Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:38

Majburiy tarzda 87 kun "psixdispanser"da saqlangan Yelena Urlaeva ozod etildi


Yelena Urlaeva (o‘rtada) O‘zbekistonda majburiy mehnatni bartaraf etish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan huquq faollaridan biri.
Yelena Urlaeva (o‘rtada) O‘zbekistonda majburiy mehnatni bartaraf etish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan huquq faollaridan biri.

Toshkentdagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida 2016 yilning 7 martidan beri majburiy ravishda ushlab turilgan taniqli huquq faoli Yelena Urlaeva 87 kunlik bandilikdan so‘ng 1 iyun kuni uyiga chiqarildi. Urlaevani kasalxonadan chiqarish uchun bir qator xalqaro tashkilotlar va Toshkentdagi xorij davlatlari elchixonalari harakat qilgan.

Toshkentlik mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulovaning ommaviy axborot vostalariga ma’lum qilishicha, Yelena Urlaevani ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi majburiy bandilikdan ozod qilish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonalari, O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi harakat qilgan.

Yelena Urlaeva Ozodlik radiosiga bergan suhbatida o‘zining ruhiy kasalliklar shifoxonasidan chiqarilishiga hissa qo‘shgan barcha xalqaro tashkilotlar va elchixonalarga minnatdorchilik bildirdi. Urlaevaning aytishicha, mazkur tashkilotlar aralashmaganida uni shifoxonada iyun oyi oxirlarigacha ushlab turish rejalashtirilgan ekan.

- Meni shifoxonada yanada ko‘proq ushlab turish rejalashtirilgan ekan. Menga ShHTning Toshkentda 23-24 iyundagi sammiti yakunlanguniga qadar shifoxonada qolishimni aytishgan. Xalqaro tashkilotlar aralashuvi bilangina meni ertaroq uyga chiqarib yuborishdi. O‘zim ham hayron bo‘ldim. Avvaliga iyun oyi oxirlarida meni komissiya qilishlarini aytishgan edi. Biroq 1 iyun kuni zudlikda komissiya chaqirishib, meni tekshirishib, uyimga ketishga ruxsat berishdi, - dedi Yelena Urlaeva.

O‘zbekistonda majburiy mehnatni bartaraf etish yo‘nalishida faoliyat yuritib kelayotgan Yelena Urlaeva joriy yilning 1 martida qarorgohi AQShda joylashgan Mehnatkashlar huquqlari xalqaro forumi mukofoti bilan taqdirlangani e’lon qilingan edi.

Mana shu voqeadan bir hafta o‘tib, ya’ni 7 mart kuni Urlaeva ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy ravishda olib ketilgan.

Malohat Eshonqulovaning aytishicha, Yelena Urlaevani 2 may kuni kasalxonadan chiqarishlari kerak edi. Biroq shifokorlar komissiyasi uning kasalxonada qolish muddatini yana asosiz ravishda uzaytirgan. Xalqaro mehnat haqlari forumi mukofotini topshirish marosimi Vashingtonda 12 may kuni o‘tkazilishi kerak edi.

- Urlaevaning ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilishi uning ruhiy holati bilan emas, balki kasbiy faoliyati bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Chunki O‘zbekistonda huquq faollarini qamash, ularga bo‘hton qilish yoki ruhiy kasalliklar shifoxonalarida majburiy ushlab turish odatiy holatga aylangan, - deydi Malohat Eshonqulova.

O‘zbekistonda huquq faollarini turli sabablar bilan majburan ruhiy kasalliklar shifoxonalarida saqlash an’anaga aylangan. Masalan, o‘tgan yilning mart oyida huquq faoli Aliqul Sarimsoqov ham Toshkentdan o‘g‘irlab ketilib, bir oy davomida Jizzax ruhiy kasalliklar shifoxonasida noqonuniy va majburiy tarzda saqlangan edi.

- Sud meni layoqatsiz, deb topib 2006 yilda ajrim chiqargan edi. Bu hukmni hali hech kim bekor qilgani yo‘q. Meni mana shu asosda majburan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib ketishdi. Biroq menda Moskvada o‘tkazilgan xalqaro ruxiy ekspertiza xulosasi bor. Unda ekspertlar mening ruhiy sog‘lom ekanimni tasdiqlashgan. Ammo bu hujjat O‘zbekistonda tan olinmayapti, -dedi Yelena Urlaeva.

Huquq faolining aytishicha, Toshkent shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasida dastlabki kunlari unga nisbatan noinsoniy munosabatda bo‘lingan. Urlaeva Ozodlik radiosiga o‘zini kasalxona xodimlari kaltaklagani haqida gapirib berdi. Urlaeva suhbat chog‘ida ruhiy kasalliklar shifoxonasida o‘ziga nisbatan bo‘lgan noinsoniy munosabat yuzasidan huquq-tartibot tuzilmalariga shikoyat yo‘llash niyatida ekanini bildirdi.

XS
SM
MD
LG