Линклар

logo-print

Tojikistonning Qabodiyon tumani turg‘uni Tojikistonda faoliyati taqiqlangan “24 guruhi”ga aloqadorlik va prezident Imomali Rahmon iste’fosini talab qilganlik uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Qabodiyonlik X.S.D.ga nisbatan hukm Dushanbening Ismoil Somoniy tuman sudi tomonidan o‘tgan hafta oxirida chiqarilgan, biroq bu haqda matbuotga endigina ma’lum bo‘lgan.

Ozodlikning tojik xizmati tuman sudida o‘z manbasiga tayangan holda xabar qilishicha, qabodiyonlik bu yigit Rossiyadan muhojirlikdan qaytganidan so‘ng shu yil yanvar oyi boshida qo‘lga olingan. Unga Tojikiston Jinoyat kodeksining 307-moddasi 2-qismi (Ekstremistik tashkilot faoliyatida ishtirok etganlik) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Endilikda u umrining besh yilini qattiq rejimli koloniyada o‘tkazadi.

Sud xulosasida qabodiyonlik bu yigit 2014 yili Rossiyaning Yekaterinburg shahrida “24 guruhi” tashkilotiga a’zo bo‘lgani va Imomali Rahmon iste’fosi talab qilingan aksiyalarda ishtirok etgani aytiladi.

“X.S.D. Yekaterinburg shahridagi “Strela” kinoteatri zalida o‘tgan “24 guruhi” ekstremistik tashkiloti majlisida ishtirok etgan. Bu majlisda bir necha kishi so‘zga chiqib, ishtirokchilarni Tojikistonga qaytish va hokimiyatni egallab olish maqsadida mitinglar uyushtirishga chaqirgan. O‘z chiqishlarida ular Tojikiston rahbariyati haqida nomaqbul gaplarni aytganlar va “Iste’fo”, “Iste’fo”, “Imomali Rahmon iste’fosi” deya qichqirganlar. X.S.D. ham boshqa tojikistonlik muhojirlar bilan birgalikda “Iste’fo”, “Iste’fo”, “Iste’fo”, deya hayqirgan”, deyiladi tuman sudi xulosasida.

Huquq himoyachilari hisobicha, shu kungacha Tojikistonda “24 guruhi”ga a’zolikda ayblanmish 20 dan ziyod kishi qamalgan. Rossiyada va boshqa postsovet o‘lkalarida Tojikiston rasmiylari so‘rovi bilan “24 guruhi” va “Yoshlar Tojikiston tiklanishi uchun” tashkilotlariga a’zo bo‘lganlik uchun 12 kishi qo‘lga olingan.

“24 guruhi” va “Yoshlar Tojikiston tiklanishi uchun” tashkilotlari amaldagi tojik rasmiylariga muxolifatdagi tashkilotlardir. Bu ikki tashkilot 2014 yil bahori va yozida Rossiya shaharlarida Imomali Rahmon yetakchiligidagi rasmiylarga qarshi norozilik tadbirlari o‘tkazganlar va o‘sha yilning 10 oktyabrida Dushanbe markaziy maydonida norozilik mitingi o‘tkazishga chaqirganlar.

O‘shanda miting o‘tmay qolgan, biroq shundan so‘ng “24 guruhi” xayrixohlariga nisbatan ta’qib-tazyiq boshlangan. 2014 yil oktyabrida Tojikiston Oliy sudi “24 guruhi” faoliyatini taqiqlab, uni ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatiga tirkagan.

“24 guruhi” rahbari Umarali Quvvatovni tojik rasmiylari avval Birlashgan Arab Amirliklaridan, keyin esa Turkiyadan ekstraditsiya qilinishiga erisholmadilar. U o‘tgan yilning 5 martiga o‘tar kechasi amalga oshirilgan suiqasd ortidan Istanbulda hayotdan ko‘z yumdi.

“Yoshlar Tojikiston tiklanishi uchun” tashkiloti rahbari Maqsud Ibrohimov esa 2014 yil dekabrida pichoqlangan, 2015 yil yanvarida esa sirli ravishda g‘oyib bo‘lgan. 2015 yil yoziga kelibgina tojik rasmiylari Ibrohimov Dushanbeda ekanini, sud qarori bilan 17 yilga qamalganini e’tirof etganlar.

XS
SM
MD
LG