Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:31

“Bunyodkor” chipta pulini qaytarish uchun 3 ta hujjat talab qilayapti


Bunyodkor stadioni oldida chipta kutayotgan futbol ishqibozlari
Bunyodkor stadioni oldida chipta kutayotgan futbol ishqibozlari

O‘zbekiston va Ekvatorial Gvineya futbol jamoalari o‘rtasida Toshkentda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘rtoqlik o‘yini bekor qilinganidan so‘ng, unga sotilgan chiptalarni muxlislarga qaytarish murakkablashtirildi. Hech qanday hujjat ko‘rsatmasdan chipta sotib olgan muxlislar endi pulini qaytarib olishi uchun bank rekvizitlari, pasport nusxasi taqdim qilib, “Bunyodkor” stadioni bilan dalolatnoma tuzishi kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi O‘zbekiston va Ekvatorial Gvineya jamoalari o‘rtasida 2 iyunda o‘tkazilishi mo‘ljallangan o‘yinni bekor qilganidan so‘ng, sotib olingan chiptalarni qaytarish tartibini o‘z saytida e’lon qildi.

Bu tartibga ko‘ra, chipta egasi xizmat ko‘rsatuvchi bankning tranzit hisob raqamini, propiska joyi ko‘rsatilgan pasport nusxasini va sotib olingan chiptani taqdim qilib, pulini qaytarib olish haqida “Bunyodkor” stadioni bilan dalolatnoma tuzadi.

Bu e’lon “Bunyodkor” stadionining kassalariga ham yozilgan bo‘lib, muxlislar keyingi dushanbadan boshlab murojaat qilishi mumkinligi aytilgan.

“Bunyodkor” stadionining o‘zini tanishtirmagan mulozimlaridan biri chiptalardan tushgan pullar bankka topshirib yuborilgani uchun uni naqd qaytarish imkoni yo‘qligini aytdi:

“Biz o‘yin boshlanishidan ancha oldin chiptalarni sota boshladik. Lekin o‘yin qoldirildi, degan xabar keldi. Endi chiptalar pulini muxlislarga qaytarish kerak. Lekin bor naqd pulni biz bankka topshirib yuborganmiz. Kimdir naqdga olgan, kimdir plastik kartochkasiga olgan. Shuning uchun buni aniqlab bo‘lmaydi va biz bank rekvizitlarini so‘rayapmiz. Chipta puli o‘shanga o‘tkaziladi”, dedi suhbatdosh.

Mulozim “propiska ko‘rsatilgan pasport kopiyasi nega ko‘rsatilishi kerak, nega dalolatnoma tuzish kerak?” degan savollarga javob berolmasligini aytdi:

“Siz bu savollaringizni bu o‘yinni tashkil qilgan O‘zbekiston Futbol federatsiyasi va terma jamoalar markaziga berishingiz kerak, bizning bunga mutlaqo aloqamiz yo‘q”, dedi mulozim.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasining matbuot xizmati rahbari Sherzod Rajabov esa chiptalar sotilishi va ularning egalariga qaytarish ishlariga O‘FF umuman aloqasi yo‘qligini aytdi:

- Federatsiya faqat o‘yinni o‘tkazish va tashkillashtirish bilan shug‘ullanadi. Chiptalarni esa “Bunyodkor” stadioni chiqaradi, sotadi. O‘yin tugagandan keyin terma jamoalar markaziga o‘tkazadi. “Bunyodkor” stadioniga federatsiya xo‘jayinlik qilolmaydi. Muxlislar barcha arzlarini “Bunyodkor” stadioni rahbariyatiga aytsin, xohlashsa ularni sudga bersin. Federatsiya bu masalada hech qanday yordam berolmaydi, dedi matbuot xizmati rahbari Sherzod Rajabov.

Ozodlik, Terma jamolar markazi bilan ham bog‘landi. Savolimizni eshitgan mulozim "bu savollarga javob yo‘q", dedida, aloqani uzdi.

Toshkentlik futbol muxlisi Azimjonning aytishicha, “Bunyodkor” stadioni rahbariyati va terma jamoalar markazi chiptalar pulini qaytarishni murakkablashtirish yo‘li bilan, muxlislar pulini o‘zida olib qolishni rejalashtirgan:

- Bu har bir muxlisning pulini olib qolishning ayyorona yo‘lidir. Bunda ikkita usul bor. Siz yoki o‘sha aytgan qog‘ozlarini to‘plab olib borib, soatlab navbat kutib pulingizni kartochkangizga qaytarasiz, yoki butunlay voz kechasiz. Bu erda muxlislar, menimcha, ikkinchi variantni tanlashi shubhasiz. Chunki, chiptaning narxi 15 ming so‘mdan 60 ming so‘mgacha. Buncha bosh og‘riqdan ko‘ra, odamlar bu puldan kechib qo‘ya qoladi. Keyin hammaning ham bank rekviziti yo‘q. Ular nima qiladi? Demak, kechib ketishdan boshqa chora yo‘q, deydi Azimjon.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham chipta pulining qaytarilishiga oid bahs-munozara tobora qizimoqda.

“Muftiyatdan so‘ranglarchi, terma jamoaning bekor qilingan o‘yiniga olingan bilet puli ro‘za fitr o‘rniga o‘tarmikan?”

“Voy-bu, Gvineyaga qarshi o‘yinning chiptasini qaytib olish shartlarini o‘qib, esim ketdi. Agar shu bilet menda bo‘lganida, esdalikka olib qo‘yardim.”

“Bechora O‘FF ham, terma jamoalar markazi ham, “Bunyodkor” stadioni ham og‘ir kunlarga qopti. Shu kuningdan ko‘ra, odamlarni sarson qilgandan ko‘ra, “chiptalarni saqlab qo‘yinglar, Gvineya bilan bo‘ladigan ... yildagi o‘yinga o‘tadi”, deb qo‘yishsa bo‘lardi”, deb yozadi muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda.

XS
SM
MD
LG