Линклар

Ikki kun avval Rossiya qamog‘idan chiqib, Kievga kelgan uchuvchi ayol Nadejda Savchenko agar zarur bo‘lsa, Ukrainaga prezident bo‘lishga tayyorligini ma’lum qildi.

Bu haqda Savchenko Kievda o‘tgan matbuot anjumanida e’lon qildi.

Savchenko jurnalistlarga murojaat qilib, boshqa siyosatchilar bilan qo‘l siqishib ko‘rishganini ular bilan do‘stlashishga urinish sifatida baholamasliklarini so‘radi.

Uning ozodlikka chiqarilgan kuni Kievda Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko Savchenkoning qo‘lini siqqandi.

Avvalroq matbuotda paydo bo‘lgan xabarlarga ko‘ra, Savchenko Oliy Radaning milliy xavfsizlik va mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tarkibiga kiritilishi mumkin.

Kecha Savchenkoning advokatlari "Savchenko-Sentsova ro‘yxati" hanuz dolzarbligicha turganini aytib, uchuvchi ayol Rossiyadagi ukrainalik siyosiy mahbuslarga ko‘mak berish uchun jamoatchilik tashkiloti tuzishi mumkin.

Rossiya qamog‘idan ozod etilgan Nadejda Savchenko 25 may kuni Ukraina prezidentining uchog‘ida Kievga uchib keldi. Borispol aeroportida jurnalistlar qarshisiga chiqqan Savchenko vatani uchun kurash yo‘lidan qaytmasligini bildirdi.

Rossiya sudi Savchenkoni Ukraina sharqida ikki rus jurnalistining o‘ldirilishiga aloqadorlikda ayblab, 22 yillik qamoq jazosiga hukm etgan edi. Qamoqdaligida milliy qahramonga aylangan 35 yoshli uchuvchi ayol mazkur hodisaga aloqadorligini inkor qilgan va o‘zining o‘g‘irlanib, Rossiyaga noqonuniy tarzda olib kelinganini aytgan.

Savchenko ozod qilingan kuni Ukrainada ushlab turilgan rossiyalik ikki askar - Aleksandr Aleksandrov va Yevgeniy Yerofeev ham qo‘yib yuborildi. Kecha Moskvaga uchib ketgan bu askarlar Ukraina sharqidagi rossiyaparast ayirmachilar tomonida jang qilganlik aybi bilan 14 yildanga qamalgandilar.

Prezident Vladimir Putin Savchenkoni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanktsiyalarni uzaytirish masalasini qayta ko‘rib chiqishiga bir necha hafta qolganida ozod qildi.

XS
SM
MD
LG