Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:46

Toshkent zooparkini yana rivojlantirishmoqchi, lekin hayvonlar och qolmoqda


Toshkent hayvonot bog‘i. 2012 yil, sentyabr
Toshkent hayvonot bog‘i. 2012 yil, sentyabr

Toshkent hayvonot bog‘ini rekonstruksiya qilish rejalari e’lon qilindi. Hayvonot bog‘ini 2016-2020 yillarda rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi qarorni Vazirlar mahkamasi 20 may kuni qabul qildi. Ayni qarorda zooparkning Farg‘ona va Samarqanddagi filiallarini ham tashkil etish rejalari ham ko‘zda tutilgan. Rejalarni amalga oshirish uchun qancha mablag‘ ajratilishi aniqlashtirilmagan, lekin ochilganiga 20 yil bo‘lmagan bog‘da hayvonlarning abgor ahvolga tushib qolgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda.


O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarorida Toshkent hayvonot bog‘ini 2020 yilgla qadar rivojlantirish konsepsiyasi belgilangan.

Mazkur hujjatga ko‘ra, hayvonot bog‘ining infratuzilmasi va moddiy-texnikaviy bazasini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Norma.uz nashri keltirgan sharhga ko‘ra, jumladan, mavjud volyerlar tashqi ko‘rinishini tubdan yangilash, rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish, yuqori texnologik “Akvanarium” qurish, tadqiqotlar uchun zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish kabi rejalar ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, hayvonot bog‘i kolleksiya fondini kengaytirish, jumladan hayvonlarni ko‘paytirish, tabiatdan olish, boshqa zooparklar bilan almashish va sotib olish rejalari ham borligi aytilmoqda.

"Hayvonlar hukumat qarori bilangina to‘ymaydi"

Ozodlik bilan suhbatlashgan toshkentliklardan biri poytaxt hayvonot bog‘ini rivojlantirish to‘g‘risida hukumat avval ham har xil qarorlarni chiqargan, lekin bu qarorlar hayvonlarning qornini to‘ydirayotgani yo‘q, deya ta’kidladi.

“Bilasiz, bu yangi zoopark 1997 yilda ochilgan. O‘shandan beri tinimsiz qarorlar chiqarishadi, yaxshilash kerak, ta’mirlash kerak, yangi hayvonlarni olib kelish kerak, degan. Lekin u yerga bir marta borgan odam, boshqa qaytib borgisi kelmaydi. Hozir viloyatdan mehmon bo‘lib kelganlar kirmasa, toshkentliklar kamdan kam kiradi. Bir yilcha avval o‘g‘limni olib borgan edim. Sher, qoplonlarni ko‘rsangiz, rahmingiz keladi. Qorni ichiga kirib ketgan. Qafaslarni tozalashmaydi. To‘g‘ri, fildan tortib, ilon, timsoxlargacha bor. Lekin filning oldiga bora olmagan edik, chunki sassig‘iga o‘zim ham, o‘g‘lim ham chiday olmaganmiz”, deydi toshkentlik suhbatdoshimiz.

Toshkentliklar zooparkda yangi hayvonlar paydo bo‘lmayotganidan hafa
Toshkentliklar zooparkda yangi hayvonlar paydo bo‘lmayotganidan hafa

Uning aytishicha, 2008 yilda ham Toshkent hayvonot bog‘ini rivojlantirish, xususan yangi hayvonlarni olib kelish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilingan.

“Yangi hayvonlar sotib olinsin deyishga o‘shanda ham. Birorta yangi hayvon olingani yo‘q. Undan keyin boshqa zooparklar bilan hamkorlik qilish mumkin, noyob hayvonlarni vaqtinchalik ko‘rgazmaga olib kelish mumkin, lekin bu ishlar qilinmaydi. Masalan, men bilaman Qozog‘istonda uch-to‘rt yil avval Afrikadan, Yaponiyadan hayvonlar olib kelingan”, deydi toshkentlik suhbatdoshimiz.

Aytib o‘tish joiz 2009 yilda Toshkent hayvonot bog‘iga Malayziyadan Qizil kitobga kiritilgan ayiq va bir nechta turdagi maymunlar olib kelingani to‘g‘risida xabar qilingan edi.

Kimdir yana boyib ketadiganga o‘xshaydi

Hayvonot bog‘ini rivojlantirish rejalari to‘g‘risidagi xabar ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklar orasida bahslarni keltirib chiqardi. Ko‘pchilik ochilganiga hali 20 yil bo‘lmagan inshoot, qolaversa undagi hayvonlar abgor ahvolga tushib qolganini aytib, hukumat ahvolni yaxshilashiga ishonqiramay qaramoqda.

“Buni byujet mablag‘larini o‘zlashtirish, deb ataydilar. Nimasini ta’mir qiladi, yaqinda ta’mirlashgan ediku? Kimdir yana boyib ketadiganga o‘xshaydi. Pullarni Panama ofshoriga yashiradi. Byudjet qarzdor bo‘ladi. Qarzini xalq to‘laydi”, deya yozdi muhokama ishtirokchilaridan biri.

Ayni paytda, Toshkent zooparkiga yaqinda tushgani va haddan ortiq tanqidga o‘rin yo‘qligini aytayotgan o‘zbekistonliklar ham yo‘q emas.

“Men kecha bordim kichkina bolam bilan. Umuman olganda yomon emas. Havo issiq edi, daraxtlar kam bo‘lgani uchun soyada turib dam oladigan joy kam, lekin hayvonlarning ko‘rinishi yomon emas. Ayniqsa, ayiq ancha qiziqarli bo‘ldi. Ovqat bersangiz, raqsga tushib beradi. Borsangiz, ayiqqa biror egulik olib boring, bollaringiz mazza qilishadi. Sher va yo‘lbarslar ham bor. Faqat, negadir, sher bilan yo‘lbarsni bitta volyerga tiqib qo‘yishibdi, shuni tushunmadim”, deb yozdi Facebook tarmog‘idagi Potrebitel.uz gurhidagi muhokama ishtirokchilaridan biri.

O‘tgan hafta Toshkent zooparki tashrifchilari Facebook tarmog‘idagi Potrebitel.uz guruhida bog‘dagi hayvonlar ahvoli ayanchli ekanidan tashvish bildirishgan edi.

“Yirtqichlarning ochlikdan shu qadar sillasi quriganki, qaragan odamning rahmi keladi. Holsizlikdan oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab bosayapti. Avvaliga bironta hayvon kasal bo‘lib qolgandir, deb o‘yladim. Ammo ularning hammasi taxtakachday oriqlab ketgan! Yo‘lbarslar ham, arslonlar ham. Bunaqasi hech qachon bo‘lgan emas...” deb yozdi muhokama ishtirokchilaridan biri.

O‘tgan oy Toshkent hayvonot bog‘i xodimlari jonivorlarga yegulik tashlamaslik iltimosi bilan tashrifchilarga murojaat qilgandi. Bunga bog‘dagi lamaning o‘lishi hamda uning oshqozon va ichaklaridan polietilen, plastik idish qopqog‘i va boshqa hazm bo‘lmaydigan narsalar topilgani sabab bo‘lgandi.

2012 yil kuzida Toshkent hayvonot bog‘i direktori Olim Rasulov va yana 16 xodim 1,5 milliard so‘m mablag‘ni o‘zlashtirganlikda gumon qilinib, javobgarlikka tortilgan.

Toshkent hayvonot bog‘i 1924 yilda sobiq general-gubernatorning dala hovlisi o‘rnida tashkil qilingan. Mustaqillikdan keyin 1994 yilda Toshkentdagi botanika bog‘ining bir qismini ajratib olib, u yerda yangi zoopark qurish to‘g‘risida hukumat qarori chiqadi. O‘sha paytda bu qaror atrof-muhitni muhofaza qilish faollari tanqidiga uchragan. Yangi bog‘ 1997 yilda Mustaqillik bayramining 6 yilligida ishga tushirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yangi qaror bahonasida botanika bog‘iga yana daxl qilishlari mumkinligidan xavotir ham bildirilmoqda.

O‘zbekistonda Toshkentdan tashqari Termiz shahrida ham kichikroq hayvonot bog‘i bor.

Yangi qarorda Termiz zooparkini rekonstruksiya qilish, hamda Farg‘ona va Samarqanda shaharlarida hayvonot bog‘lari tashkil etish rejalari ham ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG