Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:58

Rossiyadagi o‘zbek muhojiridan “Ahvoling qalay?” deb so‘raldi


Rossiyadagi Migratsiya va etnik mansublik bo‘yicha tadqiqot markazi o‘zbek va tojik muhojirlari hayotiga bag‘ishlangan yangi so‘rov boshladi. Tadqiqot mualliflari muhojirlarning o‘z javoblari asosida tug‘iladigan manzarani hukumat va qonun chiqaruvchilar diqqatiga yetkazishga umid qilmoqda. Rossiyada ishlayotgan yoki ishlab qaytgan o‘zbekistonliklar o‘zbek yoki rus tillaridagi so‘rov savollariga Ozodlik orqali javob berishlari mumkin.

So‘rov mualliflaridan biri¸ sotsiolog Anna Rocheva Ozodlik bilan suhbatda Migratsiya va etnik mansublik bo‘yicha tadqiqot markazining yangi so‘rovi nega aynan o‘zbek va tojik muhojirlariga qaratilganini izohladi:

- Bu yil bizning asosiy loyihamiz Rossiya migratsiya qonunchiligi¸ aniqrog‘i uning naqadar samara berayotgani¸ oddiy migrantlar hayotiga ko‘rsatayotgan ta’sirini o‘rganishga qaratilgan. Shu ma’noda o‘zbek va tojik muhojirlarini alohida tadqiqot markaziga qo‘ydik. Bilasiz¸ o‘zbeklar Rossiyadagi mehnat muhojirlari o‘rtasida son bo‘yicha birinchilikda. Federal migratsiya xizmati keltiradigan raqamlarga ko‘ra¸ Rossiyadagi o‘zbek migrantlari soni 2 million atrofida va uning keyingi bir-ikki yil ichida keskin kamayganiga oid aniq ma’lumot yo‘q. Rossiya hali ham o‘zbekistonliklar uchun asosiy mehnat bozori bo‘lib qolmoqda¸ deydi Anna Rocheva.

Shu paytgacha o‘tkazilgan so‘rovlardan farqli yangi tadqiqot¸ muallifga ko‘ra¸ faqat Internet orqali o‘tkazilmoqda. Unda maqomi qonuniy-noqonuniyligi¸ Rossiya yoki undan tashqarida yashashi¸ nima ish qilishi-qancha pul topishidan qat’iy nazar¸ Rossiyada muhojiratda yashagan va yashayotgan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari qatnashish imkoniga ega.

Bu so‘rov orqali biz o‘zbek va tojik migrantlarining Rossiyadagi maqomi¸ ularning migratsiya qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlardan qanchalik xabardorligi¸ qonunchilikdagi kamchiliklarni aniqlashni maqsad qilganmiz¸ deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Unga ko‘ra¸ so‘rov vositasida markaz tadqiqotchilari Rossiya Migratsiya qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar bir necha millionlik o‘zbek va tojik migrantlarining Rossiyada yashab-ishlashini osonlashtirgani yoki aksincha¸ uni murakkablashtirgani¸ qolaversa¸ bu muhojirlarning Rossiya va rossiyaliklar jamoasiga qanchalik intergratsiya bo‘layotgani o‘rganishni maqsad qilgan.

Ayni paytda¸ so‘rov mualliflari uning xulosalaridan amaliy natija chiqishiga ham umidvor:

- Xabaringiz bor¸ 1 iyundan Federal migratsiya xizmati tarqatilib¸ uning vakolatlari Ichki ishlar vazirligi va ijroiya hokimiyatining boshqa tizimlariga beriladi. Bu tizimlar¸ qolaversa¸ qonunchilik hokimiyati vakillariga biz Rossiyadagi muhojir uchun legal yoki nolegallik o‘rtasidagi chegaradan o‘tishning qanchalik osonligini¸ qonuniy muhojirning bir kunning ichida qanday qilib noqonuniyga aylanib qolishini ko‘rsatishga umid qilayapmiz¸ deydi Anna Rocheva.

Tadqiqot mualliflari Ozodlik radiosidan o‘zbek va tojik muhojirlarining Rossiyadagi vaziyatini jiddiy tahlil qilishga qaratilgan bu so‘rovni o‘z sayti¸ qolaversa¸ ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida qo‘yishni so‘radilar.

Millionlab o‘zbek muhojirining Rossiyadagi hayoti manzarasini aniqroq¸ kengroq va to‘g‘riroq tasvirlashni maqsad qilgan bu so‘rovda qancha ko‘p o‘zbek muhojiri qatnashsa¸ uning xulosa va samarasi shunchalik asosli va kuchliroq bo‘lishi mumkin.

So‘rovda qatnashish orqali Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari hayotining asl manzarasi Moskva migratsiya siyosatini belgilovchilar diqqatiga yetib borishini istovchilar¸ unda quyidagi linkni bosish orqali qatnashishlari mumkin.

Respondentlar uchta tilda - rus¸ o‘zbek va tojik tillaridan birini tanlab¸ savollarga javob berishlari mumkin.

Ozodlik so‘rov va uning natijalarini ham kuzatishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG