Линклар

30 may kuni O‘zbekiston Xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov 80 yoshida olamdan o‘tdi. Adib Toshkent shahridagi hukumatga qarashli 1-sonli statsionarda hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan taniqli jurnalist Sharof Ubaydullaevga ko‘ra, shoir anchadan beri to‘shakka mixlangan holda yotgan va so‘nggi yarim yilda 3 marta insultni boshdan kechirgan.

Toshkentdan olingan ma’lumotga ko‘ra, Erkin Vohidov dushanba kuni kechki payt olamdan o‘tgan.

O‘tgan hafta Ozodlik manbalari Erkin Vohidovning tildan qolgani haqida xabar qilishgan edi.

70-yillarda shoirning “O‘zbegim” qasidasi milliy madhiya darajasiga ko‘tarilgan, 90-yillarda esa u o‘zbeklarning ilk milliy ozodlik harakati “Birlik” yetakchilaridan biriga aylangandi.

So‘ng mamlakat Parlamentining deputati sifatida O‘zbekiston Oliy Majlisining Parlametlararo aloqalar qo‘mitasini boshqardi.

Dastlab o‘z ijodi va faoliyati bilan xalq olqishiga sazovor bo‘lgan E.Vohidov so‘nggi yillarda saroyga yaqin bo‘lib, eldan uzoqlashgani uchun uni yozg‘irganlar ham ko‘p bo‘ldi.

Umrining so‘nggida to‘shakka mixlangan holda yotgan adibning yonida faqat qizi va xotini borligi, uni holidan xabar olguvchi, yo‘qlovchi boshqa biror kimsa yo‘qligi aytildi.

Shoirni yo‘qlab borgan toshkentlik jurnalist ham bunga guvoh bo‘lgani haqida yozdi:

"Tildan qolib ketadigan ahvolda yotgan ekan. Boruvdik, bir ko‘rsatishdiyu, chiqib ketdik. Hech kim bormagan oldiga, g‘alati bo‘lib ketdik. Xotini va qizlari nega hech kim kelmayapti deb hayron bo‘lib o‘tirishibdi " deb yozdi toshkentlik jurnalist 24 may kuni.

Erkin Vohidov 1936 yilning 28 dekabrida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan. Vohidovlar oilasi 1945 yilda Toshkentga ko‘chib kelgach, bo‘lg‘usi shoir poytaxt maktablaridan birida o‘qigan.

1960 yili oliygohni tugatgan E. Vohidov avval "Yosh gvardiya", so‘ng G‘afur G‘ulom nashriyotida bosh muharrir, direktor bo‘lib ishlagan va "Yoshlik" jurnaliga ham rahbarlik qilgan.

E. Vohidovning ilk she’riy to‘plami 1961 yilda "Tong nafasi" nomi bilan bosilgan. Shoirning jami o‘ttizdan ziyod she’riy majmualari nashrdan chiqqan.

E. Vohidov dramaturgiya sohasida ham ijod qilgan. Uning "Ruhlar isyoni", "Istambul fojeasi" kabi dostonlari mushtariylarga yaxshi tanish. "Oltin devor" asari esa yillardan buyon sahnadan tushmay kelayapti.

Unga 1987 yili O‘zbekiston xalq shoiri, 1999 yili O‘zbekiston Qahramoni unvoni berilgan.

Shuningdek, Vohidov sobiq ittifoq payti (1983 yil)da Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati, mustaqillik yillari (1997 yil)da esa "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni sohibi bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG