Линклар

logo-print

Moskva viloyat Tergov qo‘mitasi nogiron bo‘lib qolgan taniqli rus ixtirochisini bir yil davomida azoblagan o‘zbekistonlik enaga Nasiba A.ning ustidan jinoyat ishi ochdi. Kvartirada o‘rnatilgan videokameraga olingan tasvirlar qarovchining jinoyatiga dalil bo‘lishi mumkin. Tergovchilar qarovchilikka qalbaki hujjatlar bilan ishga kirgan Nasiba o‘z aybiga qisman iqror bo‘lganini gapirmoqda.

Muhojir ayol bir yil davomida qaramog‘ida bo‘lgan nogironni azoblaganlikda va kaltaklaganlikda ayblanmoqda...

Soxta tib xodimi

76 yoshli taniqli sovet ixtirochisi, metallurgiya va aniq o‘lchov texnikasi sohasida ko‘plab ixtirolar patentiga ega Vladimir Bruver oxirgi yillarda Alsgeymer va Parkinson kasalliklariga uchragani tufayli uning farzandlari yotib qolgan qariyaga qarovchi yollagan.

Ular “tibbiyot xodimi” hujjatlarini taqdim etgan va o‘zini “yotib qolgan kasallarga qarash bo‘yicha katta malakaga ega” deb tanishtirgan O‘zbekiston fuqarosi Nasiba A.ni ishga oladi. Vrachlar toza havo zarurligi tayinlagani bois, keksa olim farzandlari bilan shaharda emas, o‘zining Chexov tumanidagi dala hovlisida qarovchi bilan birga yashab kelgan.

Nasiba nogiron cholga qarashni boshlaganidan beri Inna Sladkova otasining ahvoli keskin yomonlashib borgani, uning tanasida, ayniqsa bosh va elka qismida ko‘plab ko‘kargan izlar va qontalashlar paydo bo‘lganini payqab qoladi. Undan tashqari Vladimir Bruver ozib, 45 kilo vaznga tushib qoladi.

Kunlardan bir kuni o‘zini Anna deb chaqirishlarini hush ko‘radigan o‘zbekistonlik ayol “ishining qiyinligi” va “maoshi kamligi”ni aytib, Bruverlar oilasidan ko‘proq haq talab qilishni boshlaydi. U nogiron cholning xonasiga kamera o‘rnatishni taklif qiladi.

Inna Sladkova kameradagi yozuvlarni ko‘rib chiqib dahshatga kelganini aytadi.

- Otam o‘zini kundan-kunga yomon his eta boshladi. U yotib qoldi. Oxirgi paytlarda badanida shu darajada ko‘karishlar va qontalashlar ko‘p ediki, tasavvur qilmaysiz. Boshida jarohatlar paydo bo‘lib qoldi. Vaholanki bir yil oldin men otam bilan kuniga 2 kilometrgacha yo‘l yurardik, ancha ahvoli durust edi. O‘zining iltimosi bilan qo‘yilgan kameradan men bu ayol otamizni nafaqat kaltaklayotgani, balki kuniga bir-ikki marotabagina ovqat berayotgani, unga shifokorlar tayinlagan dorilar esa umuman berilmayotganini ko‘rib shok holatiga tushdim, dedi Inna.

("Rossiya" telekanali lavhasi)

Politsiya va tergovchilarga taqdim etilgan kamera yozuvlaridan Nasiba ayrim hollarda uning har bir harakati yozilayotganini esidan chiqarib qo‘yayotganini ko‘rish mumkin.

- Nega ustingni ochib tashlading, hayvon! Qaerga oyog‘ingni tiqayapsan, iflos? Tuf senga, odamlarga uyqu berasanmi-yo‘qmi, hayvon? Oyog‘ingni sindiraman hozir uxlamasang! – kameradigi Nasibaning bu hayqiriqlari ingrayotgan bechora cholning qattiq kaltaklanayotgani va tepayotgani kadrlari bilan almashib turadi.

Yuz kilo vazndan ortiq bo‘lgan bu haybatli 36 yoshli ayol qariyani ayniqsa tunda do‘pposlashi shiddat olganini ko‘rish mumkin. Olimning farzandlari Nasiba kamera oldida Vladimir Bruverni shu darajaga solgan bo‘lsa, kamerasiz nima ko‘yga tushirganini hatto tasavvur ham qila olmasliklarini gapirmoqda.

Nasiba 7 yilga qamalishi mumkin

Bunday vaxshiylikni ko‘rgan Inna Sladkova darhol politsiya bo‘limiga qo‘ng‘iroq qiladi. Biroq, avvaliga yig‘lab, Innaning ko‘nglini besamar ovlamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol, keyin ochiqchasiga tahdid qilishga kirishgani ham politsiyachilarga xabar qilindi.

Dushanba, 30 may kuni Nasiba A. hibsga olinishi to‘g‘risida sud qarori chiqarildi. (Mahalliy axborot vositalarida Nasiba "Mesimba Adjalelova" deb atalgan - tahr.)

Moskva viloyat Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Olga Vradiy o‘zbek muhojiriga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 117 moddasi 2 qismi “g” bandi (nochor ahvolda bo‘lgan shaxsni azoblash) asosida jinoiy ish ochilganini Ozodlikka ma’lum qildi.

- Nochor ahvolda bo‘lganni qarashi kerak bo‘lgan ayol surunkali tarzda nafaqaxo‘rni kaltaklab, haqorat qilib va qo‘rqitib kelgani aniqlandi. Bu ayol 28 may kuni teleko‘rsatuvlardan biriga ishtirokchi sifatida kelganidan keyin qo‘lga olingan edi. So‘roq paytida u o‘z aybiga qisman iqror bo‘ldi. Tergov ishi davom etmoqda, deya tafsilotlarni bildirdi Olga Vradiy.

Tergov qo‘mitasida Ozodlik so‘roviga agarda Nasiba A. aybi sudda o‘z isbotini topsa, unga 7 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligini aytishdi.

Bu o‘zbekistonlik enagalar va qarovchilar bilan bog‘liq yagona hodisa emas.

O‘zbekiston fuqarosi Gulchehra Boboqulova shu yilning 29 fevral kuni Moskvaning “Oktyabrskoe pole” metro bekati oldida qo‘lida tanasidan judo qilingan yosh bola boshini ko‘targan holda hibsga olingan edi. Keyinchalik o‘ldirilgan 4 yoshli qizchaga Boboqulovaning o‘zi enagalik qilgani aniqlangan.

2015 yil oxirlarida Narofominsk shahar sudi ish beruvchisidan 30 ming dollar pul o‘g‘irlab ketganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik enaga 49 yoshli Habiba R. va uning o‘g‘li Jasur A.ni xalqaro qidiruvga berish va sirtdan qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargan edi.

XS
SM
MD
LG