Линклар

Buxoro shahrining Abduxoliq G‘ijduvoniy ko‘chasida yo‘lovchi avtobusining yo‘lni ta’mirlovchi avtogreyderga borib urilishi oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘lgani va o‘ttizga yaqin odam og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgani aytilmoqda. Avtobus chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat o‘nlar atrofida halokatga uchragan. Ozodlik ega bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra, shahar hokimiyati Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti mehmonlari kelishi sabab yo‘llarni shoshilinch ta’mirlashga kirishgan, yo‘nalishdagi avtobus haydovchilari esa yo‘l ta’mirlanayotgani haqida ogohlantirilmagan.

Buxoro shahar hokimiyatidagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, shaharda 7-yo‘nalishda qatnovchi avtobus seshanba kuni yo‘lni ta’mir qiladigan avtogreyder bilan to‘qnashib ketgan.

Avariya oqibatida avtobusning old qatorida o‘tirgan yo‘lovchilarning aksariyati og‘ir jarohat olgan.

Buxorodagi avtobus halokatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida yosh bolalarning ham borligi aytilmoqda.

- Hozir ShHT sammiti deb hokimiyat yo‘llarni remont qilishga kirishgan. Ishlar shu darajada shoshilinch bo‘lyaptiki, avtobus haydovchilari ham ogohlantiruvsiz qolgan. Yo‘lni remont qilishga kirishishdan oldin avtobuslar u erga qo‘yilmasligi kerak, - dedi Buxoro shahar hokimiyatidagi Ozodlik manbasi.

Buxoro shahar kasalxonasi mulozimi avtobus halokatida jabrlangan 28 odam shifoxonaga yotqizilgani, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir ekanini aytdi:

- O‘sha kuni 28 kishini qabul qilib oldik. Og‘ir ahvolda kelganlari bo‘ldi. Ularga vaqtida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatildi. O‘lganlar bor-yo‘qligini bilmaymiz, - dedi o‘zini tanishtirmagan mulozim.

Biroq, ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan shifokorlardan biri bu avtohalokatda uch kishi halok bo‘lganini aytdi:

"Uch kishi halok bo‘lgan. Lekin negadir bu haqdagi informatsiyani sir saqlashyapti", dedi shifokor.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mulozimi avtobus halokatida o‘ttizga yaqin odam jarohat olganini tasdiqladi, Lekin, mulozim, qurbonlar borligini tasdiqlamadi.

Shahar markaziy kasalxonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, avtobus halokatida jarohatlanganlardan o‘n nafariga birinchi yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. Uch nafari esa jonlantirish bo‘limida og‘ir ahvolda qolmoqda. Jarohatlanganlar orasida yosh bolalar ham borligi aytiladi.

O‘zbekistonda yo‘lovchi avtobuslarning avariyaga uchrash holatlari uchrab turadi.

Jumladan 2012 yilda Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida yo‘lovchi avtobusi halokatga uchrashi oqibatida 4 odam halok bo‘lgan, bir qancha odam jarohatlangan edi.

XS
SM
MD
LG