Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:49

Imomali Rahmonning qizi senatorlikka saylandi


Ozoda Rahmon.
Ozoda Rahmon.

Tojikiston prezidentining qizi, prezidentning ijroiya apparati rahbari Ozoda Rahmon senator etib saylandi.Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 29 may kuni Dushanbe shahar va poytaxt tumanlari xalq deputatlari kengashlarining qo‘shma sessiyasida Ozoda Rahmon Majlisi Milliyga a’zolikka saylangan.

Davlat rahbarining qizi 14 aprel kuni Dushanbe shahar xalq deputatlari tomonidan mamlakat parlamentining yuqori palatasi – Majlisi Milliy a’zoligiga poytaxtdagi 4-saylov okrugidan nomzod o‘laroq ko‘rsatilgandi. Shahar deputatlarni bu majlisda Ozoda Rahmon nomzodini bir ovozdan qo‘llaganlar.

Avval yuqori palatada 4-okrugni prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Baxtiyor Xudoyorzoda tamsil etardi. Joriy yil yanvarida Saylov va referendumlar bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi raisi etib tayinlanganidan keyin u senatorlik vakolatini topshirgandi.

Prezident apparatining boshqa ikki sobiq rahbari – Amirsho Miraliev va Matlubxon Davlatzoda ham aynan shu okrugdan senatorlikka ko‘rsatilgan va o‘z vaqtida parlament yuqori palatasida turli qo‘mitalarga boshchilik qilganlar.

38 yoshli Ozoda Rahmon 2005-2007 yillarda Tojikistonning AQShdagi elchixonasi madaniyat bo‘limida ishlagan, 2007-2009 yillarda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining konsullik boshqarmasiga etakchilik qilgan, 2009-2014 yillarda Tojikiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari vazifasida ishlagan, 2014 yil 15 mayidan esa tashqi ishlar vazirining birinchi muovini lavozimini egallab kelgan. 2016 yil 27 yanvarida Ozoda Rahmon Tojikiston prezidentining ijroiya apparati rahbari etib tayinlangan.

Tojikiston parlamentning yuqori palatasi – Majlisi Milliyga a’zolar parlament quyi palatasi – Majlisi Namoyondagon deputatlari kabi bevosita saylov yo‘li bilan saylanmaydi.

Senatning 33 a’zosidan 25 nafari Tog‘li Badaxshon muxtor okrugi, So‘g‘d, Xatlon viloyatlarining viloyat, shahar va tuman deputatlari, Dushanbe shahri va uning tumanlari deputatlari hamda respublikaga bo‘ysunuvchi tumanlar deputatlarining qo‘shma majlislarida saylanadi. Qolgan 8 senator esa mamlakat prezidenti tomonidan tayinlanadi. Tojikistonning birinchi prezidenti Qahhor Mahkamov Majlisi Milliyning umrbod a’zosi maqomiga ega.

Senatorlikka saylangan Ozoda Rahmon Tojikiston prezidentining uchinchi qizidir. Besh farzandning onasi bo‘lgan Ozoda AQShdagi Jorjtaun va Merilend universitetini tugatgan, yuridik fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega. U serfarzand prezident Imomali Rahmonning to‘qqiz bolasi ichida siyosiy jihatdan eng faoli ekani aytiladi.

Tojikiston prezidentining boshqa qizlari, aytilishicha, asosan biznes sohasida daromad qilish bilan mashg‘ul.

Tojikiston prezidentining boshqa yaqinlari ham mamlakatdagi boshqa ko‘plab yuqori lavozimlarni egallab turganini aytayotgan muxolifatchilar iddaosicha, Imomali Rahmon xarxashalarini qonuniylashtirib berish vositasiga aylangan tojik parlamenti keyingi oylar davomida mamlakat hokimiyatini Rahmonlarga xatlab berish jaraënini boshlagan.

Shu maqsadda mamlakat konstitutsiyasi qaychilanib, unga Tojikistonni oilaviy dinastiya boshqaruviga o‘tkazish uchun eshiklarni lang ochuvchi o‘zgartishlar kiritilgan.

2015 yil dekabrida Tojikistonda Eron boshqaruv tizimidan nusxa olingani aytilayotgan prezidentdan ham kuchliroq va vakolatliroq bo‘lgan “Millat peshvosi” degan maqom ta’sis etildi va u Imomali Rahmonga berildi.

Joriy yilning yanvar oyida parlament konstitutsiyadagi bir shaxsning ikki martadan ortiq prezident bo‘la olmasligiga o‘zgartish kiritish va prezident bo‘lish uchun belgilangan eng minimum yoshni pasaytirish haqidagi qonun loyihasini qabul qilgan. Bu o‘zgartishlarning umumxalq referendumi degan tomosha tadbiri orqali may oyida konstitutsiyaga muhrlandi.

Bu o‘zgartishlar Rahmonning istasa o‘lguncha prezident bo‘lish, istasa o‘g‘lini prezident qilib, o‘zi uni nazorat qiluvchi oliy peshvo bo‘lib yashashi uchun zamin yaratadi.

XS
SM
MD
LG