Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:18

O‘qituvchilar chopiqda, hukumat yana 3.3 million tonnalik hosilga ko‘z tikmoqda


Xalqaro tashkilotlarning majburiy mehnatga qarshi kurashish haqidagi tinimsiz chaqiriqlariga qaramay, O‘zbekistonda bu yil ham byudjet tashkilotlari xodimlari g‘o‘za chopig‘iga jalb qilinmoqda. O‘zbekistonning aksar viloyatlarida davlat idora va tashkilotlarning ishchi-xizmatchilari g‘o‘za chopig‘i va yaganasiga safarbar etildi. Ayni paytda hukumat bu yil ham paxtadan 3 million 300 ming tonnadan ortiq hosil olish niyatida.

Shu kunlarda O‘zbekistonda deyarli barcha tibbiy muassasalar, ta’lim maskanlari va boshqa tashkilotlarga hasharchilarni dalaga jo‘natish topshirig‘i berilgan.

Andijonning Jalaquduq tumani, Oyim qishlog‘idagi maktablardan birida ishlovchi maktab o‘qituvchisining Ozodlikka aytishicha, ular ishdan haydalish haqidagi tahdidlar bilan paxta chopig‘iga va yaganaga chiqarilgan:

Maktabimizda majlis qilib, rahbarimiz “hamma yaganaga” dedi. Oq ko'ylak, galstuk taqib borsak, “shu ko'ylakda chopiqqa chiqasan”, deb olib chiqib ketib qolyapti, majburlab. “Agar chiqmasang ishdan ketasan, oliy ma’lumotli bo‘lasanmi, o‘rta-maxsusmi, chopiqqa chiqmasang o‘rningni bo‘shatib qo‘yaver, yangi kadrlar kelyapti”, deb qo‘rqityapti. Ishimizni yo‘qotib qo‘ymaylik, deb chiqyapmiz-da. Tekin mardikorga aylanib qoldik, - deydi andijonlik o‘qituvchi.

Ishchi-xizmatchilarning bahorgi dala ishlariga jalb qilinishi nafaqat Andijonda balki butun mamlakat bo‘ylab kuzatilmoqda.

Jizzax viloyati paxta dalalarida ham shu kecha-kunduzda g‘o‘za chopig‘i davom etmoqda.

Lekin, bu yilgi chopiq mavsumida maktab o‘quvchilarining dalaga olib chiqilayotgani haqida ma’lumot yo‘q.

- O‘quvchilarni chiqarmayapti, lekin o‘qituvchilarning hammasi chiqarilyapti. Oldiniga chopiq dedi, keyin yagana. Kuzda paxta teramiz, - deydi jizzaxlik o‘qituvchi.

Viloyat xalq ta’limi bo‘limi rasmiylari o‘qituvchilarning dala mehnatiga jalb etilayotganini rad etishmayapti.

- Fermerlarimizni o‘zlari uddalay olishmayapti. Ularga yordam beraylik, deb ko‘ngilli ravishda hamma dalaga chiqyapti. Faqat o‘qituvchilar, o‘quvchilarga qat’iyan ma’n etilgan, - dedi Andijonning Jalaquduq tumani xalq ta’limi bo‘limi mulozimi.

O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga chek qo‘yish haqida olgan majburiyatlariga qaramay davlat ishchilarining dala mehnatiga jalb etilishi har yili kuzatiladi.

Huquq faollari O‘zbekistonda hukumatning arzon paxta etishtirish istagi davlat idora-tashkilotlarining xodimlarini majburiy mehnatga olib chiqarilayotganining asosiy omili ekanini aytishadi:

- O‘zbekistonda majburiy mehnatga davlat mas’ul. Hukumat majburiy mehnatga chek qo‘yish uchun qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilishi, fermerlarga o‘zlari olgan hosildan o‘zlari bahramand bo‘lishlariga imkon berishi lozim. Fermer ishchini o‘zi yollab o‘zi dalada ishlatishi, mehnat haqini o‘zi berishi kerak, shunda hech kim dala mehnatiga majburlanmaydi, - deydi majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan Berlindagi O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova.

Hozirga qadar jahon bo‘ylab 130dan ortiq shirkat O‘zbekistondagi majburiy mehnat mahsuli deb ko‘riladigan o‘zbek paxtasini sotib olishdan voz kechgan.

Ayni paytda O‘zbekiston bu yil ham 3.3 million tonnalik paxta hosiliga ko‘z tikmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning mamlakatda paxta er maydonlari qisqartirilib, o‘rniga meva va sabzavot ekish haqidagi bayonotlariga qaramay hukumat bu yil ham paxtadan 3 million 300 ming tonnadan ko‘proq paxta hosili olinishini aytmoqda.

Shu yilning yanvar oyida prezident Karimov 2020 yilga borib mamlakatda paxta yetishtirish bosqichma-bosqich kamaytirilishi, yillik hosil 3.3 milliondan 3 millionga tushirilishini aytgandi.

XS
SM
MD
LG