Линклар

logo-print

Toshkentda 15 yashar bola boshqargan Nexia avariyasida militsiya xodimi nobud bo‘ldi


sayyod.com nashri voqea joyidan olingan rasmlarni e’lon qildi

sayyod.com nashri voqea joyidan olingan rasmlarni e’lon qildi

Toshkentda ro‘y bergan avtohalokatda bir militsiya xodimi halok bo‘ldi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 25 mayga o‘tar kechasi Yunusobod tumanida Nexia rusumidagi ichki ishlar idoralariga qarashli Matiz avtomobiliga kelib urilishi oqibatida yana bir militsiya xodimi jarohatlangan. Voqea guvohlarining Facebook tarmog‘ida yozishicha, Nexia haydovchisi o‘rtoqlari bilan poyga o‘ynayotib, mashina boshqaruvini yo‘qotishi natijasida yo‘l chetida turgan militsiya avtomobiliga kelib urilgan.


Toshkentning Yunusobod tumanidan o‘tuvchi Amir Temur shoh ko‘chasida 25 mayga o‘tar kechasi ro‘y bergan voqea haqida Facebook tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolari ham yozishmoqda. Bu xabarlarda 9 sinf o‘quvchisi boshqargan mashina ikki militsionerni urib yuborgani va ikkalasi voqea joyida halok bo‘lgani aytiladi.

Sayyod.com nashri ham ikki militsiya xodimi nobud bo‘lganini yozdi. Nashr bergan xabarda ham avariyaga sababchi bo‘lgan mashinani 9 sinf o‘quvchilari boshqargani aytiladi.

Ozodlikning Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasidagi manbasi 25 may kuni tunggi soat 02:40 atrofida shunday hodisa ro‘y berganini, lekin bir kishi halok bo‘lganini bildirdi.

“25 mayga o‘tar kechasi Amir Temur shoh ko‘chasining O‘zbekiston milliy banki binosiga yaqin qismida avariya ro‘y berdi. Bankda xizmat olib borayotgan qo‘riqlash bo‘limi xodimlarini tekshirgani borgan yigitlardan biri nobud bo‘ldi. Ular Matizda bo‘lishgan, qaytib chiqib, endi mashinaga o‘tirayotgan paytda Nexia kelib orqasidan urgan. 44 yoshli kapitan kasalxonaga ketayotganda jon bergan. Ikkinchisi jarohatlar bilan kasalxonaga olib borilgan, birinchi yordam ko‘rsatilib, bosh miya chayqalishi tashxisi bilan javob berib yuborildi”, deya bildirdi manba.

Ozodlik iltimosiga ko‘ra voqea tafsilotlarini o‘rgangan Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasidagi manba ham avariyaga sababchi bo‘lgan Nexia haydovchisi voyaga yetmagan bola bo‘lganini tasdiqladi.

“15 yoshli bola bo‘lgan. Yonida yana bir o‘rtog‘i bo‘lgan. U bergan ko‘rsatmagan ko‘ra, mashinani yuvish bahonasida uyidan olib chiqqan. Avariyaga sabab bo‘lgan vaziyat haqidagi savolga “yo‘limdan boshqa mashina chiqib qoldi, o‘shandan olib qochaman, deb bu mashinaga urildim”, deya javob bergan. Bu bolalar mast holatda bo‘lmagan”, deydi boshqarma vakili.

Uning aytishicha, hodisa yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda va avariyaga ko‘cha poygasi sabab bo‘lganmi, yo‘qmi hozircha aniq aytish qiyin. Lekin halokat ro‘y bergan vaqt kechasi soat uchlar atrofida bo‘lgani uchun buni ehtimoldan soqit qilib bo‘lmaydi, deydi.

Facebook tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolariga ko‘ra, Toshkent ko‘chalari tunda avtopoyga maydoni sifatida ishlatilishi odatiy holga aylangan.

“Bir narsani aytishim mumkin. Bu stritreyserlar dastidan faqat ahmoqona avariyalar sodir bo‘ladi xolos. Neksiyasiga maxsus turbina va rangli disklarni o‘rnatib olib, o‘zlarini xuddi sport mashinada, deb o‘ylashadi. Natijada bu baxtsizlik bilan tugaydi”, deb yozadi guruh a’zolaridan biri.

“Bunday poygalar bo‘lib turadi. Bu hozir trendga aylangan. Shaharning ko‘p joylarida poyga bo‘ladi. Ko‘pincha kutilmaganda svetoforda turgan paytda ham boshlanib ketishi mumkin. Shaharda qoni qizigan yigitlar ko‘p. Lakokraska (Toshkent lok bo‘yoq zavodi, Sodiqov ko‘chasida joylashgan) yonida tunlari poyga bo‘ladi. Lekin yaxshisi shahar ichida poyga qilmagan yaxshi. O‘zingku mayli, boshqa odamlarni o‘ldirishing mumkin, Xudo ko‘rsatmasin”, deb yozadi Internetdagi “Avtoklub Zaz Uzbekistan” guruhi ishtirokchilaridan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining Pskent tumanida yarim-rasmiy poygalar o‘tkaziladi. Avtombil havaskorlariga doir internet guruhlari turli ko‘ngilsiz voqealar olidini olish uchun Pskentdagi avtopoygada qatnashish uchun maxsus ro‘yxatga yozilishni maslahat bermoqda.

Toshkentda katta tezlik natijasidagi avtohalokatlarning eng shov-shuvlisi 2013 yil mayida ro‘y bergan edi. O‘shanda milliarder Alisher Usmonovning jiyani Bobur Usmonov Ford Mustang mashinasida katta tezlikda kelayotib, boshqaruvni yo‘qotishi natijasida o‘zi va passajir o‘rindig‘idagi 25 yoshli ayol nobud bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG