Линклар

O‘zbek maxfiy xizmati Latviyada qoldirgan izlar


MXX raisi Rustam Inoyatov, uning o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jaev (ch) va Interpol rahbari Yuriy Savinkov. (Rassom Martinsh Upitis)

MXX raisi Rustam Inoyatov, uning o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jaev (ch) va Interpol rahbari Yuriy Savinkov. (Rassom Martinsh Upitis)

SSSR qulaganidan keyin Rossiya bilan Latviya o‘rtasidagi gaz savdosida vositachilik qilish orqali millionerga aylangan latviyalik sobiq KGB zobiti O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tepasidagi amaldorlariga Boltiqbo‘yi respublikasida qo‘nim topishiga ko‘maklashayotgan ko‘rinadi.

Latviya poytaxti Riga yaqinidagi Sunisi qishlog‘idagi qarag‘ayzorlar orasida haybati bilan ajralib turuvchi hashamatli mahalla bor. Bu mahallaga eltuvchi ko‘cha boshiga qo‘yilgan qorovul postiga “Kirish taqiqlangan”, degan yozuv osilgan.

Bu mahallada Latviyadagi o‘zbeklarning eng yirik jamoasi yashaydi.

O‘zbeklar jamoasi yashaydigan mahalla boshiga “Kirish taqiqlangan” yozuv osilgan qorovulxona o‘rnatilgan

O‘zbeklar jamoasi yashaydigan mahalla boshiga “Kirish taqiqlangan” yozuv osilgan qorovulxona o‘rnatilgan

Jamoaning norasmiy raisi tadbirkor Rustamjon Nurmatovdir. U Latviyada o‘n yildan oshiq vaqtdan beri yashaydi, yuk tranziti va ko‘chmas mulk biznesi bilan shug‘ullanadi. Nurmatov Riganing Kalntsiem mavzesidagi “Māja” (“Uy”) nomli restoran egasi hamdir.

"Re:Baltica" muxbiri Nurmatov bilan uning restoranida uchrashdi. Muxbirning savollari ko‘p edi. Lekin javoblar o‘rniga u o‘zbek milliy taomi palov bilan mehmon qilindi.

O‘zbekiston haqida ham, Sunisi mahallasidagi qo‘shnilar haqida ham “hech narsa ayta olmayman, hech narsa bilmayman”, dedi u.

MXX zobiti, Interpolning O‘zbekistondagi sobiq rahbari Yuriy Savinkov. (Rassom Martinsh Upitis)

MXX zobiti, Interpolning O‘zbekistondagi sobiq rahbari Yuriy Savinkov. (Rassom Martinsh Upitis)

Sunisi mahallasidagi qo‘shnilardan biri Yuriy Savinkovdir. O‘zbekistondagi Interpol byurosining sobiq rahbari Savinkov bu mamlakat Milliy xavfsizlik xizmati tizimlariga doir hamdir. Latviya yer kadastri ma’lumotlariga ko‘ra, Sunisida unga qarashli yashash maydoni 182,6 kvadrat metrga teng uyi bor.

Lekin Savinkov hali Interpol rahbari lavozimidaligi paytida “Baltic Express Trade” nomli shirkatning xo‘jayini ham bo‘lgan. Latviya biznes reestriga ko‘ra, transport xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashishi lozim bo‘lgan bu shirkat 2015 yilning bahor oylarida yopilguniga qadar hech qanday faoliyat ko‘rsatmagan.

Oradan bir necha oy o‘tib, O‘zbekiston uni xalqaro qidiruvga beradi va 2015 yil avgustida 56 yashar Yuriy Nikolaevich Savinkov Moskvada hibsga olinib, Toshkentga ekstraditsiya qilinadi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, hozirda u talon-toroj, noqonuniy biznes, katta miqdordagi valyuta mablag‘larini mamlakatdan olib chiqqanlik va korrupsiyada ayblanib, O‘zbekistonda qamoq jazosini o‘tamoqda.

Ovik Mkrtchyan (Rassom Martinsh Upitis)

Ovik Mkrtchyan (Rassom Martinsh Upitis)

Savinkovning Latviyadagi firmasi faoliyat qilmagan bo‘lsa-da, uning biznes hamkori bo‘lgan. O‘zbekiston fuqarosi Ovik Mkrtchyanga tegishli “Baltic Car Logistics” shirkati avtomobillarni tashuvchi vagonlarni ijaraga berish bilan shug‘ullangan ekspeditorlik agentligi bo‘lgan. Hujjatlarga ko‘ra, uning asosiy biznes faoliyati Markaziy Osiyo mamlakatlariga doirdir. 2014 yilda shirkat bisotidagi pul aylanmasi 10 million yevroga yetmagan. Sof daromad 270 ming yevroni tashkil qilgan.

Latviya yer kadastridagi hujjatlarga ko‘ra, Mkrtchyan Rigada 1 million yevroga teng yer sotib olgan. Sunisi mahallasida ham hashamatli uyi bor. Mkrtchyan Latviyaning munozarali “oltin viza” dasturi orqali bu mamlakatda yashash huquqini olgan. Mazkur dastur Latviyada ko‘chmas mulk sotib olish yoki bankka ma’lum miqdorda omonat qo‘yish evaziga Yevropa Ittifoqida yashash huquqi berilishini nazarda tutadi.

Mkrtchyanning Rossiyadagi “Volga-Credit Bank” bankida yetti foizlik ulushi bo‘lgan. Mazkur bank 2014 yil dekabrida litsenziyasidan mahrum etilgan va 2015 yil boshlarida unga qarshi qalloblik ayblovlari ilgari surilgan. Rossiya tergovchilariga ko‘ra, bank orqali 3 milliard rubl (bugungi kurs bo‘yicha qariyb 46 million AQSh dollari) o‘marilgan.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova o‘z intervyularidan birida O‘zbekiston maxfiy xizmatlari, transport biznesi, paxta sanoati va pul yuvish o‘rtasida bog‘liqlik borligini iddao qilgan.

Turkiyada chiqadigan “Hurriyet Daily News” gazetasiga 2013 yil oxirlarida bergan intervyusida Karimova “Gorefield International” nomli shirkat O‘zbekiston maxfiy xizmatlari pul yuvish uchun ishlatadigan tuzilmalardan biri bo‘lganini ta’kidlaydi.

Bu nom Mkrtchyanga qarashli “Baltic Car Logistics”ning avvalgi nomi “Gorefield Baltic Logistics”ga o‘xshashdir. Ikkala shirkat ham moliyaviy jihatdan bir-biriga bog‘liqdir.

Shirkatning 2014 yilgi hisobotiga ko‘ra, Mkrtchyanning Latviyadagi kompaniyasi Britaniyada ro‘yxatga olingan “Gorefield International Inc. Ltd.” shirkatidan 6,5 million yevroga teng kredit oladi.

"Re:Baltica" Mkrtchyanning Riga markazidagi ofisiga izoh so‘rab murojaat qildi. Lekin bu murojaatlar javobsiz qoldi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Ovik Mkrtchyan Ded Xasan nomi bilan tanilgan “vor v zakone”, 2013 yilda Moskvada o‘ldirilgan Aslan Usoyanning cho‘qintirilgan o‘g‘li bo‘lgan.

Mkrtchyanning biznes hamkori Savinkov Latviyada mulki va biznes manfaatlari bo‘lgan O‘zbekiston kuch ishlatar idoralariga aloqador shaxslardan biridir xolos. Ularning iziga tushish ancha mushkuldir, chunki barcha oldi-berdilar vositachi tuzilmalar orqali amalga oshiriladi.

Sobiq KGB zobiti Yuris Savitskis. Latviya TVsidan olingan rasm

Sobiq KGB zobiti Yuris Savitskis. Latviya TVsidan olingan rasm

Aftidan ularga sobiq SSSR davrida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi – KGB zobiti bo‘lgan Yuris Savitskis Lavtiyada ehtiyot boshpana topishida yordam ko‘rsatgan. SSSR qulaganidan keyin Savitskis Rossiyaning Latviyaga gaz sotishi bilan bog‘liq jarayonda vositachilik qilish orqali millionerga aylangan.

Latviya biznes reestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2014 yil oxirlarida Savitskis Boltiq dengizi sohilidagi Yurmala kurort shaharchasida “Latuzvis” nomli shirkatni tashkil qiladi. Yangi shirkat nizom kapitali sifatida u qiymati 1,8 million yevroga teng yer maydonini ko‘rsatadi. Shirkatning 85 foizlik ulushi Qibrisda ro‘yxatga olingan “Nestol Holding CY Ltd.” firmasiga tegishli. Qibris firmasining asl egalari noma’lumdir.

Savitskis o‘z hamkorlari shaxslarini ochiqlashdan bosh tortdi, lekin ular o‘zbekistonlik ekanini e’tirof etdi.

Rustam Inoyatovni Latviyada so‘nggi marta 2014 yilda Yurmaladagi "Novaya volna" qo‘shiq festivalida ko‘rishgan. (Rassom Martinsh Upitis)

Rustam Inoyatovni Latviyada so‘nggi marta 2014 yilda Yurmaladagi "Novaya volna" qo‘shiq festivalida ko‘rishgan. (Rassom Martinsh Upitis)

Shu bilan birga Savitskis O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovni shaxsan tanishini ham tan oladi, lekin u bilan oxirgi marta qachon uchrashganini ochiqlamaydi. Inoyatovni Latviyada oxirgi marta 2014 yilda Yurmalada o‘tkazilgan rossiyalik pop-qo‘shiqchilarning “Novaya volna” (“Yangi to‘lqin”) qo‘shiq festivalida ko‘rishgan. Yoshi va shuhrati o‘tib borayotgan rus qo‘shiqchilarining bazmi-jamshidi bo‘lgan “Novaya volna” sobiq SSSR respublikalarining badavlat kishilari uchrashadigan marosim vazifasini ham bajaradi.

Savitskis "Re:Baltica" so‘roviga javoban bir necha yil avval Inoyatovning o‘sha paytdagi o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jaev bilan Latviyada hamkorlikda biznes qilish imkoniyatlarini muhokama qilganini tasdiqladi. General Hayot Sharifxo‘jaev 2015 yilning mayida lavozimidan olinib, unvonlaridan mahrum etilgan. U bilan birga ko‘plab MXX zobitlari ishdan chetlatilib, qamoqqa olingan. Jumladan, tug‘ishgan ukasi polkovnik Javdat Sharifxo‘jaev noqonuniy tadbirkorlik, korrupsiya, ta’magirlik va o‘ta katta miqdorda davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, 16 yillik qamoqqa mahkum etildi.

"Re:Baltica" manbalariga ko‘ra, 2013 yilda Savitskisning taklifiga ko‘ra, Sharifxo‘jaev bir necha odam hamrohligida Rigaga keladi. Savitskis ular bilan uchrashganini tasdiqladi, lekin ularga mezbonlik qilgani va boshqa tafsilotlarni eslay olmasligini iddao qildi.

“Latuzvis” shirkatini tashkil etishdan tashqari, Savitskis Yurmalada joylashgan “Amber Spa Hotel” nomli sanatoriy-kurort majmuasi nomiga 1,8 million yevrolik qarz oladi. Latviya biznes reestriga ko‘ra, kredit uchun garov sifatidan shirkat bisotidagi mulk qo‘yiladi. Sanatoriy-kurort majmuasi Latviyada ro‘yxatga olingan “Grateka” va “LT Services” shirkatlariga qonunan rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, amalda bu ikki shirkatni Qibrisda ro‘yxatga olingan “Vontel Trading Ltd.” offshor firmasi nazorat qiladi.

Qibris biznes reestridan olingan hujjatlarda esa, bu offshor firmaning rasmiy xo‘jayinlari O‘zbekiston fuqarolari: Abdurayimov Boxodir, Alimov Alisher, Qosimov Amir-Said va Gaziev Atabekdir. Bu o‘zbekistonliklar Rigadan bir soatlik yo‘l nariroqdagi Umurga tumanidagi “Lauvaskalni” mehmonxonasining xo‘jayinlari hamdir.

Yurmaladagi “Amber Spa Hotel” va Umurgadagi “Lauvaskalni” mehmonxonasi ham o‘zbeklarga qarashli

Yurmaladagi “Amber Spa Hotel” va Umurgadagi “Lauvaskalni” mehmonxonasi ham o‘zbeklarga qarashli

Latviyaning sanatoriy-kurort majmuasi haqdori “LT Services” shirkati boshqaruv kengashi a’zolaridan biri Artur Adilovdir. Sharifxo‘jaevning shu ismdagi qarindoshi borligi ma’lum, lekin bu aynan o‘sha odam ekanini "Re:Baltica" mustaqil manbalardan tasdiqlay olmadi. "Re:Baltica" Adilovdan izoh so‘rab, sanatoriy-kurort majmuasiga qilgan murojaatlari javobsiz qoldi.

Savitskis Sharifxo‘jaevning “Amber Spa Hotel” sanatoriy-kurort majmuasiga aloqasi yo‘q, deya iddao qildi, lekin bunga oid boshqa savollarga javob berishdan bosh tortdi.

"Re:Baltica" Latviya xavfsizlik xizmatiga Inoyatov va Sharifxo‘jaevning mamlakatdagi biznes faoliyatidan xabaringiz bormi, degan savol bilan murojaat qildi. Xavfsizlik xizmati matbuot vakili bu savolga “ha”, deb javob berdi, lekin boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

Ushbu material “Re:Baltica” jurnalistik tergov markazi va Ozodlik jurnalistlari hamkorligida tayyorlandi.

Muharrirlar Sanita Yemberga (Re:Baltica) va Jodi MakFilips (OCCRP)

XS
SM
MD
LG