Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:01

Tojikistonda 50 o‘quvchi pashsha dori, 11 o‘quvchi bangidevonadan zaharlandi


Tojikistonning Xatlon viloyati, Shamsiddin Shoxin tumanidagi markaziy shifoxona
Tojikistonning Xatlon viloyati, Shamsiddin Shoxin tumanidagi markaziy shifoxona

Tojikistonning Xatlon viloyatidagi Xo‘jag‘alton qishlog‘i maktabiga qatnaydigan 50 dan ortiq o‘quvchi pashshaga qarshi qo‘llangan doridan zaharlanib, tuman shifoxonasiga tushib qoldi. Fayzobod tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11 o‘quvchisi esa bangidevona gulini hidlab, zaharlandi. Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi har ikki holat nazorat ostiga olinganini aytmoqda.

Avvaliga Xatolon viloyatining Shamsiddin Shoxin tumanidagi 3-maktab o‘quvchilari pashshaga qarshi kimyoviy preparatdan zaharlangani ma’lum bo‘ldi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 26 may kuni sinfxonalari pashsha dori bilan tozalangan va tunda eshik, derazalar yopiq qoldirilgan. Ertasi kuni tushgacha o‘qiydigan o‘quvchilar darsdan ozod qilingan. Ammo, tushdan keyingi smenaga qatnaydigan 5-sinf va undan yuqori sinflarda o‘qiydigan o‘quvchilar preparat isidan zaharlangan.

Tojikiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinborsari Navro‘z Djafarov Ozodlikning tojik xizmatiga bergan intervьyusida 27 may kuni maktabga borgan 52 o‘quvchi zaharlanganini tasdiqladi.

Jafarovning so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchilarning ba’zilari hushidan ketgan, ba’zilarining esa nafasi bo‘g‘ilgan. Shifoxona vrachlari bolalarni tekshirib, o‘ziga kelganlarini uyiga jo‘natgan. 7 o‘quvchi bir kecha shifoxonada qolgan va ular ham ertasi kuni chiqarilgan.

"Mahalliy hokimiyat rasmiylari pashsha va chivinlardan qutulish uchun maktabni "Nurel D" kimyoviy preparati bilan tozalashga qaror qilishgan. Tozalashdan keyin sinfxonalarning eshik va derazalarini yopib qo‘yishgan", deb izoh berdi vazir o‘rinbosari.

Ko‘lob tumani Epidemiologiya markazi rahbariyati esa zaharlangan o‘quvchilar soni 75 nafar bo‘lgani va maktabni kimyoviy preparat bilan tozalash chog‘ida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini aytmoqda. Ya’ni, dori sepilganidan ma’lum muddat o‘tib, sinfxonalar havosi to‘liq almashtirilishi lozim bo‘lgani holda, faqat darchalar ochilgan va bu preparat isining saqlanib qolishiga sabab bo‘lgan. Natijada, hodisadan markaz qarori bilan maktab ikki kunga yopib qo‘yilgan.

Qizig‘i, 27 may kuni Tojikistonning Fayzobod tumanidagi So‘fiyon qishlog‘idagi 104-maktabning 11 o‘quvchisi ham zaharlanib, shifoxonaga tushib qoldi.

Bu hodisani ham sharhlagan vazir o‘rinbosari Navro‘z Jafarov 11 o‘quvchi maktab bog‘idagi bangidevona gulini hidlab, zaharlanganini ma’lum qildi.

"Shifokorlar 27 may kuni zaharlanib shifoxonaga tushganlarda bosh og‘rig‘i, umumiy holsizlik va va bosh aylanishini kuzatgan. Hozir bu holat huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganilmoqda va keyinroq yana qo‘shimcha tafsilotlar oshkor qilinadi", dedi Ozodlikning tojik xizmatiga intervyu bergan vazir o‘rinbosari.

So‘fiyon qishlog‘ida juma kuni shifoxonaga tushib qolgan 11 o‘quvchining 6 nafari qizlardir va ular maktabda hushidan ketib qolgach, shifoxonaga yo‘llangan.

Shu maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan Xayrullo G‘oibovga ko‘ra, zaharlanganlar 6-11 sinf o‘quvchilaridir va ular orasida uning 11-sinfda o‘qiydigan o‘g‘li ham bor:

"Juma kuni, 10-sinfda o‘qiydigan qiz birdan hushidan ketib qoldi. Aytishlaricha, bundan sal avval u qanaqadir gulni hidlagan. Keyin esa birin-ketin yana 10 o‘quvchi hushidan ketdi. Ularni tuman shifoxonasiga olib ketishdi va kechgacha olib qolishdi. Lekin tashxis qo‘ya olishmadi. Mening o‘g‘lim haligacha o‘ziga kelgani yo‘q", deydi bu o‘qituvchi.

Zaharlangan o‘quvchilarning ota-onalari shifokorlar tashxis qo‘ya olmagach, bolalarini Dushanbe shifoxonasiga olib borishgan va hozir poytaxtda ikki o‘quvchi davolanmoqda.

O‘qituvchiga ko‘ra, bu hodisadan keyin 104-maktabda ta’til e’lon qilingan.

XS
SM
MD
LG