Линклар

O‘zbekiston “Global qullik indeksi”da 47-o‘rindan 5-o‘ringa ko‘tarildi


O‘zbekistonlik talabalar paxtazorlarda paxta termoqda.

O‘zbekistonlik talabalar paxtazorlarda paxta termoqda.

Bosh qarorgohi Avstraliyada joylashgan Walk Free Foundation xalqaro tashkilotining “Global qullik indeksi” " (Global Slavery Index) deb nomlangan hisobotida O‘zbekiston 167 davlat orasida beshinchi o‘rinni egalladi. Mazkur tashkilotning 2013 yilda e’lon qilingan hisobotida O‘zbekiston 47-o‘rinda edi.

“Global qullik indeksi”(Global Slavery Index) hisobotida O‘zbekiston zamonaviy qullikka majburlangan odamlar soni bo‘yicha 167 davlat orasidan 5-o‘ringa munosib topildi. Aholi jon boshiga bo‘lishtirilganida esa O‘zbekiston zamonaviy qullar soni bo‘yicha Shimoliy Koreyadan keyingi ikkinchi o‘rinni egallagan.

Walk Free Foundation xalqaro tashkilotining 31 may kuni e’lon qilingan hisobotida O‘zbekistondagi vaziyatga mana shunday baho berilgan. Hisobotda aytilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 4 foizi, ya’ni 1 million 230 ming fuqaro qullik sharoitida yashashga majbur bo‘lmoqda.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, “zamonaviy qullik”, deyilganida majburiy mehnatga jalb qilish, odam sadosi, jinsiy xizmat ko‘rsatishga majburlash, majburiy nikoh nazarda tutiladi.

Walk Free Foundation raisi Endryu Forrest Ozod Yevropa-Ozodlik radiosiga bergan suhbatida O‘zbekiston hukumati paxtazorlarda majburiy mehnatdan foydalanish tizimini joriy etgani uchun ham indeksning sharmandali beshligiga kiritilganini aytdi:

- O‘zbekistonda majburiy mehnat hukumat tomonidan rag‘batlantiriladi, bu ayniqsa paxta sanoatida yaqqol seziladi. Hukumat kasalxonalarda, maktablarda va boshqa sohalarda ishlovchi odamlarni paxta etishtirishga yoki paxta terishga safarbar qiladi. Buning uchun u odamlarga kompensatsiya to‘lamaydi, paxtaga chiqishdan bosh tortganlar esa jazolanadi. Bu zamonaviy qullik sifatida tavsiflanadi, -dedi Endryu Forrest.

O‘zbekiston hukumati majburiy mehnat rasmiy siyosat ekanini inkor qilib keladi. Toshkent rasmiylarining bildirishicha, fuqarollar ixtiyoriy ravishda xashar yo‘li bilan paxta etishtirish va terishga chiqadi. Bu bilan ular go‘yoki o‘z fuqarolik mas’uliyatlarini bajarishga harakat qiladilar.

“Global qullik indeksi” hisobotida O‘zbekiston hukumati xalqaro tashkilotlar bosimi ostida “vaziyatni yaxshilashga harakat qilayotgani” ham esga olingan. “Biroq shunga qaramay 2015 yilda paxta terimiga 1 milliondan ortiq odam majburan jalb qilingan”, deyiladi hisobotda.

- O‘zbekiston markaziy hukumati paxta sanoatidan tushgan foydani o‘zi istaganiday bo‘lishtiradi. Bu foydani keltirgan odamlar, ya’ni paxta etishtirganlar va uni terganlar bu foydani bo‘lishtirishda hech qanday huquqlarga ega emaslar, - dedi Endryu Forrest.

2013 yildagi “Global qullik indeksi”da O‘zbekiston global miqyosda qullik kuchaygan davlat deb topilgan va 47- pog‘onaga qo‘yilgan edi. O‘tgan uch yil davomida O‘zbekiston bu indeksda 42 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilgan.

Hisobotda O‘zbekistondan oldingi to‘rt o‘rin Hindiston, Xitoy, Pokiston va Bangladeshga berilgan. Qiyoslash uchun aytadigan bo‘lsak, indeksda Rossiya 16-, Tojikiston 19-, Qozog‘iston va Qirg‘iziston 25-, Turkmaniston 37-o‘rinlarga qo‘yilgan.

Xalqaro tashkilot bugungi kunda butun dunyoda 45 million odam qullik sharoitida yashayotganini e’lon qilgan. Endryu Forrestning ma’lum qilishicha, 2014 yildan beri dunyoda “zamonaviy qullar” soni 10 million odamga ko‘paygan.

XS
SM
MD
LG