Линклар

Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligi ayrim Xitoy zavodlarini mamlakatga ko‘chirish ortidan mustaqillik yillarida faoliyati to‘xtab qolgan korxonalarni qayta ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Xitoy zavodlarini Qirg‘izistonga ko‘chirish loyihasi yuzasidan muzokaralar Bishkek va Beyjin o‘rtasida 2015 yilda boshlangan edi.

Xitoydagi ayrim zavod va fabrikalarni Qirg‘izistonga ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar o‘tgan yilning dekabr oyida boshlangan edi. Bu masala Moskvada Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlari uchrashuvida ham ko‘tarilgan.

Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligi rasmiysi Zayniddin Jumaliev Xitoy zavodlarini ko‘chirish masalasida maxsus hukumat komissiyasi ish olib borayotganini bildirdi. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston tomoni xitoylik tadbirkorlarga mamlakat hududida faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan yoki yarim quvvat bilan ishlayotgan 40 korxonaning ro‘yxatini taklif qilgan.

-Chuy, Issiqko‘l va boshqa viloyatlarda makkajo‘xorini qayta ishlash, shakar, qurilish mahsulotlari, elektrotexnika ishlab chiqaruvchi yirik zavodlar ishlamay qolgan. Xitoydan hukumat vakillari hamda tadbirkorlardan iborat delegatsiya kelganida bu zavodlarni ularga ko‘rsatamiz. Bu ishimiz amalga oshib, aholi ish bilan ta’minlanadi va mamlakatimizga sarmoyalar kiritiladi, -dedi Zayniddin Jumaliev.

Iqtisodiyot vazirligi rasmiysining aytishicha, xitoylik tadbirkorlar Qirg‘izistondagi arzon ishchi kuchi, elektr energiyasi, liberal qonunlar hamda soliq tizimining o‘ng‘ayligiga qiziqish bildirgan.

Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Almaz Sazbakovning qirg‘iz matbuotiga bildirishicha, ko‘chirib keltirilgan zavodlarda ishchilarning 80 foizi qirg‘izistonliklar bo‘lishiga kelishilgan. Unga ko‘ra, Xitoydan Qirg‘izistonga zavodlarni ko‘chirish xitoylik va qirg‘izistonlik tadbirkorlar hisobidan amalga oshiriladi.

Qirg‘iziston hukumatining bunday tashabbusi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, bir qator siyosatchilar Xitoy Qirg‘izistonga atrof-muhitni ifloslantiruvchi yoki mutlaqo ziyonga ishlovchi korxonalarni ko‘chirib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.

Shundan kelib chiqqan holda, iqtisodchi Kubanichbek Idinov Xitoydan zavodlarni ko‘chirishdan oldin yangi qonunlarni qabul qilish shart, deb o‘ylaydi.

- Qozog‘istonda yerni sotish to‘g‘risidagi qonun chiqqanidan so‘ng xalq ko‘tarilib ketdi. Qirg‘izistonda ham xuddi shunday vaziyat yuzaga kelmasligi uchun dastlab Xitoydan qancha ishchi kuchi Qirg‘izistonga kelishi belgilangan kvota qonunini qabul qilish kerak. Ikkinchidan, ko‘chirib keltirilgan korxonalar Xitoyning mulki emas, balki qo‘shma korxona bo‘lishini qonuniylashtirish lozim, - dedi iqtisodchi.

Ayrim siyosatshunoslar Xitoy korxonalarining Qirg‘izistonga ko‘chirilishi ortidan xalq orasida norozilik ko‘payadi, degan fikrlarni ham bildirmoqda. Masalan, bundan avval ham Qirg‘izistonda xitoyliklar qurayotgan korxonalar va ishlatayotgan zavodlar faoliyati to‘xtatilishi talab qilingan mitinglar bo‘lgan. Norozilar fikricha, Xitoy tomoni zavodlarni qurishda texnik xavfsizlikka rioya qilmaydi, xitoyliklar ishlatayotgan zavodlar esa ekologiyaning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG