Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:00

Jinoiy guruh tarkibida bo‘lgan prokurorlar qamoqdan qutulib qoldi


Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani pasport bo‘limi boshlig‘i va yana ikki fuqaro odamlarga noqonuniy pasportlar qilib berishda aybdor deb topilib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Lekin, ana shu jinoiy guruh tarkibida bo‘lgani aytilgan prokuratura xodimlari esa qamoq jazosidan qutulib qoldilar.

Qiziriq tumani pasport bo‘limining sobiq boshlig‘i Mo‘min Oltiboev g‘ayriqonuniy pasport tayyorlab odamlarga sotganlikda ayblanib, o‘n yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Pasport bo‘limi boshlig‘i va pasport sotib olgan odamlar o‘rtasida o‘rtakashlik qilgan yana ikki kishi( ularning ism-sharifini aniqlash imkoni bo‘lmadi – tahr.) 6-7 yilga qamaldi.

Bu haqda Ozodlikka Qiziriq tumanidagi davlat idoralaridan birida ishlaydigan manba xabar qildi.

Manbaning aytishicha, qalbaki pasportlar tayyorlab sotishda asosiy aybdorlar bo‘lgan prokuratura xodimlari jazodan qutulib qolgan:

“Asosiy kaltak asosan pasport stoli bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Mo‘minning boshida sindi. Bu ishda prokuror o‘rinbosari Farrux Sultonov, prokuror yordamchisi Jo‘rabek va prokuratura xodimi Ulug‘bek Ismoilovlar ham boshida ayblanuvchi bo‘lib qatnashgan edi. Prokuratura xodimlari faqat ishdan chetlatish bilan jazodan qutulib qoldi. Qolganlar esa uzoq muddatlarga qamaldi”, dedi manba.

Uning aytishicha, IShID safida bo‘lgan jangarilardan birining pasporti Qiziriqda berilgani ayon bo‘lganidan so‘ng, pasport bo‘limi boshlig‘i hibsga olingan edi:

“Bular O‘zbekistonda yashaydigan, lekin fuqaroligi bo‘lmagan tojikistonliklarga pasport qilib bergan. Ana shu pasport egalaridan birining IShIDda jang qilayotgani aniqlangandan so‘ng, pasport bo‘limi boshlig‘i Mo‘minni shu yilning boshida hibsga olishgan edi. So‘roq davomida u jinoiy guruhning boshqa a’zolari, jumladan prokuratura xodimlari borligini sayrab bergan. Mo‘min, ko‘p pasportlarni aynan prokuror o‘rinbosari topshirig‘i bilan tayyorlab berganini aytgan. Lekin prokurorlar jazo olmadi, tuman prokurori O‘ktam Yusupov esa suvdan quruq chiqdi. Bo‘lmasa, uning ham bu qing‘ir ishlardan yaxshi xabardor bo‘lgani aniq”, dedi manba.

Ozodlik bu voqeaga izoh olish maqsadida Qiziriq tumani prokurori O‘ktam Yusupov bilan bog‘landi. Biroq, muxbir o‘zini tanishtirishi bilan prokuror aloqani uzib qo‘ydi va u bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Qiziriq tumanining avvalgi prokurori Dilshod Fayziev fermerlarni haqorat qilib, uradigan odati uchun "mushtumzo‘r prokuror" laqabi bilan tanilgan edi.

XS
SM
MD
LG