menga Rossiya elchixonasiga topshirish uchun yarim yillik daromadim haqida spravka kerak edi. Shuning uchun Yashnobod tumani pensiya jamg‘armasiga bordim. Jamg‘arma xodimi mendan plastik kartochkangiz bormi, deb so‘radi. Men “yo‘q”, dedim. Unday bo‘lsa siz plastik kartochka ochtiring va pensiyangizni 10 foizini o‘shanga o‘tkazing. Biz keyin sizga spravka beramiz, dedi. Menga plastik kartochkang kerak emas, dedim. U ham, bo‘lmasa spravka yo‘q, dedi. Boshlig‘iga borsam ham shu gapni aytdi. Menga bu spravka judayam zarur edi va ariza yozib berishga majbur bo‘ldim, deydi pensioner.

Larisa Kuznetsova shunday ham pensiyasi juda oz bo‘lgan pensionerlar naqd pul taqchilligidan eng ko‘p aziyat chekayotgan himoyasiz qatlam ekanini aytadi:

- Avval 10 foiz deb ariza yozdirib olisharkan. Keyin asta-sekin 30-50 foiz pensiyani plastikka o‘tkazib yuborishar ekan. Hukumat pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ularning pensiyalarini plastikka o‘tkazib, yanada qiynab qo‘yayapti. Bizga naqd pul kerak. Biz bozorda aylanib yurib eng arzon sabzavot va kartoshkani olamiz. Sut-qatiqni ham qo‘ldan sotib olamiz. Plastikka do‘kondan olsang kamida 20-30 foiz qimmat bo‘ladi. Hukumat, hech bo‘lmasa pensionerlarning pensiyasiga tegmay tursa yaxshi bo‘lardi, dedi pensioner.

Toshkent tumanlaridan biridagi pensiya jamg‘armasida ishlovchi mulozim, pensiyalarning bir qismini majburan plastik kartochkaga o‘tkazish tadbiri bo‘layotganini tasdiqlar ekan, bu haqdagi buyruq shahar hokimiyatidan bo‘lganini ta’kidladi:

- Shahar hokimining buyrug‘i bilan har bir tumandagi pensiya jamg‘armasida pensionerlarni plastik kartochkaga o‘tkazish uchun maxsus shtab tashkil etilgan. Bu shtabga banklar va pensiya jamg‘armasi xodimlari birkitilgan. Shtabning asosiy vazifasi yo‘lini topib, pensionerlarning kamida 30 foiz pensiyasini plastikka o‘tkazishdir. Har kuni qancha pensioner plastikka o‘tkazilgani haqida hokimiyatga axborot beriladi. Har dushanba kuni selektor yig‘ilishida shahar hokimi Rahmonberdi Jahongirovich shtab boshliqlarini shu masalada qattiq so‘rov qiladi. Shuning uchun Pensiya jamg‘armasi xodimlari ham turli usullar bilan qariyalardan hech bo‘lmasa 10 foiz pensiyasini plastik kartochkaga o‘tkazishga majbur qilmoqda, deydi pensiya jamg‘armasi mulozimi.

O‘zbekistonda pensiyalarni plastik kartochkaga o‘tkazish ixtiyoriydir va bunga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Prezidentning "Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" qarorida plastik kartochkaga majburiy o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi aytilgan.

Lekin, bu qaror borligidan qat’iy nazar, naqd pul taqchilligi bois hokimlarning o‘zlari maxsus shtablar tashkil qildirib, pensiyalarning kamida 30 foizini plastik kartochkaga o‘tkazishning "ixtiyoriy" yo‘llarini topish haqida og‘zaki buyruq bermoqda.

XS
SM
MD
LG