Линклар

logo-print

Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi "Farhod" mahallasidan bog‘langan tinglovchi fuqarolar yig‘ini raisligi uchun saylovga hokim ruxsat bermayapti, deb norozi bo‘ldi. Uning da’vo qilishicha, mahalla ahli raislikka o‘zi tanlagan nomzodlarni ko‘rsatgan, ammo ular 60 yoshdan oshgan, degan sabab bilan hokimiyat tasdig‘idan o‘tmayotir. Hokimiyat o‘zi tavsiya qilgan nomzodlar esa mahalla ahliga ma’qul bo‘lmayotgani aytilmoqda.

Ismini aytmaslik sharti bilan Shirin shahridan bog‘langan tinglovchiga ko‘ra, jami 1400dan ortiq xonadonda qariyb 6 ming kishi istiqomat qiladigan "Farhod" mahallasiga raislik uchun saylov ikki marta qoldirilgan:

- Ikki marta loyiq nomzod yo‘q, degan sabab bilan hokimiyat saylovni qoldirdi. Hozir endi qachon bo‘lishi noma’lum. Men bugun ham telefon qildim, mahalla qo‘mitasiga. Noaniq, deyishdi. Biz ko‘rsatgan nomzodlar keksa emish, nomzodlar 45-55 yosh oralig‘ida bo‘lishi kerak emish. Aslida hokimiyat ko‘rsatgan ikkita nomzod ham 60 yoshdan katta, bittasi muqaddam sudlangan shaxs - biz qarshilik qilyapmiz, - deydi tinglovchi.

Quyida bu tinglovchi bilan suhbatni eshitishingiz mumkin:

---------------------------------------------------------------------------------------------------
Muhim eslatma: OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr-mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

---------------------------------------------------------------------------------------------------
Bu yil jami mahalla fuqarolar yig‘inlariga 9 ming 764 rais va ularning 99 mingdan ortiq maslahatchisi saylanmoqda.

Hozir O‘zbekiston bo‘ylab may oyiga belgilangan mahalla fuqarolar yig‘ini raislari saylovi qariyb yakunlanmoqda. Oldinda mahalla raislari maslahatchilari saylovi bor. Mavjud tartibga ko‘ra, yangi saylangan raislar o‘ziga maslahatchilarni saylab-saralab oladi.

Ozodlikka turli viloyatlardan bog‘lanayotgan mushtariylar o‘z mahallasida o‘tayotgan saylovdan xabar bermoqda, ayrim mushtariylar nomzodlar tanlanishi va saylanishidan norozi bo‘lmoqda, yana ayrimlari bu yil ayol nomzodlar qariyb saylanmayotganini aytmoqdalar.

O‘zbekistonda mahalla fuqarolar yig‘inlari shahar, posyolka, qishloq va ovullardagi mahallalarda tuzilgan. Bu yig‘inlarga raislik qiladigan shaxslar va ularning yordamchilari 2 yarim yillik muddatga mahalla ahli saylovi bilan saylanadi.

Mahalla oqsoqolligiga nomzodlar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi lozim. Nomzod oliy ma’lumotli bo‘lishi va mamlakat hududida besh yildan kam bo‘lmagan muddatda doimiy yashagan bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, tashkilotchilik qobiliyatini namoyish qilgan bo‘lishi va muqaddam davlat yoki nodavlat idoradalarda ishlab, tajriba orttirgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, mahalla ahli bu nomzodni yaxshi tanishi va hurmat qilishi lozim.

Saylanadigan oqsoqollar nomzodini esa amaldagi mahalla oqsoqoli ko‘rsatadi, tuman va shahar hokimliklari ko‘rsatilgan nomzodlarni saralab, tasdiqlab beradi. Bir oqsoqol ketma-ket cheklanmagan muddatga qayta saylanashi mumkin.​

XS
SM
MD
LG