Линклар

Diniy idora ommaviy iftorlarni taqiqlashni hokimiyatga tavsiya qildi


Toshkentdagi Minor masjidida 2015 yilgi Ramazon oyida berilgan iftorlik

Toshkentdagi Minor masjidida 2015 yilgi Ramazon oyida berilgan iftorlik

Bu yilgi Ramazonning 6 iyundan boshlanishi kutilmoqda va arafada O‘zbekiston Musulmonlari idorasining umumiy ovqatlanish muassasalari va masjidlarda iftor o‘tkazishni taqiqlash haqida hokimiyatga tavsiya bergani ma’lum bo‘ldi. Toshkentdagi qator restoranlar iftor o‘tkazmaslik haqida hokimiyat tomonidan berilgan buyruq o‘zgarmaganini aytmoqda.

"Restoranda iftorlik bo‘lmaydi"

O‘zbekistonda Ramazon oyining 6 iyundan boshlanishi e’lon qilingan va diniy idora rahbariyati 5 iyun oqshomida bu sana o‘zgarishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmayotir.

Bu oy arafasida unga tayyorgarlik, fidya-fitr miqdori hamda iftorliklar masalasida berilgan savollarga javoblar asnosida O‘zbekistondagi restoran, kafe va oshxonalarda, bundan tashqari aholi uylari va masjidlarda iftor o‘tkazmaslik haqida Diniy idoraning Toshkent shahar hokimiyatiga tavsiya bergani ma’lum bo‘ldi.

- Hokimiyat bizning tavsiyamiz bilan restoran, kafelarda iftor o‘tkazishni taqiqlagan. Bu davlatning siyosati emas. Biz masalaning tarixidan kelib chiqib shunday tavsiya berganmiz. Payg‘ambarimiz zamonlarida saharlik qilib, og‘iz ochishga ovqat topolmay qoladigan odamlarga atab iftor qilingan. Bizning davrimizga kelib, dabdabaga aylanib ketdi. Shuning uchun biz tavsiya berganmiz va hokimiyatlar taqiqladi. Bu yil ham restoran, oshxonalarda iftorliklar bo‘lmaydi, - dedi diniy idora raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur.

Restoranlar iftor uchun buyurtma olmayotir

O‘zbekistondagi umumiy ovqatlanish muassasalarida iftorliklar o‘tkazish 2014-2015 yillarda keskin taqiqlandi va Ozodlikka bundan norozi bo‘lganlardan ko‘plab shikoyatlar kelgan.

Mijoz tariqasida bog‘langan Ozodlik muxbiriga javoban Toshkent shahridagi qator umumiy ovqatlanish muassasalari bu yil ham iftorliklar taqiqlanganicha qolayotganini tasdiqladi.

- Ikki yildan oshdi-ku, iftorlikka buyurtma olmayapmiz. Hokimiyatdan taqiqlangani haqida buyruq bor. Hozircha boshqa buyruq kelmadi, demak shunday turib hammasi, - dedi Toshkentning Chilonzor tumanidagi milliy taomlar tayyorlaydigan muhtasham restoranlardan birining ma’muri.

Uchtepa tumanidagi milliy taomlar restorani ma’muri aslida iftorliklar uchun ruxsat berilsa bo‘lardi, chunki talabgorlar ko‘p, deb fikr bildirdi:

- Shaharda hamma ishda, kunlar ham issiq. Hamma sharoit muhayyo restoranlarda. Avvallari bizga juda ko‘p zakaz tushardi. Boshida sal kamroq, lekin ikkinchi haftasidan boshlab, har kuni iftorlik bo‘lardi. Lekin endi davlat taqiqladi, bir narsani bilmasa taqiqlashmasdi-ku, to‘g‘rimi?! - dedi restoran ma’muri.

"Masjiddagi iftorlik - bid’at"

O‘tgan yili so‘nggi yillar ichida ilk bor Toshkentdagi masjidlarda iftorlik berilgani kuzatilgandi.

22 iyun kuni poytaxtliklar orasida "Oq masjid" nomini olgan "Minor" masjidida 500 kishilik iftorlik berilgan va masjid hovlisida yozilgan dasturxonlar va iftorlik uchun yig‘ilgan yuzlab ro‘zadorlar jamoati aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan edi.

Abdulaziz Mansurga ko‘ra, bu yil masjidlarda ham iftorliklar berilmaydi:

- Makkai Mukarramadagilarning hammasi uyi yo‘qligi uchun, o‘sha yerda iftor qiladi. Bizdagilarning hammasining uyi bor, iftorlikka aytilgan. O‘zining uyida iftorlik qilgani yaxshi. Masjidda iftorlik qilish - bid’atda! Bunaqasi tarixda bo‘lmagan. Yo‘q, masjidlarda iftorlik berilmaydi, - dedi Abdulaziz Mansur.​

"Xonadondagi katta izdihomda ham savob kam"

Diniy idora mulozimidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu yil ham o‘zbekistonlik musulmonlarga iftorlikni o‘z uyida oilasi yoki qarindosh-urug‘lari bilan ixcham qilib o‘tkazish tavsiya qilinadi:

- Oilasi, yaqin birodarlari, qarindosh-urug‘lari bilan ixchamgina qilib iftor qilish kerak. Qadimdan o‘zi och qolgan odamlarga atab, iftorlik berilgan. Hozirga kelib buni hamma to‘yxonalardagi dabdabaga aylantirib yuborgan. Biz aholiga tushuntiryapmiz, buning savobi yo‘q, - deydi idora mulozimi.

O‘zbekistonda aholi uylari, mahalla guzarlarida ko‘p kishilik iftorlarni o‘tkazish so‘nggi 3 yil ichida keskin cheklangani kuzatilmoqda. Iftorlik bermoqchi bo‘lgan shaxslar mahalla qo‘mitalarini ogohlantirishi va ulardan bir vakil ishtirokida, imkon qadar, kichik jamoalar uchun iftor berishi mumkin. Uyda bo‘ladigan iftorlik marosimi uchun 20 nafardan ortiq mehmon chaqirmaslik sharti qo‘yilgan.

Sizdirilgan qaror

Ramazon oyi arafasida O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 24 may kuni imzolagan "2016 yilgi Zakot, fitr sadaqa va fidya miqdori" bo‘yicha qaror matni hali Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tasdiqlanmay turib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi.

Diniy idora raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansurning aytishicha, aslida bu qaror matnining 3 may - juma kuni O‘zbekistonda e’lon qilinishi kutilayotgan edi.

Ayni paytda, 25 may kuni Facebook tarmog‘ida tarqalgan qaror matniga bildirilgan munosabatlarda fidya miqdorining fitr sadaqasidan baland qilib belgilangani tanqid qilindi.

Abdulaziz Mansurga ko‘ra, aslida o‘tgan yilgi fitr sadaqasi va fidya miqdori bu yil ham o‘zgarmagan:

- Katta o‘zgarish yo‘q, shu odatdagidek, 2 kilogram bug‘doyning bozordagi narxiga teng miqdorda - 4 ming so‘m qilib, fitr sadaqasi belgilandi. Bir kunlik fidya miqdori 10 ming so‘m. Fitrdan ko‘pligining sababi, avvallari 2 kilogram bug‘doy bilan odamlar qanoat qilib, kunini o‘tkazgan. Hozir 4 ming so‘m etmaydi, aslida 10 ming ham kam, 20 ming so‘m qilsak bo‘lardi. Lekin, har yili Ozodlikda ham aytiladi-ku, fidya miqdori ko‘payib ketibdi, ozayib ketdibdi, deb. Shunga kunlik yegulik uchun ketadigan harajatning eng kamini tanlab, 10 ming so‘m qildik. Zakot nisobini 85 gram tilla, deb yozib qo‘yishibdi, lekin, bu xato - 84 gram tilla miqdori, - deya izoh berdi idora mulozimi.

Quyida Abdulaziz Mansur bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Islomda muqaddas sanalgan Ramazon oyi ichida fitr sadaqasini to‘lash, ro‘za tuta olmaydigan xasta kishining bir kunlik yemagiga yetadigan miqdorda fidya berish farz amallardan hisoblanadi.

So‘nggi yillar davomida Ramazon oyining O‘zbekistonda qator cheklovlar bilan o‘tayotgani kuzatilmoqda.

Yuqorida aytilgani kabi, iftorliklar bo‘yicha cheklovlardan tashqari, aksar hududlarda Taroveh namozlarini ham faqat ruxsat berilgan jome masjidlarida o‘qish mumkin, boshqa masjidlar va aholi uylarida jamoat bo‘lib, Taroveh o‘qish taqiqlangan.

Bundan tashqari, Ramazon oyi davomida 18 yoshga to‘lmaganlarning Tarovehga qatnashi ham taqiqlangan. Hatto, Qo‘qon shahridagi kasb-hunar kollejlaridan birining o‘quvchisi 2014 yil 29 iyun kuni taroveh namozi uchun masjidga borganida 1 million so‘mgacha jarima solinishidan ogohlantirilgani aniqlangan edi.

Ramazon oylarida Toshkent shahrida o‘quvchilarning juma va Taroveh namozlariga bormasliklari uchun dars soatlari uzaytirilgani, ayrim maktab o‘qituvchilari masjidlar oldida navbatchilik ham qilgani kuzatilgan.

O‘zbekiston hukumati rasmiylari cheklovlarini bilvosita tan oladilar va buni yoshlarning ta’lim jarayonidan uzilishi, turli diniy oqimlarga berilishi, xususan, keyingi vaqtda O‘zbekistonda faollashgani kuzatilayotgan "Hizbut Tahrir" hamda "Jihodchilar" radikal guruhlar, mamlakat tashqarisidan xavf solib turgan "Islomiy davlat" terror guruhi tarafdorlari ta’siriga tushib qolishi oldini olish maqsadi bilan izohlaydilar.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi faollar va xalqaro tashkilotlar bu amaliyotni bolalar hamda ularning qonuniy vakillari bo‘lgan ota-onalarining fuqaroviy va diniy erkinliklari buzilishi sifatida qoralab keladilar.

XS
SM
MD
LG