Линклар

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti payti xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘quv mashg‘ulotlari boshladi.

Dam olish kunlari ushbu mashg‘ulotlar bois Toshkentning markaziy ko‘chalaridan bir nechtasi yopib qo‘yildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, maxsus taktik o‘quv-mashg‘ulotlari ShHT sammiti oldidan favqulodda holatlar oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Xabarda ushbu tadbir boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgani ham aytilgan.

IIVning ushbu mashg‘ulotlari qay ko‘rinishda o‘tayotgani ochiqlanmagan. Lekin mashg‘ulotlar sammit boshlanishiga qadar davom etishi aytilgan.

O‘zbekistonda ShHT sammiti joriy yil 23-24 iyun kunlari o‘tkazilishi rejalangan. Keyingi qariyb bir yil davomida sammit tadbirlari o‘tadigan joylarda tayyorgarlik ishlari davom etayapti.

21 may kuni O‘zbekiston Qozog‘iston bilan chegarasini bir tomonlama yopib qo‘ygani xabar qilindi. Norasmiy manbalar buni ShHT sammiti oldidan xavfsizlik choralarining keskin kuchaytirilishi doirasidagi harakat ekanini ta’kidlamoqda.

May oyi boshidan Toshkentda xavfsizlik choralari kuchaytirilgani kuzatilayapti. Poytaxt viloyatlardan kelganlar va mardikorlardan tozalanayapti.

O‘zbekistondagi barcha litsey va kollejlarda o‘quv jarayoni qisqartirilib, o‘quvchilar 15 iyundan ta’tilga haydalayapti. Shuningdek, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Urganch shaharlaridagi oliygohlar talabalarining ham o‘qishi 20 kunga qisqartirilib, 10 iyundan ta’til e’lon qilindi. Rasmiylar talabalarning erta ta’tilga haydalishini iyun oyida O‘zbekistonda o‘tishi rejalangan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti bilan bog‘lab, xavfsizlik choralari o‘laroq izohlashdi.

XS
SM
MD
LG