Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:30

Hokim o‘rinbosari yozda ham chiroqni o‘chirtiryapti


Yoz kunida sham yoqish qishloqda yashaydiganlarga odat bo‘lib qoldi.
Yoz kunida sham yoqish qishloqda yashaydiganlarga odat bo‘lib qoldi.

Samarqand viloyati Narpay tumani hokimi o‘rinbosari Mirzohid Yo‘ldoshevning shaxsan o‘zi har kuni elektr energiyasini qishloqlardan uzib qo‘yayapti. Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan narpayliklarga ko‘ra, chiroqning yonib o‘chaverishidan muzlatgich va kir yuvish moshinalari ishdan chiqmoqda.

Narpay tumani aholisi yozga chiqib olgan bo‘lsa ham elektr energiyasi taqchilligidan qutulmadi.

Elektr energiyani qishloqlarga faqat soatlab berish, qish davridagidek qolmoqda.

Narpayliklar bu ishning boshida shaxsan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Yo‘ldoshev turganini aytishmoqda.

Ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan biri bu haqda shunday deydi:

- Tuman hokimi va uning o‘rinbosari Mirzohid Yo‘ldoshev har kuni kommunal va elektr to‘lovi bo‘yicha Gorgaz va Elektr tarmoqlari idorasi xodimlarini chaqiradida, to‘lov qancha bo‘lganini so‘raydi. Keyin svetni kechqurun soat 6 da qo‘shasan, 10da o‘chirasan, deydi. Svetni pulini esa hamma to‘layapti. Lekin, hokim viloyatda to‘lov ko‘p bo‘lib, obro‘ olishi uchun xalqni shunday qiynayapti, dedi o‘qituvchi.

Suhbatdoshga ko‘ra, elektr tokining muntazam o‘chirilib yoqilishi natijasida uydagi maishiy texnikalar ishdan chiqmoqda:

- Qishda defitsit ekan, deb chidadik. Yozda ham shu ahvol. Mahsulotlarimiz xolodilnikda achib qolyapti. Dazmollarimiz kuyib qolyapti, kir yuvadigan moshinalar ishdan chiqyapti. Yaqinda Ramazon oyi boshlanadi. Konditsioner ishlatib bo‘lmasa bu issiqlarda qanday qilamiz, deydi o‘qituvchi.

Narpay tumani elektr tarmoqlari idorasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, elektr energiyasining cheklanishi hokimiyatning buyrug‘i bilan bo‘layotganini aytdi:

“Biz ham xalqning svetini o‘chiramiz deb, o‘lib turganimiz yo‘q. Bizga ham har kuni hokim o‘rinbosari “o‘chir” deb topshiriq beradi. Majbur o‘chiramiz, bo‘lmasa ishdan oldirib tashlaydi. Hadeb o‘chirib yoqavergandan transformatorlarimiz va boshqa apparatlarimiz ishdan chiqyapti. O‘rinbosarga buni aytsak, “men bilmayman, o‘chir dedimmi, o‘chirasan”, deb do‘q qiladi”, dedi idora mulozimi.

Narpay tumani hokimi o‘rinbosari Mirzohid Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda narpayliklarning bu iddaolarini inkor qildi:

- Svetni o‘chirasan deb buyruq berganimiz yo‘q. Bizda svet yaxshi, kechayu kunduz bor. Svetda muammomiz yo‘q, liniyalarimizni yangiladik, sakkizta yangi transformator o‘rnatdik. Hatto qo‘shni tumanlarga qaraganda bizda ancha yaxshi. To‘lov bo‘lyapti, svet ham yonyapti, dedi Mirzohid Yo‘ldoshev.

O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz taqchilligi muntazam kuzatilmoqda.

Qish paytida bir qancha tumanlar mutlaqo chiroqsiz qolgan kunlar ham ko‘p bo‘ladi. Biroq, yoz fasli bo‘lishiga qaramasdan mahalliy hokimlar aholidan to‘lovni undirish uchun elektr energiyasini majburan uzdirib qo‘ymoqda.

XS
SM
MD
LG